Iqtisodiyot
Prezident tadbirkorlar bilan uchrashuvi yakunlari bo‘yicha farmon imzoladi
Farmondagi topshiriqlar ijrosini kechiktirgan mas’ullarga ijro uchun belgilangan muddat tugagan kundan boshlab ijro etilmaguncha barcha rag‘batlantirish to‘lovlari to‘xtatib qo‘yiladi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
“O‘zbekiston Respublikasi prezidentining tadbirkorlar bilan V ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” prezident farmoni qabul qilindi.
Soliqlar bo‘yicha yengilliklar
2025 yil 1 avgust holatiga “Soliq xavfini aniqlash, tahlil qilish va baholash” tizimi orqali soliq tekshiruvlariga nomzod sifatida shakllangan va soliq xavfi 16 trillion so‘m bo‘lgan 20 mingdan ortiq sub’yektga soliqqa oid huquqbuzarlik alomatlarini ixtiyoriy bartaraf etish imkoniyati berilgan holda, ushbu ro‘yxat 2025 yil 1 noyabr holatiga qaytadan shakllantiriladi.
2026 yil 1 yanvardan boshlab aylanmadan olinadigan soliq to‘lovidan ilk marta qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘loviga o‘tgan tadbirkorlik sub’yektlariga quyidagi rag‘batlantirish choralari qo‘llanadi:
1 yil davomida foyda solig‘ini to‘lashdan ozod qilish;
1 yil davomida QQS to‘lovchisi sifatida soliq organlarida hisobga qo‘yish tartibini buzganlik uchun moliyaviy jarima qo‘llamaslik;
6 oy davomida buxgalteriya xizmatlari xarajatlarining har oyda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 3,5 baravaridan oshmagan qismini to‘layotgan soliq to‘lovlari hisobidan chegirib tashlash.
2026 yil 1 yanvardan boshlab soliq majburiyatlarini bajarishning quyidagi proaktiv tartibi joriy etiladi:
yuridik shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i va yer solig‘i, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i va ijtimoiy soliq bo‘yicha soliq hisobotlarini shakllantirish vazifasi soliq organlariga o‘tkaziladi va ushbu majburiyat soliq to‘lovchilar uchun bekor qilinadi;
soliq organlari tomonidan shakllantirilgan soliq hisobotlariga soliq to‘lovchi tomonidan 5 ish kuni ichida zarur tuzatishlarni kiritish va tuzatish kiritilgan soliq hisobotini taqdim etish huquqi beriladi.
Farmonga binoan, bundan buyon:
foyda solig‘i bo‘yicha har oy bo‘nak to‘lovlarini to‘lashi lozim bo‘lgan tadbirkorlik sub’yektlari daromadining chegaraviy miqdori 10 milliard so‘mdan 20 milliard so‘mga oshiriladi;
tadbirkorlik sub’yektlari o‘z mablag‘lari hisobidan ijtimoiy infratuzilma tarmoqlari qurib, beg‘araz topshirganda, ushbu obektlar uchun qilingan xarajatlar foyda solig‘i bazasidan kamaytiriladi;
tadbirkorlik sub’yektlarining soliq auditi natijalari bo‘yicha moliyaviy sanksiyalarni 6 oy ichida teng ulushlarda to‘lash huquqi sayyor soliq tekshiruvi natijalari bo‘yicha moliyaviy sanksiyalarga ham tatbiq etiladi.
2025 yil 1 noyabrdan boshlab umumiy ovqatlanish korxonalari va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qiluvchi korxonalar uchun belgilangan jismoniy shaxslardan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari naqd pulga xarid qilinganda, ushbu tovarlar uchun kirim hujjatlarini elektron shaklda rasmiylashtirish tartibi barcha tadbirkorlik sub’yektlariga tatbiq etiladi.
2026 yil 1 yanvardan boshlab, sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazishda mobil videokameradan foydalanish majburiy hisoblanadi. Mobil videokameradan foydalanmasdan o‘tkazilgan sayyor soliq tekshiruvlari noqonuniy hisoblanadi.
Soliq qo‘mitasi 2 oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritishi kerak:
soliq hisobotini o‘z vaqtida taqdim etmaganlik uchun ma’muriy jarima miqdorini kichik tadbirkorlik sub’yektlarining mansabdor shaxslariga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan 3 baravariga tushirish, fuqarolar uchun bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravaridan 1 baravariga tushirish;
hisobot davrida bir nechta soliq turlari bo‘yicha soliq hisobotlari taqdim etilmagan holatda, barcha taqdim etilmagan hisobotlar bo‘yicha umumiy bitta jarima qo‘llash;
oxirgi 3 oyda soliq hisobotlarini o‘z vaqtida taqdim etib kelgan tadbirkorlik sub’yektlariga soliq hisobotini o‘z vaqtida taqdim etmaganlik uchun ma’muriy jarimani 5 kungacha qo‘llamaslik.
Tadbirkorlik sub’yektlariga iqtisodiy va ma’muriy sudlarga eksterritorial tartibda murojaat qilish imkoniyati yaratiladi. Tegishli qonunni Oliy sud Biznes-ombudsman bilan birgalikda 2025 yil yakuniga qadar kiritishi kerak.
Moratoriy
Farmon asosida, tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha muddati o‘tgan debitor qarzdorlik uchun ustav kapitalida davlat ulushi bo‘lmagan xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga jarimalar qo‘llash va undirishga 2027 yil 1 yanvarga qadar moratoriy e’lon qilindi.
Moratoriy davrida muddati o‘tgan debitor qarzdorlik holatlari bartaraf etilganda, qo‘llanilgan jarimalar bekor qilinadi.
Davlat mulki ijarasi
2026 yildan boshlab:
davlat ko‘chmas mulkidan foydalanganlik uchun ijara to‘lovining eng kam miqdori hududda shakllangan ijara to‘lovining minimal bozor narxidan kelib chiqib belgilanadi;
davlat ko‘chmas mulkini ijaraga berish muddati 3 yildan 5 yilgacha oshiriladi.
Texnik tartibga solish
Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorovga 2 oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi qaror loyihasini kiritish topshirildi:
sanitariya, fitosanitariya va veterinariya (SPS) sohasida yagona davlat boshqaruvini tashkil etish, “daladan dasturxongacha” tamoyili asosida samarali nazorat tizimini joriy etish, ruxsat berish hujjatlarini “xavfni tahlil qilish” tizimi asosida “bir darcha” tamoyili orqali rasmiylashtirish, barcha jarayonlarni raqamlashtirish;
texnik tartibga solish sohasini tubdan isloh qilish, xalqaro standartlarga mos texnik reglamentlar va deklaratsiya tizimini keng joriy etish, nufuzli xalqaro laboratoriyalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun sharoitlar yaratish.
Turizm
2026 yildan Turizmni rivojlantirish dasturi boshlanadi.
2026–2028 yillarda joylashtirish vositalarini tashkil qilish uchun kamida 5 ming gektar yer uchastkalari elektron onlayn auksionga chiqariladi. Bunda:
yer uchastkalarining auksion savdolarida shakllangan narxidan kelib chiqib, quriladigan mehmonxona ustav kapitalining 50 foizidan oshmagan qismigacha davlat ulushi bilan sherik bo‘lib kirish mexanizmi joriy qilinadi;
davlat ulushini 10 yil davomida bozor qiymatida mulk ishtirokchisi yoki boshqa salohiyatli investorlarga realizatsiya qilish imkoniyati yaratiladi.
2026–2028 yillarda tijorat banklari tomonidan barcha toifadagi tadbirkorlik sub’yektlariga mehmonxona qurish uchun 7 yil muddatgacha quyidagi miqdorlarda kreditlar ajratiladi:
viloyat markazlari, Toshkent va Nukus shaharlari, turizmga ixtisoslashgan tuman (shahar)larda qurilayotgan mehmonxonalar uchun – 30 mlrd so‘mgacha;
boshqa hududlarda – 10 mlrd so‘mgacha.
Bunda, “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ tomonidan:
30 milliard so‘mgacha kreditlarning 50 foiziga, biroq 10 milliard so‘mdan oshmagan miqdorigacha kafillik taqdim etiladi; Markaziy bank asosiy stavkasining 2 baravaridan oshmagan stavkada milliy valutada ajratiladigan kreditlarning asosiy stavkadan 4 foizlik punkt yuqori, biroq 8 foiz punktigacha bo‘lgan qismi qoplab beriladi;
10 milliard so‘mgacha kreditlarning 50 foiziga kafillik taqdim etiladi; Markaziy bank asosiy stavkasining 2 baravaridan oshmagan stavkada milliy valutada ajratiladigan kreditlarning asosiy stavkadan 4 foizlik punkt yuqori, biroq 10 foiz punktigacha bo‘lgan qismi qoplab beriladi.
Kompensatsiya to‘lovlari “2+3” tamoyili asosida avval kreditning dastlabki 2 yiliga taqdim etiladi, keyingi 3 yil davomida mehmonxona xizmatlarini ko‘rsatishdan tushgan yillik tushum 15 foiz va undan ortiq miqdordan oshgan taqdirda amalga oshiriladi.
Har yili sayyohlarning eng ko‘p e’tiborini qozongan va nufuzli xalqaro platformalarda ijobiy e’tirof etilgan joylashtirish vositalarini aniqlash va taqdirlash bo‘yicha mukofot jamg‘armasi 1 million AQSh dollariga teng tanlov o‘tkaziladi.
2026 yil 1 yanvardan boshlab:
respublika tuman va shaharlarida (viloyatlar markazlari, Toshkent va Nukus shaharlari, Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxatga kiritilgan turizm salohiyati yuqori bo‘lgan tuman (shahar)lar va turistik zonalar bundan mustasno) joylashgan joylashtirish vositalari uchun turistik (mehmonxona) yig‘imni hisoblash va to‘lash tartibi bekor qilinadi;
oilaviy mehmon uyi sifatida tan olish uchun bir vaqtning o‘zida vaqtincha yashash va (yoki) ovqatlanish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish mumkin bo‘lgan tashrif buyuruvchilar (turistlar) soni bo‘yicha belgilangan chegara miqdori 10 nafardan 20 nafarga oshiriladi;
tadbirkorlik sub’yektlarining yangi mehmonxonani qurish va jihozlash uchun ketgan xarajatlarining bir qismini Davlat budjetidan qoplab berish tizimi mehmonxonani qo‘shimcha bino va inshootlar qurish orqali kengaytirish yoki mavjud bino va inshootlarning ixtisoslashishini mehmonxona faoliyatiga o‘zgartirishga ham tatbiq etiladi.
Moliyaviy resurslar
2026–2027 yillarda tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, zarur moliyaviy va infratuzilmaviy sharoitlarni yaratish uchun jami 270 trillion so‘m yo‘naltiriladi. Xususan:
erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalarining, shuningdek, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi yirik ishlab chiqarish loyihalarining infratuzilmasini rivojlantirish uchun Davlat budjetidan 4 trillion so‘m;
drayver loyihalar doirasida – 5 trillion so‘m;
tanlab olingan tuman va shaharlarni jadal rivojlantirish dasturlari uchun – 6 trillion so‘m;
tijorat banklari tomonidan kichik va o‘rta biznes uchun – 250 trillion so‘m, shu jumladan, tadbirkorlik dasturlari doirasida 30 trillion so‘m;
“Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ tomonidan kamida 5 mingta tadbirkorlik loyihalarini amalga oshirish uchun – 4 trillion so‘mlik moliyaviy qo‘llab-quvvatlash choralari.
Farmon ijrosini ta’minlash
Farmonning ilovalari bilan, ishlab chiqiladigan qonunchilik hujjatlari loyihalari ro‘yxati va amaliy tadbirlar rejasi tasdiqlandi. Kun.uz mazkur xabarni e’lon qilayotgan vaqtda, farmon ilovalari ochiq manbalarda hozircha keltirilmagan.
Farmondagi topshiriqlarni to‘liq bajarmagan, kechiktirib bajargan yoki ijrosini ta’minlamagan vazirlik va idoralar rahbar va mas’ul xodimlariga topshiriq ijrosi muddati tugagan kundan boshlab ijrosi ta’minlangunga qadar bo‘lgan muddatda barcha rag‘batlantirish to‘lovlari to‘xtatiladi.
Iqtisodiyot
«O‘zmilliybank» AJ O‘zbekiston emitentlari orasida birinchi bo‘lib Xitoy kapital bozoriga 250 mln dollarlik obligatsiyalar chiqarmoqchi
2026 yil 9–10 sentyabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligidagi O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasining Xitoy Xalq Respublikasining Gonkong maxsus ma’muriy hududiga tashrifi doirasida «O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki» AJ («O‘zmilliybank» AJ) va «China International Capital Corporation» (CICC) Osiyo kapital bozorida hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.
«Bir makon, bir yo‘l» tashabbusining 11-sammiti doirasida tomonlar Gonkong fond birjasida Xitoy yuani va O‘zbek so‘mida umumiy qiymati 250 million AQSh dollari ekvivalentiga teng bo‘lgan xalqaro obligatsiyalarni chiqarish hamda ularni Gonkong fond birjasida listingdan o‘tkazishni nazarda tutuvchi bitimni imzoladilar.
Erishilgan kelishuv «O‘zmilliybank» AJning Osiyo kapital bozoriga ilk bor chiqishini anglatadi hamda bankning xalqaro qarz olish geografiyasini kengaytirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi. Mazkur kelishuvning amalga oshishi bankning moliyalashtirish manbalari va valyuta tarkibini diversifikatsiya qilish, xalqaro investorlar doirasini kengaytirish hamda O‘zbekistondagi ustuvor investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun Osiyo kapital bozori resurslarini jalb qilish imkonini beradi.
Rejalashtirilayotgan mazkur emissiya «O‘zmilliybank» AJning xalqaro kapital bozorlaridagi izchil faoliyatining navbatdagi bosqichi hisoblanadi. 2020 yildan buyon bank London va Vena fond birjalarda umumiy qiymati 1,13 milliard AQSh dollarini tashkil etuvchi uchta obligatsiya emissiyasini amalga oshirgan.
Mazkur kelishuv 2026 yilga mo‘jallangan davlat investitsiya dasturini amalga oshirish doirasida imzolangan bo‘lib. Ushbu dasturga muvofiq, «O‘zmilliybank» AJ zimmasiga O‘zbekistondagi ustuvor loyihalarni amalga oshirish uchun yetakchi xalqaro moliya institutlaridan jami 1,5 mlrd AQSh dollari ekvivalentidagi mablag‘larni jalb etish vazifasi yuklatilgan.
Imzolangan kelishuv O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi moliyaviy-iqtisodiy hamkorlikni izchil kengaytirish borasidagi amaliy natijalardan biri bo‘lib, mazkur hamkorlik so‘nggi yillarda ikki davlat yetakshilarining uzoqni ko‘zlagan siyosati va strategik qarashlari tufayli yangi bosqichga ko‘tarildi.
Ikki tomonlama munosabatlarda savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikka alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 18 milliard AQSh dollariga yaqinlashdi. Yaqin yillarda mazkur ko‘rsatkichni 30 milliard AQSh dollariga yetkazish maqsad qilib olindi. Amaldagi qo‘shma investitsiya loyihalari portfeli qariyb 60 milliard AQSh dollarini tashkil etib, O‘zbekistonda 6 mingdan ortiq qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda.
Shu nuqtai nazardan, Xitoyning yetakchi moliya institutlari bilan hamkorlik kengayib, investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun kapital jalb qilishning yangi mexanizmlari joriy etilmoqda. «O‘zmilliybank» AJning CICC bilan erishgan kelishuvi mazkur yo‘nalishdagi amaliy qadamlardan biri bo‘lib, O‘zbekistonning Osiyo kapital bozorlaridagi ishtirokini kengaytirish, moliyalashtirish manbalarini diversifikatsiya qilish hamda mamlakat iqtisodiyotiga uzoq muddatli resurslarni jalb etishga xizmat qiladi.
Ma’lumot uchun, «O‘zbekiston Respublikasi Tashqi Iqtisodiy faoliyat milliy banki» AJ 1991 yilda tashkil etilgan bo‘lib, mamlakatdagi eng yirik tizimli ahamiyatga ega bank hisoblanadi. 2025 yil yakuniga ko‘ra, bank aktivlari 12 milliard AQSh dollaridan, kredit portfeli 9 milliard AQSh dollaridan, jami kapitali esa 1,6 milliard AQSh dollaridan oshgan.
China International Capital Corporation (CICC) 1995 yilda tashkil etilgan bo‘lib, Xitoyning yetakchi investitsiya banklaridan biri hisoblanadi. Kompaniya investitsiya banking, kapital bozorlari va aktivlarni boshqarish sohalarida xizmatlar ko‘rsatadi hamda Gonkong, Singapur, London va Nyu-York kabi xalqaro moliya markazlarida o‘z faoliyatini amalga oshiradi.
Iqtisodiyot
O‘zbekiston mahsulotlarini eng ko‘p sotib oluvchi mamlakatlar ma’lum bo‘ldi
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–iyul oylarida O‘zbekistonning eksport hajmi 19,9 mlrd AQSh dollarini tashkil etdi.
Mazkur davrda O‘zbekiston eksportida yuqori ulushga ega bo‘lgan mamlakatlar (top-10):
Rossiya — 2,8 mlrd AQSh dollari;
Xitoy — 1,7 mlrd;
Afg‘oniston — 1,1 mlrd;
Qozog‘iston — 868 mln;
Fransiya — 854,9 mln;
Gonkong (Xitoy maxsus ma’muriy hududi) — 716 mln;
Turkiya — 596,2 mln;
Qirg‘iziston — 575,8 mln;
Tojikiston — 437,5 mln;
BAA — 420,8 mln.
Iqtisodiyot
Dollar qimmatladi, yevroda ham ko‘tarilish kuzatildi
Dollar qimmatladi, yevroda ham ko‘tarilish kuzatildi
Source link
Iqtisodiyot
Bojxona sohasida tadbirkorlar uchun bir qator yengilliklar joriy etiladi
Davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini takomillashtirish va bojxona ma’murchiligida zamonaviy yondashuvlarni joriy etishga qaratilgan Prezident farmoni qabul qilindi.
Unga ko‘ra, bojxona sohasida bir qator yangi tartiblar belgilandi.
Jumladan, 2026 yil 1 oktyabrdan xavf darajasi past hamda QQS guvohnomasi faol bo‘lgan tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga tovarlarni import qilishda to‘lanadigan QQS summalarini o‘zaro hisobga olish imkoniyati yaratiladi.
Shuningdek, tovarlar eksportida nazorat jarayonlarining raqamlashtirilishi va takomillashtirilishi natijasida bojxona rasmiylashtiruvi, fitosanitariya sertifikati, fumigatsiya hamda tovarning kelib chiqish sertifikati uchun yig‘im va to‘lovlar miqdori 30 foizga kamaytiriladi.
2027 yil 1 yanvardan tovarlarning bojxona qiymatini nazorat qilish tartibi ham soddalashtiriladi. Xususan, xavf darajasi past bo‘lgan tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari olib kirayotgan tovarlarning bojxona qiymati tovarlar erkin muomalaga chiqarilgandan keyin nazorat qilinadi.
Bundan tashqari, bojxona qiymatini nazorat qilish maqsadida tovarlar uchun qat’iy bojxona qiymatini belgilash taqiqlanadi. Bojxona qiymati bo‘yicha dastlabki qaror qabul qilish amaliyoti joriy etiladi hamda nazorat jarayonida rasmiy diller va distribyutorlarning narx ma’lumotlaridan foydalanish yo‘lga qo‘yiladi.
2027 yil 1 iyundan esa jismoniy shaxslar tomonidan notijorat maqsadlarda olib o‘tiladigan tovarlar bo‘yicha yagona bojxona to‘lovi miqdori to‘lanishi lozim bo‘lgan bojxona yig‘imlaridan kam bo‘lsa, ushbu yig‘imlar undirilmaydi.
Iqtisodiyot
Dushanba kuni ham dollar kursi pastlaydi
Markaziy bank 2026-yil 7-sentyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 9,7 so‘mga tushib, 11 785,30 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 3,01 so‘mga tushdi va 13 695,70 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 949,95 so‘mni tashkil qildi (+31,7).
Rossiya rubli 136,13 so‘m etib belgilandi (+0,33).
-
Jamiyat4 days ago
Prezidentning xususiylashtirishga oid farmoni e’lon qilindi
-
Sport4 days ago
Husan Botirov Biatlon federatsiyasi raisi etib saylandi
-
Jamiyat4 days ago
Sudyalikka nomzodlar uchun yosh senzi 30 yoshga tushirilishi mumkin
-
Jamiyat3 days ago
Hokim yordamchilarining 9 ta asosiy vazifasi belgilab berildi
-
Siyosat5 days ago
Shavkat Mirziyoyev Serbiyaga yetib bordi
-
Iqtisodiyot4 days agoDollar qimmatladi, yevroda ham ko‘tarilish kuzatildi
-
Siyosat4 days ago
O‘zbekiston hukumati Suriyaga yangi elchisini jo‘natdi
-
Sport4 days ago
«Paxtakor» futbolchisi Muhammadrasul Abdumajidov Fransiya jamoasiga o‘tadi
