Jamiyat
Shavkat Mirziyoyev qatag‘on qurbonlarini yod etish marosimida ishtirok etdi (foto)
Mustaqil mamlakatda, ozodlik va osoyishtalik muhitida yashab, bayramlar qilar ekanmiz, bu kunlarni bizga sog‘ingan, buning uchun kurashgan insonlar beixtiyor yodimizga tushadi. Millatning xotirasi, g‘ururi, vijdoni borki, ularning fidoyiligi beiz ketmaydi, avlodlar tomonidan hamisha e’zozlanadi.
Istiqlol bayrami arafasida o‘tadigan Qatag‘on qurbonlarini yod etish kunida ana shunday teran mohiyat mujassam.
Ushbu sana munosabati bilan 29-avgust kuni Shahidlar xotirasi xiyoboniga davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar, ziyolilar yig‘ildi.
Marosimda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.
Vatan fidoyilari haqiga Qur’on tilovat qilindi. Elga osh tortildi.
Xiyobondagi ramziy qabr yonida ham Qur’on tilovat qilindi. Shu yerda ulamo va ziyolilar bilan tarixni o‘rganish va yoshlarga o‘rgatish, mustaqillik va tinchlikni qadrlash haqida muloqot bo‘ldi.
— Har yili Mustaqillik bayrami arafasida Vatan ozodligi yo‘lida jon fido etgan ota-bobolarimiz haqlariga duo qilamiz. Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun kurashgan qahramon ajdodlarimiz jasorati biz uchun doimo ibrat maktabi bo‘lib qoladi, — dedi davlatimiz rahbari.
Ma’lumki, o‘sha mash’um yillarda 100 mingdan ziyod begunoh vatandoshimiz qatag‘on qilingan. Minglab yurtdoshlarimiz “xalq dushmani” degan nohaq ayblov bilan otib tashlangan, undan ham ko‘pi surgun qilingan. Ularning ortidan minglab ayollar beva, bolalar yetim bo‘lib qolgan. Oradan qariyb bir asr o‘tgan bo‘lsa-da, o‘sha mudhish davrni chuqur iztirob bilan esga olamiz.
Bular bugungi erkin hayotimizni yanada qadrlashga, mustaqillikni mustahkamlashga undashi ta’kidlandi.
— Vatanimiz fidoyilarini ulug‘lash, xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha ko‘p ishlar qilyapmiz, — dedi Shavkat Mirziyoyev. — So‘nggi sakkiz yilda 1 ming 200 dan ziyod jafokash bobolarimiz nomi oqlandi. «Qatag‘on qurbonlari xotirasi» muzeyi rekonstruksiya qilinib, minglab yangi hujjatlar bilan to‘ldirildi. Hududlarda ham shunday muzeylar tashkil etildi. Bu yil jadidchilik harakatining yo‘lboshchisi Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligini nishonlayapmiz. Buxoro shahrida Jadidlar merosi davlat muzeyi tashkil qilinmoqda.
Endi bularning mazmunini, “tirik” tariximizni xalqimizga kengroq yetkazish kerak.
Mana, o‘tgan yildan e’tiboran, har yili oktyabrning birinchi haftasini Siyosiy qatag‘on qurbonlarini yod etish haftaligi sifatida belgiladik. Bu yil ushbu tadbir Xotira va tarbiya haftaligi sifatida o‘tkaziladi. Xo‘sh, bu haftalikda xalqimizga nimalarni yetkazamiz, yoshlarimizga nimani o‘rgatamiz? Tarixchi olimlar, yozuvchi-shoirlar bilan birga buni chuqurroq o‘ylab, xalqchil, ommabop qilib yo‘lga qo‘yish kerak. Maktab va universitetlarda qo‘shimcha darslar, telekanallarda maxsus ko‘rsatuvlar berish, yoshlar o‘rtasida tanlovlar o‘tkazish mumkin. Mustaqillik qanday buyuk ne’mat ekanini, qanday kuchli ajdodlarimiz borligini elning qon-qoniga singdirish kerak. Agar yoshlarimiz ruhan kuchli bo‘lsa, o‘z oldiga katta maqsadlar qo‘yadi, fanlarniyam yaxshi o‘rganadi, yetuk shaxslar bo‘lib yetishadi.
Bu borada millat oydinlari hayotini o‘rganish g‘oyat muhim ekani ta’kidlandi.
— Jadid bobolarimiz har sohada ilg‘or edi. Birinchi o‘zbek romani, teatr va kino asarlari, turli fanlar bo‘yicha darsliklarni aynan ular yaratgan. O‘tgan asrning 20-yillarida Germaniyada tahsil olgan turkistonlik talabalar qatag‘on qilinmaganida, butun jamiyatni o‘zgartirardi. Bor tariximizni to‘g‘ri yetkaza olsak, yoshlarimiz boshqa qahramon izlamaydi, yetuk bobolarimiz buning uchun tayyor namuna, — dedi Prezident.
Bunday ma’naviy asos umummilliy birlik va barqarorlik uchun ham zarur. Bugun dunyodagi vaziyat tahlikali bo‘lib boryapti. Davlatlarning mustaqilligiga tahdidlar paydo bo‘lyapti. Bularning barchasi bizdan doimo ogoh va hamjihat bo‘lib, islohotlarni izchil davom ettirishni talab qiladi.
Yaratganga shukrlar bo‘lsinki, yurtimiz tinch, odamlar ertangi kunga ishonch bilan yashayapti. Bu — eng katta boyligimiz.
Ulamolar yurtimizdagi shu tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka barqaror bo‘lishini tilab duolar qilishdi.
Jamiyat
Prezident mahallalarda jinoyatchilikni kamaytirish bo‘yicha yangi vazifalarni belgiladi
Prezident huzurida o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qilinishicha, so‘nggi uch yilda kriminogen vaziyati og‘ir bo‘lgan 1 162 ta mahallaning 571 tasida joriy yilda birorta ham jinoyat sodir etilmagan. Endi ushbu tajriba asosida yangi metodika ishlab chiqilib, u avvalo kriminogen vaziyati og‘ir mahallalarda joriy etiladi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 16 iyul kuni “mahalla yettiligi” faoliyatini yangicha tashkil qilish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Mahallalarda jinoyatchilikni jilovlash bo‘yicha yaratilgan tizim o‘z natijasini berayotgani qayd etildi. So‘nggi uch yilda kriminogen vaziyati og‘ir bo‘lgan 1 ming 162 ta mahallaning 571 tasida bu yil birorta jinoyat sodir etilmadi.
Ta’kidlanishicha, bunga videokameralar o‘rnatilib, xavfsiz ko‘cha va yo‘laklar tashkil qilingani, aholi muammolari ilmiy asosda hal etilgani, oilalarga psixologik yordam ko‘rsatilgani natijasida erishildi.
Endi jinoyatchilikni jilovlashga mas’ul ilmiy tashkilotlar bilan birga namunali mahallalar tajribasi asosida metodika ishlab chiqiladi. Yil davomida “qizil” va “sariq” toifadagi mahallalar profilaktika inspektorlari ushbu metodika bo‘yicha joyiga borib o‘qitiladi.
Namangan viloyatida profilaktika inspektorlariga yonkameralar berilib, planshetlariga integratsiya qilingan tajriba ham ijobiy natija bergan. Bu orqali fuqarolar shaxsini aniqlash, ma’muriy bayonnoma to‘ldirish va sudga material yuborish avtomatlashgan.
Natijada profilaktika inspektorlarining ish yuklamasi qisqarib, ayrim mahallalarda jinoyatlar 10 tadan 5 taga kamaygan. Mazkur tajribani yil yakunigacha Namangan viloyatida to‘liq, qolgan hududlarda esa kriminogen vaziyati og‘ir bo‘lgan 448 ta mahallada yo‘lga qo‘yish vazifasi belgilandi.4
Jamiyat
Toshkent atrofida yangi «yashil belbog‘»lar barpo etiladi
Toshkent shahri va unga tutash hududlarda «Yashil belbog‘» loyihasining navbatdagi bosqichi amalga oshiriladi. Unga muvofiq, yangi yashil hududlar barpo etilib, iqlimga mos, qurg‘oqchilikka chidamli daraxt va buta ko‘chatlari ekiladi.
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ma’lum qilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahri atrofida «yashil belbog‘»lar tashkil etish hamda yo‘l yoqalarida tabiiy o‘sib chiqqan daraxt va buta nihollarini saqlab qolish yuzasidan bildirilgan fikrlar o‘rganilgan.
Qayd etilishicha, prezidentning farmon va qarorlariga muvofiq, 2022–2026 yillarda Toshkent shahrida 1 million 350 ming tupdan ortiq daraxt va buta ko‘chatlari o‘tqazilgan. 2025–2026 yillarda esa poytaxt va unga tutash hududlarda Bektemir tumanida 38 ming, Toshkent tumanida 20 ming, Yangihayot tumanida 2,1 ming va Qibray tumanida 100 ming tup daraxt ekilgan. Shuningdek, 4R–21 avtomobil yo‘li yoqasida ham 2 mingdan ziyod manzarali daraxt va buta ko‘chatlari o‘tqazilgan.
2026–2027 yillarda Yangihayot tumanida 21,21 gektar, Sergeli tumanida 6,81 gektar, Bektemir tumanida 40,1 gektar hamda Chirchiq daryosining Mirzo Ulug‘bek, Yashnobod va Bektemir tumanlari hududidan o‘tuvchi qismi bo‘ylab 100 gektar maydonda yangi «yashil belbog‘»lar tashkil etish rejalashtirilgan.
Shuningdek, prezidentning 2026 yil 25 martdagi farmoniga muvofiq, Toshkent shahri va viloyatida botanika hamda dendrologiya bog‘larini tashkil etish uchun jami 385,3 gektar yer maydoni ajratiladi. Vazirlar Mahkamasining qarori asosida esa poytaxtda umumiy maydoni 139,6 gektar bo‘lgan to‘qqizta yangi jamoat bog‘ini barpo etish belgilangan.
Ekologiya qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, «Yashil belbog‘» loyihasi doirasida 2045 yilga qadar Toshkent shahri va unga tutash hududlarda kamida 58 ming gektar maydonda intensiv himoyaviy o‘rmonzorlar tashkil etish rejalashtirilgan. Buning uchun 50 million tupdan kam bo‘lmagan iqlimga mos, qurg‘oqchilikka chidamli va changni yaxshi ushlab qoluvchi daraxt hamda buta ko‘chatlari ekilib, ularning yashovchanligini 85 foizga yetkazish maqsad qilingan.
Mas’ullar ta’kidlashicha, «yashil belbog‘» loyihasi faqat ko‘chat ekish bilan cheklanmaydi. Uning doirasida yashil hududlarning huquqiy muhofazasini kuchaytirish, suv tejovchi sug‘orish tizimlarini joriy etish, havo sifati va yashillik qoplamini muntazam monitoring qilish, shuningdek, yo‘l yoqalarida tabiiy o‘sib chiqqan daraxt va buta nihollarini saqlab qolish choralari ham amalga oshiriladi.
Jamiyat
Mustaqillik shohko‘chasida harakat sxemasi vaqtincha o‘zgaradi
Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Mustaqillik shohko‘chasida rekonstruksiya ishlarining navbatdagi bosqichi boshlanishi munosabati bilan transport harakati sxemasi vaqtincha o‘zgartiradi. Ta’mirlangan yo‘l qismi harakat uchun ochilsa, ko‘chaning qarshi yo‘nalishida qurilish-ta’mirlash ishlari olib boriladi.
Toshkent shahar hokimligi ma’lum qilishicha, Mustaqillik shohko‘chasida yo‘l infratuzilmasini yaxshilash, transport oqimini tartibga solish va jamoat transporti harakati uchun qulay sharoit yaratish maqsadida qurilish-ta’mirlash ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
Avvalgi bosqichda ko‘chaning bir tomonidagi qatnov qismi to‘liq ta’mirlanib, yo‘l qoplamasi yangilandi. Shuningdek, ko‘cha bo‘ylab muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va boshqa infratuzilma obektlarini takomillashtirish ishlari ham davom etmoqda.
Endi esa ko‘chaning ikkinchi tomonida ta’mirlash ishlarini boshlash uchun harakat tartibi o‘zgartiradi.
Shu munosabat bilan 2026 yil 16 iyul soat 01:00 dan 31 iyul soat 22:00 gacha Mustaqillik shohko‘chasining Parkent ko‘chasi kesishmasidan Mirzo Ulug‘bek ko‘chasi chorrahasigacha bo‘lgan qatnov qismi transport vositalari harakati uchun vaqtincha yopiladi.
Ayni paytda 16 iyul soat 02:00 dan qurilish-ta’mirlash ishlari yakunlangan Mirzo Ulug‘bek ko‘chasi kesishmasidan Oqqo‘rg‘on ko‘chasigacha bo‘lgan yo‘nalish barcha transport vositalari harakati uchun qayta ochiladi.
Ma’lum qilinishicha, vaqtinchalik cheklovlar Mustaqillik shohko‘chasini to‘liq va sifatli rekonstruksiya qilish, harakat xavfsizligini oshirish hamda haydovchilar, yo‘lovchilar va piyodalar uchun zamonaviy va qulay yo‘l infratuzilmasini yaratish maqsadida joriy etilmoqda.
Mas’ullar haydovchilardan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan noqulayliklar uchun uzr so‘rab, yo‘nalishlarini oldindan rejalashtirishni tavsiya qildi.
Jamiyat
Bo‘stonliqda ko‘knori plantatsiyasi fosh etildi
Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 17,6 ming tup ko‘knori va 9 tup kannabis yetishtirilgan yashirin plantatsiya aniqlandi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Foto: Videodan kadr / DXX
Davlat xavfsizlik xizmati hamda Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan «Xavfsiz va sog‘lom yurt» keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi navbatdagi tezkor tadbir o‘tkazildi.
Tadbir davomida Bo‘stonliq tumanida yashovchi 1971 yilda tug‘ilgan fuqaro taqiqlangan ko‘knori o‘simligini ekib, parvarishlab kelayotgani aniqlangan.
Gilavasoy qishlog‘i tog‘ yonbag‘irlarida joylashgan yer maydoni ko‘zdan kechirilganda, jami 17 600 tup ko‘knori va 9 tup kannabis o‘simligi mavjudligi ma’lum bo‘lgan.
Shuningdek, gumonlanuvchining yashash xonadoni tintuv qilinganda, quritilgan ko‘knori boshoqlari hamda quritib, maydalangan holda saqlanayotgan ko‘knori ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holat yuzasidan fuqaroga nisbatan Jinoyat kodeksining 270-moddasi 2-qismi «v» bandi hamda 25, 273-moddasi 6-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda tergov harakatlari davom etmoqda.
Jamiyat
Serra-Leonedan yuborilgan kokain Toshkentda ushlandi
Toshkent shahrida Serra-Leonedan kurerlik jo‘natmasi orqali olib kirilgan 728 gramm kokain musodara qilindi. Giyohvandlik vositasi avtoehtiyot qismlari ichiga yashirilgan bo‘lib, uni qabul qilib olgan shaxs qo‘lga olindi.
Foto: Videodan kadr / DXX
Davlat xavfsizlik xizmati hamda Bojxona organlari xodimlari tomonidan «Xavfsiz va sog‘lom yurt» keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi navbatdagi tezkor operatsiya o‘tkazildi.
Ma’lum qilinishicha, Serra-Leone davlatidan yuborilgan kurerlik jo‘natmasini Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanidagi xususiy kurerlik xizmati orqali qabul qilib olmoqchi bo‘lgan Yashnobod tumanida yashovchi, 1983 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan shaxs ushlangan.
Tekshiruv davomida avtoehtiyot qismlari ichiga yashirilgan 728 gramm kokain borligi aniqlanib, giyohvandlik vositasi protsessual tartibda musodara qilindi.
Shuningdek, gumonlanuvchining yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganda, zip-paketlarga joylangan kukunsimon moddalar hamda tarkibida narkotik moddalar mavjud bo‘lgan shirinliklar ashyoviy dalil sifatida olindi.
Hozirda mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 246-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari davom etmoqda.
-
Sport5 days agoAngliya-Norvegiya bahsi boshlanish vaqti kechiktirilishi mumkin
-
Dunyodan5 days ago
Frantsiyada ko’pchilik qo’rqqan narsa yuz berdi.
-
Jamiyat5 days agoBektemir tumanida «zakladchik»lar qo‘lga olindi
-
Jamiyat3 days agoToshkent metrosiga yana 3 ta zamonaviy poyezd qo‘shildi
-
Siyosat3 days ago
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qatar amiriga ta’ziya bildirdi
-
Sport4 days agoAngliya Norvegiyani turnirdan chiqarib yubordi
-
Sport4 days agoInfantino yana JCh ishtirokchilari sonini oshirish g‘oyasi haqida gapirdi
-
Jamiyat4 days ago
Bugun ayrim hududlarda chang-to‘zon kuzatiladi, havo 43 darajagacha isiydi
