Sport
Hakamning xatosi «Aston Villa»ni, «Yuventus»ning penaltisi «Roma»ni YeChLsiz qoldirdi. Kun o‘yinlari
Angliya va Italiyada ham keyingi mavsum Chempionlar ligasida ishtirok etadigan barcha jamoalar nomi aniq bo‘ldi. Yakshanba kuni Yevropa chempionatlarida ro‘y bergan asosiy voqealar, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvallaridagi yakuniy vaziyat.
Angliya: omadli «Nyukasl» va rekordchi Saloh
«Fulhem» – «Manchester Siti» 0:2
Gollar: Gundo‘g‘an (21), Holand (72 pen).
«Fulhem»: Leno, Andersen, Kuenka, Robinson, Tete, Kerni (Sessenon 74), Lukich (Berge 86), Pereyra (Smit-Rou 62), Uilson (Ivobi 61), Traore (King 74), Ximenes
«Manchester Siti»: Ederson, Ruben Diash, Akanji, Gvardiol, Mateus Nunes, Gonsales, Gundo‘g‘an (De Bryuyne 85), Marmush (Foden 82), Doku (Savio 74), Bernardu Silva, Holand (Echeverri 85)
«Manchester Siti» oxirgi turgacha ham YeChL yo‘llanmasini hal qilmagandi, ammo o‘zi uchun qulay raqib bo‘lgan «Fulhem»ga qarshi safar uchrashuvida oson g‘alabaga erishildi. Gundo‘g‘an shubhasiz o‘yin qahramoni bo‘ldi. Birinchidan, Ilkay qaychi uslubidagi zarbasi bilan hisobni ochdi. Ikkinchidan, ikkinchi bo‘limda Holand aniq ijro etgan penaltini aynan u ishlagandi va shundan keyin o‘yin masalasi hal bo‘ldi. Xosep Gvardiola jamoasi mavsumni uchinchi o‘rinda yakunladi va keyingi mavsum Chempionlar ligasida o‘ynaydigan bo‘ldi. «Kreyven Kottej»dagi o‘yin esa APL tarixida boshlang‘ich tarkiblarda birorta ingliz futbolchisi bo‘lmagan uchinchi o‘yin sifatida ajralib turdi.
«Nottinghem Forest» – «Chelsi» 0:1
Gol: Kolvill (50).
«Nottinghem Forest»: Sels, Murilo, Milenkovich, Uilyams, Ayna (Jota Silva 83), Sangare (Hadson-Odoi 57), Anderson, Dominges (Yyeyts 68), Gibbs-Uayt, Vud, Elanga
«Chelsi»: Sanches, Adarabioyo, Kolvill, Kukurelya, Jyeyms, Fernandes, Kaysedo, Palmer, Sancho (Lavia 61), Madueke (Dyusberi-Holl 86), Pedru Netu (Gyusto 78)
Ogohlantirishlar: Anderson 32, Ayna 79 – Kaysedo 56, Adarabioyo 79
Asosiy yevrokubokka qaytishni maqsad qilgan «Chelsi»ni esa so‘nggi turda maksimal darajada motivatsiyaga ega raqib kutayotgandi. «Nottinghem» mavsumning katta qismida turnir jadvalining uchinchi o‘rnida bordi va oxirgi tur oldidan ham Chempionlar ligasiga yo‘llanma beruvchi beshinchi o‘rindan umid uzmagandi. Ammo ko‘klar jamoasi ikkinchi bo‘lim boshidagi burchak zarbasidan keyin tarozi pallasini o‘z tomoniga og‘dirdi, hujumning ikkinchi tempida Pedru Netu bo‘sh burchak qarshisida turgan Kolvillga to‘pni yetkazib berdi. O‘yinga arbitr tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalarda «o‘rmonchilar» darvozaboni Sels golli uzatma muallifi bo‘lishi mumkin edi, ammo mezbonlarning eng yaxshi to‘purari Kris Vud qulay pozitsiyada turib aniq zarba berolmadi. Yangi zelandiyalik hujumchi vaziyatdan foydalanganida, «Nottinghem» Yevropa Ligasi ishtirokchisiga aylangan bo‘lardi, ammo endi Konferensiyalar ligasi bilan kifoyalanishga to‘g‘ri keladi. Enso Mareska esa olqishlarga sazovor: APL tajribasiga ega bo‘lmagan holdagi ilk mavsumida u jamoa bilan ancha yaxshi natija ko‘rsatdi, holbuki bu jamoa turnir tarixidagi eng yosh o‘rtacha tarkibdagi jamoadir (24 yoshu 36 kun).
«Nyukasl» – «Everton» 0:1
Gol: Alkaras (65).
«Nyukasl»: Poup, Botman (Trippiyer 63), Bern, Sher, Tonali, Gimarayns, Livramento, Myorfi (Uilson 71), Gordon (Uillok 46), Barns (Osula 88), Isak
«Everton»: Pikford, Kin, O`Brayyen, Mikolenko, Yang, Geyye, Garner, Alkaras (Dukure 76), Ndiay (Makneyl 76), Harrison, Betu (Kalvert-Lyuin 88)
Ogohlantirishlar: Sher 38 – Geyye 24, Yang 77, Mikolenko 81, Garner, 83
«Manchester Yunayted» – «Aston Villa» 2:0
Gollar: Diallo (77), Eriksen (86, pen).
«Manchester Yunayted»: Bayindir, Maguayr, Heven (Evans 67), Lindelyof, Brunu Fernandesh, Kazemiro, Dorgu, Mazraviy (Dalot 20, Maynu 46), Maunt (Eriksen 67), Diallo, Hoylund (Obi-Martin 81)
«Aston Villa»: Martines, Konsa, Pau Torres, Matsen, Kesh, Onana (Remsi 63), Kamara (Barkli 84), Asensio (Ulsen 45+4), Makginn (Tilemans 62), Rodjyers (Malen 84), Uotkins
Ogohlantirishlar: Diallo 45, Kazemiro 90 – Kamara 73. Rodjyers 81
Chetlatish: Martines (45+1)
O‘z uyida «Everton»ga yutqazgan «Nyukasl» onlayn rejimda YeChLga yo‘llanma beruvchi o‘rinlardan quruq qolayotgandi.
Ammo «qarg‘alar»ga raqobatchilarning natijalari qo‘l keldi. Mavsum so‘ngida pasaygan «Nottinghem»ning mag‘lubiyatini tabiiy qabul qilish mumkin bo‘lsa, «Aston Villa» «Old Trafford»da o‘z maqsadiga erishishi mumkin edi. Ammo birinchi bo‘lim oxirida Emiliano Martines yakkama-yakka vaziyatga chiqib kelayotgan Hoylundni jarima maydoni tashqarisida yiqitib, qizil kartochka oldi.
Mehmonlar shunda ham g‘alabani ilib ketishi mumkin edi, ammo 78-daqiqada Rodjyers urgan gol hakamning xatosi tufayli inobatga olinmadi. Bu vaziyatda futbolchi raqib darvozabonidan to‘pni olib qo‘yib, bo‘sh darvozani ishg‘ol etgandi, ammo hakam epizod oxirini kutmasdan hushtagini chalib yubordi, videotakrorda esa hujumda fol bo‘lmagani ko‘rindi.
Qolgan daqiqalarda esa «MYu» birminghemliklarni taslim etdi. Endi «Villa» Yevropa Ligasida o‘ynaydi, «Nyukasl» muxlislari esa parallel o‘yinlardagi natijalarga ko‘ra YeChL yo‘llanmasini nishonladi.
«Liverpul» – «Kristal Pelas» 1:1
Gollar: Saloh (85) – Sarr (9).
«Liverpul»: Alisson, van Deyk, Konate (Nunes 62), Roberson (Elliott 85), Bredli (Aleksandr-Arnold 46), Jons, Gravenberh, Soboslai (Diogu Jota 62), Gakpo, Saloh, Dias (Endo 69)
«Kristal Pelas»: Henderson, Lakrua, Lerma, Richards, Kamada, Hyuz (Ess 79, Mateus Fransa 90+3), Mitchell, Munos, Sarr, Eze (Devenni 62), Mateta (Nketia 62)
Ogohlantirish: Gravenberh 61
Chetlatish: Gravenberh 68.
Turnir nuqtayi nazaridan «Enfild»dagi o‘yinni ikki sabab bilan eslab qolish mumkin. Birinchidan, muddatidan oldin chempionlikni hal qilgan «Liverpul» va Angliya kubogini qo‘lga kiritgan «Kristal Pelas» bir-biri uchun chempionlik yo‘laklarini tashkil etishdi. Tribunalar va o‘yinga shaxsan tashrif buyurgan Yurgen Klopp hayratda edi. Ikkinchidan, qizillarni mag‘lubiyatdan qutqarib qolgan golni urgan Saloh sermahsullik borasida APL rekordini takrorladi. 47 (29+18) ball bilan Mo faqat Endi Koul va Alan Shirer kabi afsonalar amalga oshirgan ishni uddaladi (lekin unga gol+pas bo‘yicha 20+20 ko‘rsatkichini qayd etgan Anrining rekordini buzish nasib etmadi).
Ammo misrlik futbolchining o‘zi ham noyob ko‘rsatkichga erishgan: hali hech bir futbolchi bir chempionatda gollar soni bo‘yicha ham, golli paslar soni bo‘yicha ham tengsiz bo‘lib, eng yaxshi futbolchi uchun sovrinni qo‘lga kiritmagandi.
Turnir jadvalidagi yakuniy holat:
Chempion – «Liverpul»;
YeChL ishtirokchilari – «Liverpul», «Arsenal», «Manchester Siti», «Chelsi», «Nyukasl», «Tottenhem» (Yevropa Ligasi g‘olibi sifatida);
Yevropa Ligasi ishtirokchilari – «Aston Villa», «Kristal Pelas» (Angliya kubogi g‘olibi sifatida);
Konferensiyalar Ligasi ishtirokchisi – «Nottinghem Forest»;
Chempionshipga tushib ketganlar – «Lester», «Ipsvich» va «Sauthempton».
Italiya: «Latsio»ning qulashi va «Roma»dagi drama
A Seriya, 38-tur
«Venetsiya» – «Yuventus» 2:3
Gollar: Fila 2, Haps 55 – Yildiz 25, Kolo-Muani 31, Lokatelli 73 (pen).
«Venetsiya»: Radu, Shverko (Markandalli 77), Kande, Shingtenn, Nikolussi Kavilya, Ellersson (Marich 86), Dumbiya (Oristanio 77), Haps (Peres 68), Dzerbin, Yyeboa, Fila (Gyutker, 68)
«Yuventus»: Di Gregorio, Savona, Kelli, Koshta (Veyga 46), Lokatelli, Tyuram, Kambyaso (Makkenni 76), Gonsales (Vea 81), Konseysau (Gatti 86), Kenan Yildiz, Kolo Muani (Vlahovich 76)
Ogohlantirishlar: Dzerbin 53 – Koshta 20, Gonsales 62
Italiyada esa yakuniy tur oldidan YeChL uchun faqat bir yo‘llanma taqdiriga oydinlik kiritilishi qolgandi. Bu kurashda asosiy favorit to‘rtinchi o‘rinda joylashgan va asosiy ta’qibchilari «Roma» va «Latsio»ni mos ravishda 1 va 2 ochkolik farq bilan ortda qoldirayotgan «Yuventus» edi, ammo turinliklar A seriyada qolish uchun so‘nggi imkoniyatidan foydalanishni maqsad qilgan «Venetsiya»dan ikkinchi daqiqadayoq gol o‘tkazib yubordi. Tezkor javob goli esa bekor qilindi, VAR Alberta Koshta to‘pni qo‘li bilan o‘ynaganini qayd etdi.
Byankonerilar muxlislari birinchi bo‘lim o‘rtalarigacha o‘yinni hayajon bilan kuzatishdi, 25-daqiqada to‘p autdan tezlik bilan kiritilgach, Kenan Yildiz o‘tkir burchakdan yo‘llagan zarbasi bilan hisobni tenglashtirdi. Faqat bu yetarli emasdi, onlayn rejimda «Roma» to‘rtinchi o‘ringa ko‘tarilib olgandi. «Bo‘rilar» «Torino» maydonidagi o‘yinda Paredes penaltidan urgan gol evaziga hisobda oldinga chiqib olishgandi. Bir necha daqiqa o‘tib esa Kolo Muani jamoasini hisobda oldinga olib chiqqach, yana vaziyat «Keksa siniora»lar tomoniga o‘zgardi.
Ammo ikkinchi bo‘lim boshlarida onlayn turnir jadvalida jamoalar yana o‘rin almashishdi. «Yuve» mudofaasi «Venetsiya»ning qarshi hujumiga dosh berolmadi, parallel o‘yinda esa Salemakers rimliklarning ikkinchi golini urdi va «Roma» yana bir oyog‘i bilan YeChLda edi. Faqat ikkinchi bo‘lim davomida mezbonlarning bir necha xavfli hujumlaridan omon chiqqan «Yuve» 72-daqiqada amalda intrigaga barham berdi. «Yuve»dan ijaraga olingan Nikolussi-Kovilya jarima maydonida Fransishku Konseysauni yiqitdi, Lokatelli esa penaltidan g‘alaba golini urdi.
«Torino» – «Roma» 0:2
Gollar: Paredes 18 (p), Salemakers 53.
«Torino»: Milinkovich-Savich, Masina (Valyukevich 72), Maripan, Biragi, Dembele (Persiun 59), Kazadei (Gineytis 59), Richchi (Linetti, 72), Vlashich, Elmas (Gabellini 81), Lazaro, Adams
«Roma»: Svilar, Manchini, N`Dika, Zeki Chelik (Rench 90), Kristante, Paredes (Hummels 90), Kone, Anxelinio, Salemakers (Baldansi 90), Shomurodov (Al-Sha’roviy 72), Soule (Pizilli 90)
Ogohlantirishlar: Maripan, 63 – Zeki Chelik, 75
Mavsum yarmida inqiroz holatida jamoani qabul qilib olgan Klaudio Raniyeri murabbiylik faoliyatini «Roma»da chiroyli qilib yakunladi. Uning boshchiligida rimliklar 19 uchrashuvdan iborat mag‘lubiyatsiz seriya qayd etdi va YeChLga qaytishi ham mumkin edi. Ammo «Atalanta»dan uchralgan mag‘lubiyat nafaqat ajoyib seriyaga barham berdi, balki jamoaning YeChL yo‘llanmasi uchun kurashdagi imkoniyatlarini ham pasaytirib yubordi. Natijada so‘nggi ikki turdagi g‘alabaga qaramay, «bo‘rilar» Yevropa Ligasi bilan kifoyalanadigan bo‘ldi. YeChL yo‘llanmasi uchun kurashdagi yana bir jamoa «Latsio» esa so‘nggi turda «Lechche»ga yutqazib (0:1), yettinchi o‘ringa quladi va keyingi mavsum yevrokuboklarda qatnashmaydigan bo‘ldi. «Fiorentina» esa «Udineze»ni mag‘lub etib, Konferensiyalar ligasidagi ishtirokini kafolatladi.
Turnir jadvalidagi yakuniy vaziyat:
Chempion – «Napoli»;
YeChL ishtirokchilari – «Napoli», «Inter», «Atalanta», «Yuventus»;
Yevropa Ligasi ishtirokchilari – «Roma», «Bolonya» (Italiya kubogi g‘olibi sifatida);
Konferensiyalar Ligasi ishtirokchisi – «Fiorentina»;
B seriyaga tushib ketganlar – «Empoli», «Venetsiya» va «Monsa».
Ispaniya: basklar afsonasi bilan xayrlashuv
La Liga, 38 tur.
«Atletik» – «Barselona» 0:3
Gollar: Levandovski 14, 17, Olmo 90+4 (p).
«Atletik»: Simon, De Markos (Lekue 89), Paredes, Nunes (Vivian 62), Berchiche, Galarreta (Prados 62), Xuaregisar, Berrenger, Gomes (Sanset 62), Uilyams (Inyaki Uilyams 80), Sannadi.
«Barselona»: Penya, Garsiya, Arauxo (Kristensen 64), Kubarsi, Balde (Martin 81), Pedri (De Yong 81), Gavi, Fermin, Yamal, Rafinya (Olmo 64), Levandovski (Viktor 89).
Ogohlantirish: Berchiche, 75
Bilbaoda butun faoliyatini «Atletik»da o‘tkazgan va basklar Marselo Biyelsa boshqaruvi davrida Yevropa Ligasida o‘ynagan davrlardan buyon muxlislarga yaxshi tanish bo‘lgan 36 yoshli De Markos faoliyatini yakunladi. Ushbu faxriy futbolchi qadrdon «San-Mames»da sovrin yutishni orzu qilgandi, ammo «MYu» bu orzu amalga oshishiga yo‘l qo‘ymadi. Mavsumning so‘nggi turida esa motivatsiyasiz «Atletik» «Barselona»ga aytarli qarshilik ko‘rsatmadi.
Yakshanba kungi o‘yinda eng katta ishtiyoq Levandovskida edi. Uning Fermin Lopesning uzatmasidan keyingi birinchi goli katalonlar klubidagi yuzinchisi bo‘ldi. Polshalik hujumchi bu ko‘rsatkichga erishish uchun 147 o‘yin yetarli bo‘ldi. Bu ko‘k-anorranglilar tarixidagi eng tezkor natijalar qatorida beshinchisi bo‘ldi, lekin jamoaning o‘tgan asr 40-yillaridagi yulduzi Mariano Martinga yetib ham bo‘lmasdi. U 99 o‘yindayoq yuzlik dovondan o‘tgandi. Levandovski yakshanba kuni birgina gol bilan kifoyalanmadi va burchak to‘pidan keyin «Barsa»ning hisobdagi ustunligini oshirdi.
Ikkinchi bo‘limda u gollari sonini yanada oshirishi mumkin edi, ammo ikkita qulay imkoniyatni yo‘qqa chiqardi. Kubarsi to‘pni o‘z darvozasiga yo‘naltirib yuborganida ham gol bo‘lmadi, Inyaki Penya to‘pga ulgurdi. Va faqat o‘yin qahramoni De Markos maydonni tark etganidan keyin (uning la ligadagi faoliyati 2009 yilda «Barsa»ga qarshi o‘yin bilan boshlangandi), Dani Olmo penalti ishladi va uni o‘zi aniq ijro etdi.
Turnir jadvalidagi yakuniy vaziyat:
Chempion – «Barselona»;
YeChL ishtirokchilari – «Barselona», «Real», «Atletiko», «Atletik», «Vilyarreal»;
Yevropa Ligasi ishtirokchilari – «Betis», «Selta»;
Konferensiyalar Ligasi ishtirokchisi – «Rayo Valekano»;
Segundaga tushib ketganlar – «Leganes», «Las-Palmas» va «Valyadolid».
Sport
Finaldan oldingi final. «PSJ» va «Bavariya» tarixiy o‘yin o‘tkazdi
YeChL yarimfinali doirasida Parijda «PSJ» va «Bavariya» klublari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda 9 ta gol urildi. Spors.ru portali tahlilchilari Vadim Lukomskiy va Artyom Denisov bunchalik ko‘p gol qayerdan kelganini ko‘rib chiqishdi.
«PSJ» – «Bavariya» 5:4
Gollar: Keyn, 17 – penalti (0:1). Kvaratsxeliya, 24 (1:1). Joau Nevesh, 33 (2:1). Olise, 41 (2:2). Dembele, 45+5 – penalti (3:2). Kvaratsxeliya, 56 (4:2). Dembele, 58 (5:2). Upamekano, 65 (5:3). Dias, 68 (5:4)
«PSJ»: Safonov, Markinios, Pacho, Nunu Mendesh (Ernandez, 84), Hakimi, Vitinya, Joau Nevesh, Zair-Emeri (Ruis, 64), Kvaratsxeliya (Mayulu, 84), Due (Barkolya, 70), Dembele
«Bavariya»: Noyyer, Upamekano, Ta, Deyvis (Laymer, 46), Stanishich, Kimmih, Pavlovich (Jyekson, 90+3), Musiala (Goretska, 79), Dias, Olise, Keyn
Ogohlantirishlar: Markinios, 12. Ruis, 77. Hakimi, 80
Ajoyib realizatsiya: Xvicha – asosiy master
Jamoalarning juda yuqori statistika namoyish etishdi: «PSJ»da xG – 1,89, «Bavariya»da – 2,52. Ikki jamoaga jami 4,5 xG – bu ko‘p, ammo amaldagi gollar yanada ko‘proq bo‘ldi.
Yanada yorqinroq fakt: «PSJ» darvoza sohasi tomon besh bor zarba yo‘lladi. Barcha zarbalar golga aylandi. Opta xabariga ko‘ra, YeChL pley-offida darvozabon o‘yinda birorta seyv amalga oshirmasdan beshta gol o‘tkazib yuborgan holat 2000 yilda kuzatilgan: chorakfinalda «Chelsi» darvozaboni Ed de Guy «Barselona»ga qarshi o‘yinda shunday statistika qayd etgan. Bu Manuel Noyyer uchun juda yomon oqshomga aylandi, lekin uni o‘tkazilgan gollarda ayblash ham qiyin, uning to‘pni oldinga uzatishdagi noaniq harakatlari ko‘proq hayron qoldirdi.
Xvicha Kvaratsxeliya shu oqshom Noyyer uchun dahshatli tushga aylandi. Gurjistonlik vinger ikki bor zarba berib, ikki gol urdi. Ayniqsa birinchi gol chiroyli chiqdi: u Yosip Stanishichning ortida ochilib, Dezire Duening pasini qabul qildi va to‘pni o‘ngga olib o‘tib, olis burchakka ideal zarba yo‘lladi – to‘p ustunga tekkan holda darvoza to‘riga kirib ketdi.
Xvicha pley-offda barcha raqiblarga dahshat solmoqda: u deyarli har o‘yinda golli harakat amalga oshirmoqda (7+2) – faqat «Monako» o‘tish o‘yinidagi javob o‘yinida undan jabr ko‘rmagan.
«Bavariya»da esa Luis Dias ajralib turdi: to‘rtinchi gol urilgan vaziyatda u yuqoridan uzatmani ofsaydga tushmagan holda qabul qilib oldi va aldamchi harakat bilan Markiniosni yo‘ldan olib, olis burchakka kuchli zarba berdi.
Umuman, shu kuni Markinios Diasga ortiqcha qiyinchilik tug‘dira olmadi. Braziliyalik himoyachida yoshib o‘tib borayotgani sezilmoqda va u boshqa o‘yinlarda ham Ashraf Hakimi oldinga chiqib ketganida himoyaning o‘ng tomonini yolg‘iz yopa olmayapti. Uning Dias bilan duellaridan kamida bittasi «Bavariya»ning goliga olib kelgani ajablanarli emas.
Darvozabonlar qutqara olmagani – fakt, ammo, o‘yindagi to‘qqiz goldan faqat bittasida darvozabonga savol tug‘ilishi mumkin – Maykl Olise birinchi bo‘limda hisobni tenglashtirganida Matvey Safonov tavakkaliga o‘ng tomonga sakradi, to‘p esa markazdan bordi.
Standart vaziyatlar: 174 santimetrlik Nevesh yana boshi bilan gol urdi
«Bavariya» ham, «PSJ» ham YeChLda standart vaziyatlardan bir o‘yinda o‘rtacha 0,50 gol urib keladi. Ya’ni ularning o‘zaro o‘yinida gollardan kamida bittasi standart vaziyatdan urilishini kutish mumkin edi. Amalda esa ikki jamoa shunday vaziyatlardan bittadan gol urdi.
Avvaliga 174 santimetr bo‘yga ega Joau Nevesh bosh bilan burchakka aniq zarba yo‘lladi. Bu uning fishkasi hisoblanadi – u o‘tgan mavsumda ham ikki bor boshda shunda gollar urgandi, bu mavsumda ham ikkinchi golini urmoqda.
O‘tgan mavsumda «Manchester Siti»ga qarshi o‘yinda Nevesh markazda emas, himoyachilar ortiga ochilgandi. To‘p olis ustun tomon yetib borgan va hech kim qo‘riqlamayotgan Nevesh darvozani ishg‘ol etgandi.
Bu mavsumda «PSJ» yangi strategiyani qo‘llab ko‘rdi: Nevesh to‘p oshirilganida jarima maydoni markazidan yaqin ustun tomon yurdi va ta’qibchisidan ildamroq harakat qilib, zarba berdi. Bu kuzda «Lion»ga qarshi o‘yinda ish bergandi va endi «Bavariya»ga qarshi o‘yinda ham ish berdi.
Dayo Upamekanoning goli esa «Bavariya»ning odatiy ishlanmasi emasdi. Myunxenliklar odatda burchak zarbalaridan ko‘proq gol urishadi. Bu safar esa jarima zarbasidan oshirilgan to‘p himoyachining boshi orqali darvoza to‘riga borib tushdi.
Upamekano uchun bu mavsumdagi ikkinchi gol, birinchisi ham standart vaziyatdan, ammo burchak zarbasi orqali urilgandi.
Bu safar u to‘p oshirilayotganida tezlikni oshirib, to‘pga yetib bordi. Kimmihning uzatmasi ham ideal chiqdi.
Qarshi hujumlar – har ikki jamoa uchun superqurol
Xvicha, Dembele va Due Dias, Keyn va Olisega qarshi!
Ikki trio ham bo‘sh zonalarda harakatlanish bo‘yicha ajoyib sifatlarga ega. Ularda barcha komponentlar mavjud: katta tezlik, to‘pni ritmni yo‘qotmagan holda olib borish, bir-birini yaxshi tushunish va qanday ochilish yaxshiroq bo‘lishini to‘g‘ri topa olish.
Parijliklar va myunxenliklarning uchligi doim ham qarshi hujumlarda jazolash imkoniyatiga ega bo‘lishmadi. Lekin shunday imkoniyat tug‘ilganida bu borada raqiblarga dars o‘tib qo‘yishadi. Jamoadagi laterallar ham bunda yordam beradi.
Masalan, «PSJ»da qarshi hujumlardagi standart amaliyot – hujumkor uchlik bilan qo‘shimcha futbolchi oldinga borishi. Quyidagi kartinada bu vazifada Ashraf Hakimini ko‘rish mumkin.
«Bavariya» sxemasida esa Jamal Musiala oldindagi uchlikka juda yaqin joylashgandi, shu tufayli qarshi hujumlarda oldingi chiziq vakillari yetarlicha songa ega bo‘ldi.
Bundan tashqari, mehmonlarda pressing orqali to‘pni olib qo‘yganda, «PSJ»ning mudofaa saflari buzilib ketishidan ham foydalanib, qanot himoyachilari ham navbatma-navbat hujumga qo‘shildi. Birinchi holatda Yosip Stanishich.
Keyin esa Alfonso Devis.
Kontrpressing ishlamadi
Parijdagi o‘yinda jamoalarning hech biri to‘p yo‘qotilgan holatlarda odatiy darajasini ko‘rsatmadi. Garchi ikki jamoa ham vaziyatlarga odatdagidek reaksiya qilishga uringan bo‘lsa ham.
Jamoalar muvaffaqiyatli kontrpressingning muhim shartlaridan birortasini bajarishmadi. Birinchidan, to‘pga uzoq vaqt davomida egalik qilingan oraliqlar ko‘p bo‘lmadi (bunday oraliqlar jamoalarga kerakli tartibda joylashish va ehtimoliy yo‘qotishlarga yaxshiroq tayyor turish imkonini bergan bo‘lardi).
Ikkinchidan, jamoalar barchasini odatiy algoritm bo‘yicha bajargan taqdirda ham, raqiblarining bosim ostidagi ajoyib o‘yini tufayli to‘pni qaytarib olishga qiynaldi. Jamoalarning 99,9 foiz qismida qaror qabul qilishdagi bunday tezlik va unikal texnik imkoniyatlar mavjud emas. Ko‘plab raqiblar kontrpressingdan cho‘chib ketishadi va vahimaga tushishadi. Bu o‘yinda esa jamoalarda kontrpressingga qarshi turish uchun juda mahoratli futbolchilar jamlangan edi.
Quyidagi suratda to‘p yo‘qotilgach, Devis Duega bosim uyushtirayotgani, Kimmih esa unga yordamga otlanganini ko‘rish mumkin.
Dezire esa bosimdan chiqib ketishi uchun atigi ikki teginish yetarli bo‘ldi, to‘pga ikkinchi teginishda u tovoni bilan Vitinya ochilayotgan zonaga pas berib yubordi.
Bunday vaziyatda ko‘pchilik futbolchilar bilan quyidagicha holat kechgan bo‘lardi: a) ko‘proq harakat va vaqt sarflanardi; b) shunchaki vahimaga tushib, to‘p yo‘qotilardi. Ko‘pchilikda kontrpressing muvaffaqiyatli chiqishi shu omillarga bog‘liq. Bu o‘yinda esa futbolchilar darajasi haddan tashqari yuqori, oddiy harakatlar – kam edi.
Maydon markazisiz o‘yin
O‘yin davomida qaysidir pallada, masalan, to‘p navbatdagi marta darvozabon tomonidan yuqorilatib oldinga yetkazilganida yoki qanotlar orqali tezkor qarshi hujumga chiqilganida, Vitinyaning boshiga shunday o‘y kelgan bo‘lishi mumkin: «Men maydonda nima qilyapman o‘zi?» Xuddi shunday holat Yozua Kimmihning ham xayolidan o‘tgan bo‘lsa ajab emas.
Vitinya va Kimmih – sof pleymeykerlar. Ular hujumlarni bosqichma-bosqich rivojlantirishni afzal ko‘rishadi. Kimmih bundesliga vakili ekanidan kelib chiqib, xaotik futbolda ham qatnasha oladi, ammo Vitinyaga bunday o‘yin juda begona.
Xaotik futbol tufayli «PSJ»da chiziqlar orasida tez-tez katta teshiklar yuzaga keldi.
Bu holat birinchi bo‘limdayoq, Olisening goli urilgan vaziyatda yaqqol bo‘y ko‘rsatdi. Maykl uchun tayanch zonasini ochib berishgandi.
Jarima maydoni oldidagi hududda bo‘sh himoyalanish – «PSJ»ning kam sonli yaqqol kamchiliklaridan biri bo‘ldi.
Vitinya o‘yinda atigi 48 ta aniq uzatma berdi, Kimmihda – 50. Boshqa biror oddiy o‘yinda raqamlar yuzdan oshgan bo‘lardi. Ammo bu «Bavariya» uchun ham, «PSJ» uchun ham klassik o‘yin emasdi. Bu oqshom o‘yin mulohazakor Vitinya va Kimmihga emas, balki faqat va faqat oldinga tashlanadigan tezkor Dias va Xvichaga asoslangandi.
Murabbiylar qo‘yib berishdi
Vensan Kompani va Luis Enrike – total dogmatiklar emas, ammo shunga yaqinroq. Ular asosan o‘z falsafasiga qat’iy rioya qilishsa-da, vaqti-vaqti bilan top o‘yinlardagi raqiblarga syurprizlar tayyorlashadi va moslashadi.
Aks holda muxlislar maxsus effektlar ishlatilgan to‘liq metrajli «otishma»ga emas, shunchaki vaqti-vaqti bilan hujumlarga o‘tilgan parchalarga guvoh bo‘lishi mumkin edi. Murabbiylardan qaysi biridir himoyaviy yurishlar va futbolchi almashtirishlar orqali «yong‘in»ni o‘chirishga harakat qilishi mumkin edi.
Lekin shu kuni Kompani va Enrike o‘z jamoalarining shunday o‘yindagi imkoniyatlariga ishonishdi va yorqin futbolda kim yaxshiroq ekanini aniqlab olishni xohlashdi.
***
Bunday shou – hujum chizig‘ining yuqori darajasini ko‘rsatadimi yoki uyatli himoyani? Unisi ham, bunisi ham. Ammo kuchli hujum omili baribir muhimroq.
«Bavariya» va «PSJ» – boshqa raqiblarga qarshi o‘yinlarda yaxshi himoyalanadigan va ko‘p hujumlarni o‘tkazmaydigan jamoalardir. Muammo shundaki, ular ma’lum bir tarzda himoyalanishga odatlangan: nazorat + pressing. Raqiblar safidagi unikal futbolchilar tufayli bu uslub ishlamadi.
Uyog‘iga noodatiy kartinada futbolchilarning to‘psiz harakatlanishdagi kamchiliklari namoyon bo‘la boshladi – ayniqsa, bunday futbolga o‘rganmagan yarimhimoyachilar va himoyachilarning kamchiliklari. Bu epizodlarning bir qismini uyat va sirk sifatida tavsiflash mumkin, ammo bunga olib kelgan voqealarning to‘liq ketma-ketligini tushunish muhimdir. Shouning asosiy sababi – jamoalarning hujum mexanizmlarining o‘ziga xosligi edi.
Bunday aql bovar qilmas o‘yindagi paradoksni tahlil qilayotganda vaziyatlardan foydalanishdagi aniqlikni ham hisobga olish muhim. 5:4 – futbol uchun noyob hisob. Vaziyatlar/zarbalar soni yuqori edi, ammo gollar soni kabi haddan tashqari ko‘p emas.
Endi barcha Myunxenda bo‘lib o‘tadigan ikkinchi seriyani kutmoqda!
Sport
O‘zbekiston shaxmatda yangi kuchga aylanmoqda
AQShlik grossmeyster Fabiano Karuana shaxmatni qo‘llab-quvvatlash masalasida O‘zbekistonni namuna sifatida qayd etdi.
Uning ta’kidlashicha, AQShda shaxmat asosan xususiy homiylar hisobiga rivojlanmoqda, davlat ishtiroki esa deyarli yo‘q. Bu esa uzoq muddatli natijalarga salbiy ta’sir qilishi mumkin.
«AQShda shaxmat ko‘proq xususiy sektorga tayanadi. Bu esa tizimli rivojlanishni cheklaydi», – dedi Karuana.
Undan farqli ravishda, O‘zbekiston va Hindiston kabi davlatlarda shaxmat davlat darajasida qo‘llab-quvvatlanmoqda. Bu esa yangi iqtidorlarni muntazam ravishda yetishtirish imkonini bermoqda.
Sport
Sobiq jahon chempionlari Fyuri va Joshua jang haqida kelishib oldi
«Britaniya boksi tarixidagi eng yirik jang» oktabr-dekabr oylarida bo‘lib o‘tadi.
Entoni Joshua va Tayson Fyuri Foto: PA Images; Reuters
Britaniyalik bokschilar Tayson Fyuri va Entoni Joshua jang o‘tkazishga kelishib oldi. Bu haqda Saudiya Arabistoni Bosh ko‘ngilochar boshqarmasi raisi Turkiy Ash-Shayx ijtimoiy tarmoqda ma’lum qildi.
«Buyuk Britaniyadagi do‘stlarim, bu jang bo‘ladi. Shartnoma imzolandi», deb yozdi u.
The Ring jurnalisti Mayk Koppinger so‘zlariga ko‘ra, jang 2026 yil to‘rtinchi choragida (oktabr-dekabr) bo‘lib o‘tadi. U bo‘lajak bellashuvni «Britaniya boksi tarixidagi eng yirik jang» deb atadi.
37 yoshli Tayson Fyuri Butunjahon boks assotsiatsiyasi (WBA), Butunjahon boks tashkiloti (WBO), Xalqaro boks tashkiloti (IBO), Xalqaro boks federatsiyasi (IBF) va Butunjahon boks kengashi (WBC) unvonlariga egalik qilgan. Uning hisobida 35 ta g‘alaba, ikkita mag‘lubiyat va bitta durang bor.
Entoni Joshua 36 yoshda. U IBF, WBA, WBO va IBO kamarlariga ega edi. Professional ringda britaniyalik 29 ta g‘alaba qozondi va to‘rtta mag‘lubiyatga uchradi.
Sport
O‘zbekiston bokschilari Jahon kubogi ilk bosqichida 3 ta medalni qo‘lga kiritdi
Braziliyada bo‘lib o‘tgan turnirda O‘zbekiston terma jamoasi medallar jadvalida 6-o‘rinni egalladi.
World Boxing federatsiyasi tomonidan tashkil etilgan Jahon kubogining birinchi bosqichida O‘zbekiston terma jamoasi medallar jadvalida 6-o‘rinni egalladi.
Musobaqa 18-27 aprel kunlari Braziliyaning Fos-du-Iguasu shahrida o‘tkazildi. O‘zbekistonliklar nufuzli musobaqada 4 ta bokschi bilan ishtirok etib, 2 ta oltin va 1 ta bronza medalni qo‘lga kiritdi.
-48 kg vaznda Farzona Fozilova va -65 kg vaznda Navbahor Hamidova shohsupaning yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi. -90 kg vaznda Jahongir Zokirov bronza medaliga ega chiqdi. -51 kg vaznda Feruza Kazakova medalsiz qoldi.
Jahon kubogining birinchi bosqichida Braziliya (5 ta oltin, 4 ta kumush) birinchi, Xitoy (4-0-1) ikkinchi, Qozog‘iston (3-1-3) uchinchi o‘rinni egalladi.
Musobaqada 50 ta mamlakatdan 400 dan ortiq bokschi ishtirok etib, rekord ko‘rsatkichga erishdi.
Jahon kubogining ikkinchi bosqichi 15-21 iyun kunlari Xitoyning Guyyang shahrida o‘tkaziladi. Yakuniy bosqich 25 noyabr – 2 dekabr kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tadi.
Sport
Keniyalik atlet tarixda birinchi bo‘lib marafonni ikki soatdan kam vaqt ichida yugurib o‘tdi
London marafonining har uchala sovrindori jahon rekordini yangilashga muvaffaq bo‘ldi.
Foto: Alex Davidson/Getty Images
Keniyalik marafonchi Sebastyan Save tarixda birinchi bo‘lib marafon masofasini (42,195 km) ikki soatdan kam vaqtda bosib o‘tgan atletga aylandi. U London marafonida 1 soat 59 daqiqa 30 soniya natija qayd etdi.
Marraga ikkinchi bo‘lib efiopiyalik Yomif Kejyelcha (1:59.41) keldi, 2020 yilgi Olimpiya o‘yinlari sovrindori, ugandalik marafonchi Jyeykob Kiplimo esa 2:00.28 natija bilan uchinchi o‘rinni egalladi.
Bundan avvalgi jahon rekordi 2023 yil oktyabrida o‘rnatilgandi. O‘shanda keniyalik marafonchi Kelvin Kiptum Chikago marafonida masofani 2 soat 35 soniyada bosib o‘tgan. Shu tariqa, London marafonining uchala sovrindori ham Kiptumning natijasini ortda qoldirdi.
Save vatandoshi Eliud Kipchoge olti yil avval ko‘rsatgan norasmiy natijani ham ortda qoldirdi. O‘shanda Kipchoge Venada ko‘plab peysmeykerlar (yordamchi atletlar) va mashinalar hamrohligida, deyarli ideal sharoitlarda yugurgandi. U 1:59.41 natija qayd etgan, ammo World Athletics buni rasmiy rekord sifatida tan olmagan.
Save 2024 yilgi Valensiya marafonida 2:02.05 natija bilan shaxsiy rekordini o‘rnatgandi. Ammo o‘tgan yilgi London marafonida garchi g‘alaba qozongan bo‘lsa-da, shaxsiy rekordini yangilay olmagandi (2:02.27), sentabrda bo‘lib o‘tgan Berlin marafonida esa 2:02.16 natija bilan g‘olib bo‘lgandi.
-
Siyosat5 days ago
Prezident eksport qilishda tadbirkorlarga yordam bermayotgan hokimlarni ogohlantirdi
-
Siyosat5 days agoYevropa Ittifoqi Rossiya mudofaa sanoatiga xomashyo yetkazib bergan ikki O‘zbekiston shirkatiga sanksiyalar kiritdi
-
Dunyodan4 days ago
Livan-Isroil o’t ochishni to’xtatish muddati uch haftaga uzaytirildi
-
Jamiyat3 days agoJomboyda mast haydovchi YTH sodir etdi
-
Dunyodan3 days ago
AQSh Eronga qarshi urush uchun har soniyada 11,5 ming dollar sarflamoqda
-
Dunyodan5 days ago
267 nafar farzandni tarbiyalagan “Super dada” (foto)
-
Jamiyat4 days agoToshkentda elektr korxonasi muhandislari 8 ming dollar bilan ushlandi
-
Siyosat4 days agoShavkat Mirziyoyev: dunyo oldingidek «sokin» bo‘lmaydi
