Connect with us

Mahalliy

Shavkat Mirziyoyev maktab o‘quvchilari va ustoz-murabbiylarga tabrik yo‘lladi

Published

on


O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz maktablari o‘quvchilari va ustoz-murabbiylariga tabrik yo‘lladi.

Qadrli farzandlarim!

Hurmatli ustoz va murabbiylar!

Muhtaram ota-onalar!

Avvalo, siz, azizlarni yurtimizdagi 10 mingdan ziyod maktablarda O‘zbekiston mustaqilligining 34 yillik bayramiga uyg‘un holda o‘tayotgan Bilimlar kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Ushbu shukuhli ayomda «Birinchi qo‘ng‘iroq»lar jarangi ostida ilk bor maktab ostonasiga qadam qo‘yayotgan 720 mingdan ortiq o‘g‘il-qizlarimiz va nabiralarimizni, ularning ota-onalarini alohida qutlab, o‘zimning eng ezgu tilaklarimni izhor etishdan g‘oyat mamnunman.

Hech shubhasiz, keyingi yillarda butun yurtimiz kabi maktablarimiz qiyofasi ham tubdan o‘zgarib, ular tom ma’noda Yangi O‘zbekiston timsoliga aylanib borayotgani barchamizni cheksiz quvontiradi. Chunki maktab qanchalik obod va charog‘on bo‘lsa, jamiyat hayoti shunchalik farovon, mazmunli va ma’rifatli bo‘ladi.

Shu ma’noda, mamlakatimizda ta’lim-tarbiya jarayonlari tobora takomillashib borayotgani, har yili ko‘plab yangi o‘quv maskanlari barpo etilayotgani, ularning moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib, maktab ishi umumxalq harakatiga aylangani — keyingi davrda erishgan eng katta yutuqlarimizdan biri, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Chindan ham, ko‘zlari ilmga havas va hayajon bilan chaqnab turgan sizdek azmu shijoatli yoshlarimizga yuksalish va kamolot, baxt va saodat eshiklarini ochib beradigan muqaddas dargoh — maktablarimiz ravnaqida biz xalqimiz, millatimizning yorug‘ kelajagini ko‘ramiz. Bugungi kunda o‘z oldimizga qo‘yayotgan katta-katta maqsadlarga erishishning asosiy omili, bosh kalitini, avvalo, ta’limda, maktablarimizda, deb bilamiz.

So‘nggi yillarda o‘quvchi yoshlarimiz hurmatli ustoz va murabbiylari bilan birgalikda ana shunday yuksak e’tiborni chuqur his etib, o‘qishda, ijodda, sportda, jamoat ishlarida muhim g‘alabalarni qo‘lga kiritayotgani bizga albatta qo‘shimcha kuch-g‘ayrat, ilhom va ishonch bag‘ishlaydi.

Ko‘plab maktab bitiruvchilari mamlakatimizdagi nufuzli oliy o‘quv yurtlari bilan birga xorijdagi yetakchi universitetlarga yuqori ball bilan o‘qishga kirayotgani, hayotda o‘z munosib o‘rnini topib, Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shayotgani hayotimizda maktabning, ustoz-murabbiylarning ahamiyati yanada ortib borayotganini ko‘rsatadi.

Ishonchim komil, siz, azizlar ana shunday ezgu an’analarni munosib davom ettirasiz va yuksak bosqichga ko‘tarasiz.

Hech qachon unutmang, maktab — bu mo‘’jiza, kitob, ustozlar o‘tadigan har bir dars – beqiyos xazinadir.

Oldingizga aniq maqsad qo‘yib, bor kuch-g‘ayratingiz, bilim va qobiliyatingiz bilan harakat qilsangiz, ko‘zlagan marralarga albatta yetasiz.

Bu yo‘lda sizlarga sihat-salomatlik, yutuq va zafarlar tilayman.

Yangi o‘quv yili barchangizga muborak bo‘lsin!



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Mahalliy

OTM va ilmiy muassasalar muassisligida «spin-off» korxonalar ochiladi

Published

on


Prezidentning tegishli farmoniga muvofiq, O‘zbekistonda yangi ishlanmalar asosida ishlab chiqarishni tashkil etish va ilm-fanni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi mexanizm joriy etilmoqda. Hujjatga ko‘ra, oliy ta’lim va ilmiy muassasalar muassisligida «spin-off» korxonalari tashkil etiladi.

Farmonda belgilanishicha, ushbu korxonalar innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish va ularni real iqtisodiyotga joriy etishda muhim vosita sifatida qaraladi.

Shu bilan birga, 2026-yil 1-maydan boshlab korxonalar ustav fondidagi davlat ulushini boshqarish funksiyasi muassislarga ishonchnoma asosida beriladi. Davlat ulushini 5 yil davomida xususiylashtirish taqiqlanadi.

Yangi tartibga ko‘ra, «spin-off» korxonalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayoni sezilarli darajada soddalashtiriladi. Xususan, davlat aktivlarini boshqarish agentligi qarori yoki raqobat qo‘mitasining oldindan roziligini olish talab etilmaydi.

Shuningdek, agar korxonalar muassislar tomonidan innovatsion jamg‘arma mablag‘lari hisobidan tashkil etilsa, ular venchur moliyalashtirish shakliga tenglashtiriladi. Farmonga ko‘ra, korxona jamoasi tarkibida professor-o‘qituvchilar, ilmiy xodimlar yoki talabalar ishtirok etishi shart.



Source link

Continue Reading

Mahalliy

Endi 30 yoshdan kattalarga ham chet tillari markazi ochishda foizsiz ssuda beriladi

Published

on


Prezident farmoniga muvofiq, chet tillariga ixtisoslashgan o‘quv markazlarini tashkil etishda beriladigan imtiyozlar doirasi kengaytirildi. Endi ushbu imkoniyatlar 30 yoshdan oshgan shaxslarga ham tatbiq etiladi.

Yangi tartibga ko‘ra, xorijiy tillar bo‘yicha kamida C1 darajadagi milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan fuqarolar olis va borish qiyin hududlarda o‘quv markazlari ochishi mumkin. Ularga 6 oylik imtiyozli davr bilan 3 yil muddatga foizsiz ssuda ajratiladi. Ssuda miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 320 baravarigacha etib belgilangan.

Farmonda ilmiy va innovatsion faoliyatni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha mexanizmlar ham nazarda tutilgan. Xususan, yangi ishlanmalarga asoslangan «spin-off» korxonalari reyestri joriy etiladi.

Reyestrga kiritilgan korxonalarga qator soliq va moliyaviy imtiyozlar beriladi. Agar korxona patentlangan ilmiy ishlanmalar asosida mahsulot ishlab chiqarsa, unga avval belgilangan preferensiyalar tatbiq etiladi.

Patentsiz ishlanmalar asosida faoliyat yurituvchi korxonalar esa 2026-yil 1-maydan 2029-yil 1-maygacha foyda solig‘ini 50 foizga kamaytirilgan stavkada to‘laydi.



Source link

Continue Reading

Mahalliy

Oliy ta’lim to‘g‘risidagi nizom yangidan tasdiqlandi

Published

on


Adliya vazirligi Oliy ta’limga oid idoraviy hujjatni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.

Mazkur hujjat bilan Oliy ta’lim to‘g‘risidagi nizom yangidan tasdiqlanib, unda oliy ta’lim tizimini tashkil etish, ta’lim jarayoni, boshqaruv, moliyaviy munosabatlar hamda talabalar va pedagog xodimlarning huquq va majburiyatlari belgilandi.

Nizomga ko‘ra, oliy ta’lim bakalavriat va magistratura bosqichlari orqali amalga oshiriladi.

Bakalavriat ta’limi kamida 3 yil davom etadi.

O‘qish muddati kunduzgi ta’lim shakliga nisbatan:


sirtqi ta’lim shaklida kamida 1 o‘quv yili;
kechki ta’lim shaklida kamida yarim o‘quv yili muddatiga ko‘proq bo‘lishi kerak.

Oliy ta’lim kunduzgi, masofaviy, dual, inklyuziv ta’lim va boshqa shakllarda amalga oshiriladi.

Bitiruvchilarning mehnat bozori talablariga mos bo‘lishini ta’minlash maqsadida o‘quv dasturlari va malaka talablari ish beruvchilar bilan hamkorlikda ishlab chiqiladi.

Talabalarga quyidagi huquqlar beriladi:


ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha takliflar kiritish;
ta’lim jarayoniga oid muhokamalarda ishtirok etish;
kutubxona va axborot resurslaridan bepul foydalanish;
xalqaro almashinuv va qo‘shma ta’lim dasturlarida qatnashish;
oliy ta’lim tashkiloti rahbariyati qarorlari ustidan shikoyat qilish;
mehnat qonunchiligiga muvofiq mehnat shartnomasi asosida oliy ta’lim tashkilotining o‘zida yoki boshqa tashkilotlarda ishlash;
kunduzgi ta’lim shaklida o‘qiyotgan talabalar stipendiya olish.

Oliy ta’lim tashkilotlarida talabalarni ta’lim olish bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb etish taqiqlanadi.

Talabalar oliy ta’lim tashkilotlarining ichki tartib-qoidalari va odob-axloq qoidalariga rioya qilishlari kerak.

Shuningdek, ta’lim jarayoni milliy kredit-modul tizimi asosida tashkil etilib, u Yevropa kredit transfer tizimiga moslashtiriladi.

Oliy ta’lim tashkilotlariga akademik, tashkiliy va moliyaviy mustaqillik beriladi.



Source link

Continue Reading

Mahalliy

Zo‘r odam bo‘lish uchun nima qilish kerak?

Published

on


Mendan ko‘pincha: «Birinchi o‘qigan kitobingizni eslaysizmi?»  deb so‘rashadi. To‘g‘risi, eslay olmayman. Ammo birinchi eshitgan, tinglagan kitoblarim yodimda. Ular kattalar tomonidan uzoq qish tunlari mehmonxonalarda, sandal yonida o‘qiladigan jangnoma kitoblar, ertaklar, qasidalar edi. Abu Muslim jangnomalari, Ibrohim Adham qissalarini jon qulog‘im bilan tinglardim. Bu kitoblar qayerda o‘qilayotgan bo‘lsa, o‘sha yerga tortinmay boraverardim.

Keyinroq o‘qigan kitoblarimni eslayman. Stefan Sveygning «Notanish ayol maktubi»ni kattalardan yashirib o‘qiganman. Fransuz ozodlik harakati yo‘lboshchilaridan biri – afsonaviy qahramon Janna d’Ark haqidagi kitobni o‘qiganimda kitob otlig‘ bu ilohiy ne’mat haqidagi tasavvurim yanada tiniqlashgan.

Favqulodda jasoratli bu ayol meni o‘ziga tamomila rom etgan. Johillar uni olovda kuydirishgani tushlarimga kirib chiqqan. Yillar o‘tib, yo‘lim Fransiyaga tushganida, Versal saroyining mahobatli zallaridan birida Janna d’Ark bilan yuzma-yuz keldim. Mohir mo‘yqalam ustasi Yangi Orlean uchun bo‘lgan jangning g‘olib qahramonini ot ustida shu qadar jonli tasvirlagan ediki, suyukli qahramonimning ko‘zida nur ko‘rganday, nafas olishi-yu, yurak urishini eshitib turganday bo‘ldim…

Hayot meni bir xulosaga olib keldi: ertak, sarguzasht kitoblarni ko‘p o‘qigan bola bilan kitob o‘qishga o‘rgatilmagan bolaning fe’l-atvorida keskin farq bo‘lar ekan. Kitobxon bolalarning nutqi ravon, fikrlash doirasi keng bo‘ladi, fe’lida mehribonlik, birovni behuda ranjitmaslik, jonzotlarga ozor bermaslik kabi xususiyatlarni ko‘rish mumkin.

Kitobga qiziqishimga muallimlarning «Zo‘r odam bo‘lish uchun ko‘p kitob o‘qish kerak», degan gapi sabab bo‘lgan. Zo‘r bo‘lish kimga yoqmaydi deysiz, qo‘limga nima tushsa, tanlamay o‘qiyverganman. Qirg‘iz tilida yozilgan bitta kitobni rosa qiyinchilik bilan oxiriga yetdim. Bilsam, u bahorda qo‘zilatish mavsumini qanday o‘tkazish kerakligi to‘g‘risida yosh cho‘ponlarga tavsiya ekan…

Bir kuni yuqori sinfda o‘qiydigan bolalar domlalardan yashirib bir nimani o‘qishayotganini sezib qoldim. So‘rasam «Bunaqa kitoblarni o‘qishga hali yoshsan», deb berishmadi. Bir amallab qo‘lga kiritdim. To‘xtasin Jalolovning «Oltin qafas» degan mo‘’jazgina, o‘sha yillar ko‘zi bilan qaraganda, ishqiy qissa ekan. Erta azonda Takavoytepaning naryog‘iga o‘tib, hech kimga ko‘rsatmay o‘qib chiqdim. Stefan Sveygning «Notanish ayol maktubi» kitobini ham shu taxlit, rus tili o‘qituvchimizning stolidan «bildirmasdan olib» o‘qiganman va shu shakkokligim sabab, «Fransuz tili o‘qituvchisi» filmining yosh qahramoniga aylanishimga sal qolgan.

Toshkent Davlat universitetiga o‘qishga kelgach, ko‘plab badiiy kitoblarni domlalarimizdan baho olish uchun zudlik bilan u yer-bu yerini  «cho‘qilab» chiqishga to‘g‘ri keldi. Tasavvur qiling: imtihonga ikki-uch kun qolganida tunni tun, kunni kun demay, Lev Tolstoyning «Urush va tinchlik», «Anna Karenina» asarlarini, Onore de Balzak, Emil Zolya, Fenimor Kuper va yana shu kabi o‘nlab klassiklarning yostiqday-yostiqday asarlarini o‘qib chiqishga, hech bo‘lmaganda mazmunini aytib berishga majbur bo‘lganmiz.

Xorijiy adabiyot bo‘yicha imtihonda menga Emil Zolyaning «Jerminal» asari tushib qolsa bo‘ladimi! Ochig‘i, bu asarni umrimda o‘qimagan edim, ammo bir to‘plamda ayni shu muallifning «Markizaning yelkalari» sarlavhali ishqiy essesiga ko‘zim tushgandi. Tavakkal qilib domlaga shu essening mazmunini o‘zimdan bir oz qo‘shib, ayrim  joylarini bo‘rttirib aytib berdim. Domla astoydil qiziqib qoldi va menga yaxshi baho qo‘ydi. Yillar o‘tib, «Urush va tinchlik»ni ham, «Anna Karenina»ni ham, Balzak, Heminguey, Drayzer, Bunin, Chexov, Gogol va boshqalarning mashhur asarlarini o‘zim uchun, ichki bir ehtiyoj sabab uchinchi marta o‘qishimga to‘g‘ri keldi. Bu o‘qish haqiqiy o‘qish bo‘ldi.

Kitob o‘qir ekanman, ulardan topgan dur-javohirlarim, anglagan haqiqatlarim, mutolaa jarayonida xayolimga kelgan ajoyib fikrlarni boshqalar bilan baham ko‘rish, bu buyuk tafakkur xazinasidan bahramand bo‘lmaganlarni kitobxonlikka chorlash men uchun yoqimli mashg‘ulotga aylandi. O‘zim uchun yangilik bo‘lgan so‘z va iboralarni, noyob voqea-hodisalar talqini, ulug‘ ajdodlarimizning hikmatli so‘zlari, xotirada to‘la saqlanishi qiyin bo‘lgan faktlarni yon daftarimga yozib boraman. Mendan bu dunyoda topgan va farzandlarimga qoldiradigan meros haqida so‘rasalar, hech ikkilanmay, ana shu yozuvlarimni aytgan bo‘lar edim…

Ahmadjon Meliboyev



Source link

Continue Reading

Mahalliy

Qishloq va suv xo‘jaligi muhandislari tayyorlashda yangi tizim joriy etiladi

Published

on


O‘zbekistonda qishloq va suv xo‘jaligi sohasi uchun muhandis kadrlar tayyorlash tizimi tubdan yangilanmoqda. Bu Prezidentning 2-aprelda qabul qilingan qarorida belgilab berilgan.

Qarorga muvofiq, 2026-yil 1-maydan «Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti» milliy tadqiqot universitetida ta’lim yangi formatlarda tashkil etiladi. Xususan, dual ta’lim asosida talabalar 6 oy davomida nazariy ta’limdan ajralgan holda amaliy tajriba o‘taydi.

Shuningdek, bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarida «4+2» shaklidagi amaliyot joriy etilib, u yil davomida nazariy bilimlar bilan uyg‘unlashtiriladi.

Qarorga ko‘ra, universitet professor-o‘qituvchilari va ilmiy xodimlari hududlarga biriktiriladi. Ular viloyat hokimlarining qishloq va suv xo‘jaligi bo‘yicha ilmiy maslahatchisi sifatida faoliyat yuritadi.

Talabalar uchun sayyor darslar amaliyoti ham kengaytiriladi. Ular qishloq va suv xo‘jaligi tashkilotlari hamda «Suvchilar maktabi» bazasida o‘tkaziladi.

Universitetda Istiqbolli loyihalar ofisi tashkil etilishi belgilangan. Shu bilan birga, 2026–2027-o‘quv yilidan maxsus tayyorlov kurslari yo‘lga qo‘yiladi. Unda STEAM, til bilimlari va akademik yozish kabi yo‘nalishlar qamrab olinadi. Mazkur kurslar bir yillik bo‘lib, xalqaro standartlarga muvofiq to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.

2027–2028-o‘quv yilidan maxsus tayyorlov kursini muvaffaqiyatli tugatgan talabalar universitetga imtihon asosida qabul qilinadi. Bu tizim kadrlar sifatini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Shuningdek, universitetga «texnikum–oliygoh» tamoyili asosida Toshkent geodeziya va kartografiya texnikumi biriktiriladi. Uning negizida yangi fakultet tashkil etiladi.

Bundan tashqari, «Suv diplomatiyasi» magistraturasi «Xalqaro suv diplomatiyasi» yo‘nalishiga aylantirilishi belgilangan. Bitiruvchilarga tegishli malaka berilishi ko‘zda tutilgan.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.