Jamiyat
«Ishga kirituvchi» boshliq va «bog‘cha ochib beruvchi» bosh mutaxassis pora bilan qo‘lga tushdi
Qashqadaryo va Farg‘onada korrupsion holatlar aniqlandi, deb xabar berdi DXX.
Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumani favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i 2 nafar fuqaroning joriy yil iyul oyida FVV Shahrisabz va Chiroqchi tumanlari bo‘limlari kasbiylashtirilgan yong‘in-qutqaruv qismlariga haydovchi vazifasiga ishga qabul qilinganliklaridan foydalanib, go‘yoki ularning ishga kirishlarida ko‘maklashganini ro‘kach qilib, 6 ming AQSh dollari talab qilgan.
DXX va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari o‘tkazgan tezkor tadbirda mazkur mansabdor Shahrisabz tuman FVB ma’muriy binosida so‘ralgan puldan 3,5 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ushlangan.
Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168 va 211-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shunday qonunbuzarlik Farg‘ona viloyatida ham aniqlandi. Marg‘ilon shahar Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi bosh mutaxassisi fuqaroga davlat xususiy sherikchilik asosida bog‘cha ochishi uchun vazirlikda ishlovchi tanishlari orqali ruxsatnoma olib berishni va’da qilib, evaziga xizmat xonasida 2 ming AQSh dollarini olgan vaqtida DXX va IJQKD xodimlari tomonidan ushlangan.
Foto: DXX
Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168 va 211-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.
Jamiyat
Farg‘onada og‘ufurushlarga nisbatan sud hukmi o‘qildi
Farg‘ona viloyatida yirik miqdordagi giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyat ishi bo‘yicha 5 nafar shaxsga nisbatan sud hukmi chiqarilib, ular 12 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum etildi.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish doirasida Farg‘ona viloyatida navbatdagi tezkor tadbir o‘tkazildi.
Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, muqaddam narkokurerlar tomonidan katta miqdordagi giyohvandlik vositalari Afg‘onistondan kontrabanda yo‘li bilan Surxondaryo viloyati hududiga olib o‘tilib, keyinchalik Yozyovon tumanidagi dala maydoniga berkitib ketilgan.
Tezkor tadbir davomida Marg‘ilon shahrida yashovchi, 1983 yilda tug‘ilgan xususiy tadbirkor va uning 1989 yilda tug‘ilgan jinoiy sherigi mazkur xufiya joydan 9 kg 896 gramm “gashish” moddasini olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Qo‘lga olish jarayonida voqea joyidan qochishga uringan tadbirkorning yonidan 14,5 ming AQSh dollari va 6 mln 250 ming so‘m pul mablag‘lari ham olingan.
Shuningdek, tergovga qadar tekshiruv davomida ushbu jinoyatga aloqador bo‘lgan Farg‘ona shahrida yashovchi, 1980 yilda tug‘ilgan fuqaroning xonadonidan 110 gramm “opiy” moddasi, 2 ta elektron tarozi, 1200 AQSh dollari hamda 28 mln so‘m musodara qilingan.
Tergov harakatlari davomida mazkur noqonuniy faoliyatga 1990 va 1995 yillarda tug‘ilgan aka-ukalarning ham aloqadorligi aniqlangan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Bog‘dod tuman sudi hukmiga ko‘ra, ushbu 5 nafar sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 246-, 273- va 276-moddalari bilan aybdor deb topilib, ularga 12 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Jamiyat
Farg‘onadagi muzeyda yana 11 dona eksponat yo‘qolgan. Bu – muzey bilan bog‘liq birinchi holat emas
Farg‘ona viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi hamda ushbu muzeyning Shohimardon tabiat muzeyi filiali fond saqlovida bo‘lgan 11 dona muzey eksponatlari yo‘qolgan.
Madaniy meros agentligi direktorining tegishli buyrug‘i bilan holat yuzasidan muzey mas’ul xodimlariga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlandi.
Qayd etilishicha, xizmat tekshiruvi o‘tkazish bo‘yicha qaror Farg‘ona tumani Ichki ishlar bo‘limining 2026-yil 18-fevraldagi taqdimnomasidan so‘ng qabul qilingan.
Holat yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazish bo‘yicha komissiyaga IIB taqdimnomasida qayd etilgan barcha holatlarni belgilangan tartibda qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiq atroflicha va xolisona o‘rganib chiqish hamda xizmat tekshiruvi yakuni bo‘yicha ma’lumotni Madaniy meros agentligi direktoriga va Farg‘ona tumani Ichki ishlar bo‘limiga taqdim etish vazifasi yuklangan.
«Xabar.uz»ning Farg‘ona viloyati IIB bilan bog‘lanib, ushbu vaziyat yuzasidan bergan aniqlashtiruvchi savollari esa ochiq qoldirildi.
Eslatib o‘tamiz, 2022-yilning yoz oylarida ham Farg‘ona viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyida saqlanayotgan umumiy bahosi 2,5 mlrd. so‘mlik 70 ta noyob eksponatlar (ulardan 56 tasi rangtasvir asarlari) qalbakilashtirilgani, muzeyni kapital ta’mirlash uchun budjetdan ajratilgan 3,1 mlrd. so‘m mablag‘ning 1,4 mlrd. so‘mi mansabdor shaxslar tomonidan talon-toroj qilingani aytilgan edi.
Shuningdek, muzeyda saqlanishi lozim bo‘lgan 1 dona rangtasvir va 1 dona grafika asari topilmagan.
Biroq, keyinchalik «Xabar.uz» qo‘lga kiritgan sud hujjatlariga ko‘ra, muzey xodimlarining ikki nafari – muzey direktori va muhofizi mazkur jinoiy ish doirasida tergov bergan va sudda 4 dona orden va medallarni yo‘qotish, 14 dona ordenni esa qalbakilashtirishda aybli deb topilgan hamda tegishli tartibda jazoga tortilgan. Muzeyni kapital ta’mirlash uchun ajratilgan, biroq o‘zlashtirib yuborilgan pullar miqdori ham 1,6 mlrd hisoblangan (mazkur jinoiy ish tafsilotlari haqida keyinroq xabar joylanadi. Unda, jumladan, «ish»ga aloqador 1938-43 yillarda O‘zbekiston SSR Oliy Soveti Prezidiumi raisi bo‘lgan Yo‘ldosh Oxunboboyevning shaxsiga doir ayrim ma’lumotlar ham keltiriladi, -tahr.).
Bundan tashqari, 2011-yilda muzeydan noma’lum sabablarga ko‘ra, Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasiga jo‘natilgan 21 nomdagi ashyolarning 7 donasi ham g‘oyib bo‘lgan.
Muzeydagi eksponatlarning yo‘qolganidan biroz vaqt o‘tib esa, aniqrog‘i 2024-yilning 11-aprelida mazkur muzeyda to‘satdan yong‘in chiqqan va bir nechta qimmatbaho eksponatlar jiddiy zararlangan.
Jamiyat
jarima balli haqiqiy huquqbuzarga yozilishi uchun nima qilish kerak?
Qoidabuzarlik uchun javobgarlikni boshqa shaxsga o‘tkazish xizmati my.gov.uz portalida ishga tushirildi. Maqolada buni amalga oshirish tartibi, qaysi qoidabuzarlikka nechchi ball berilishi va jarima ballari qanday hisoblanishi bilan tanishasiz.
Qanday amalga oshiriladi?
my.gov.uz portalida o‘z shaxsiy kabinetingizga kirasiz.
So‘ngra qidiruv bo‘limiga xizmat nomini yozib, uni tanlaysiz.
Shundan so‘ng xizmat sahifasi ochiladi. Bu yerda “xizmatdan foydalanish” tugmasini bosasiz.
1-qadamda “keyingisi” tugmasini bosish orqali ommaviy oferta talablarini qabul qilgan bo‘lasiz.
2-qadamda onlayn ariza so‘rovnomasi shakllantiriladi. Ariza beruvchi unda javobgarlikni o‘z zimmasiga oluvchi haydovchining shaxsini tasdiqlovchi hujjat ma’lumotlarini, muddatni ko‘rsatadi. Elektron ishonchnoma va sug‘urta ma’lumotlari avtomatik ravishda tekshiriladi. Agar mashina bosh ishonchnoma asosida boshqarilayotgan bo‘lsa, uning elektron nusxasi so‘rovnomaga ilova qilinadi.
Shundan so‘ng “yuborish” tugmasi bosiladi. Haydovchi my.gov.uz profilidagi “Xabarnomalar” bo‘limiga kirib, arizani elektron raqamli imzo, Mobile-ID yoki Face-ID orqali tasdiqlaydi. So‘rovnoma tasdiqlangach, belgilangan to‘lov amalga oshiriladi hamda ma’lumotlar avtomatik ravishda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati axborot tizimiga yuboriladi.
Qoidabuzarlik uchun javobgarlikni boshqa shaxsga o‘tkazishni Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining mobil ilovasi orqali ham amalga oshirish mumkinligi bildirilgan.
Xizmat narxi qancha?
Ushbu xizmat uchun BHMning 10 foizi (41 200 so‘m), ariza my.gov.uz orqali topshirilganda esa 9 foizi miqdorida (37 080 so‘m) yig‘im undiriladi.
Ijtimoiy reyestrdagilar hamda I va II guruh nogironlari uchun 50 foiz chegirma bor. Shuningdek, davlat organlari va yo‘lovchi tashuvchilar uchun o‘z xodimlariga javobgarlikni rasmiylashtirish bepul.
Ko‘rib chiqish muddati
Ariza jismoniy shaxslar uchun avtomatik, agar bosh ishonchnoma bo‘lsa 5 ish kunida, yuridik shaxslar uchun esa 5 ish kunida ko‘rib chiqiladi.
Yuridik shaxslar uchun tartib bor: tashkilot rahbari har bir mashina uchun alohida ariza yuboradi va ishonchnoma, sug‘urta polisi yoki yo‘l varaqasini ilova qiladi.
Xizmatdan foydalanmasa nima bo‘ladi?
Ayrimlar mashinani ishonchnoma asosida boshqaradi. Agar qoidabuzarlik uchun javobgarlik ishonchnoma berilgan haydovchiga o‘tkazilmasa yoki javobgarlikni qabul qilib oluvchi buni tasdiqlamasa, jarima ballari mashina egasiga yoziladi (haydovchilik guvohnomasi bo‘lgan taqdirda).
Agar qabul qilib oluvchi shaxs buni tasdiqlamasa, shuningdek, transport vositasining mulkdorida haydovchilik guvohnomasi bo‘lmasa, bunday transport vositalarida sodir etilgan qoidabuzarliklar uchun hisoblanadigan jarima ballari yig‘indisi 12 balldan oshganda, jarima maydonchasiga joylashtirish orqali vaqtincha ushlab turiladi.
Eslatib o‘tamiz, 1 apreldan foto va video qurilmalar ham yo‘ldagi qoidabuzarliklar uchun jarima ballari hisoblashni boshladi. 2025 yil 1 iyundan buyon faqat yo‘l harakati xavfsizligi xodimi tomonidan qo‘l rejimida qayd etilgan qoidabuzarliklarga nisbatan jarima ballari hisoblab kelinayotgandi.
Qaysi qoidabuzarlikka nechchi ball?
Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 6 maydagi tegishli qarori bilan jarima ballari hisoblanishi belgilangan qoidabuzarlik va jarima ballarining miqdorlari tasdiqlangan.
Tizimda quyidagi qoidabuzarliklar uchun jarima ballari belgilangan:
tormoz tizimida, rul boshqaruvida yoki ulovchi qurilmada nosozligi bo‘lgan yoxud tegishli ruxsatnomasiz qayta jihozlangan transport vositalarini boshqarish — 0,3 ball;
foydalanish belgilangan tartibda man etilgan transport vositalarini, xuddi shuningdek davlat raqam belgisi o‘zboshimchalik bilan yechib olingan transport vositalarini boshqarish — 1 ball;
texnik reglamentga muvofiq bo‘lmagan ko‘zgusimon yoki tusi o‘zgartirilgan oynali transport vositalaridan, xuddi shuningdek haydovchining o‘rnidan tevarak-atrofni ko‘rishni cheklaydigan qo‘shimcha narsalar o‘rnatilgan yoki qoplamalar surtilgan transport vositalaridan foydalanish — 0,5 ball. Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa — 1 ball. Oynalar tusini o‘zgartirish uchun tegishli ruxsatnoma berilgan transport vositalari bundan mustasno.
tovush signalini sababsiz berish, transport vositalariga uni ishlab chiqargan korxona nazarda tutmagan tovush chiqaruvchi va yorituvchi qurilmalarni o‘rnatish, xuddi shuningdek ularni o‘zgartirib o‘rnatish — 0,2 ball;
tezlikni soatiga 20 kilometrdan ko‘p bo‘lmagan kattalikda oshirib yuborish — 0,5 ball;
tezlikni soatiga 20 kilometrdan ortiq, lekin 40 kilometrdan ko‘p bo‘lmagan kattalikda oshirib yuborish — 1 ball;
tezlikni soatiga 40 kilometrdan ortiq, lekin 60 kilometrdan ko‘p bo‘lmagan kattalikda oshirib yuborish — 1,5 ball;
tezlikni soatiga 60 kilometrdan ortiq kattalikda oshirib yuborish — 2 ball;
svetoforning taqiqlovchi signaliga yoki yo‘l harakatini tartibga soluvchining taqiqlovchi ishorasiga bo‘ysunmasdan o‘tish — 1 ball;
tezkor va maxsus xizmatlarning ko‘k yoki qizil yoxud ko‘k va qizil rangli yaltiroq mayoqchani yoqqan holda hamda maxsus tovushli signal bilan yaqinlashib kelayotgan transport vositalari to‘siqsiz o‘tib ketishi uchun transport vositalari haydovchilari tomonidan xalaqit berish — 0,5 ball;
yo‘lning qarama-qarshi harakatlanish uchun mo‘ljallangan tomoniga yoki bo‘lagiga yo‘l harakati qoidalarini buzgan holda chiqish, xuddi shuningdek avariya holati yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan, ya’ni yo‘l harakatining boshqa qatnashchilarini tezlikni, harakat yo‘nalishini keskin o‘zgartirishga yoki o‘z xavfsizligini yoxud boshqa fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash uchun o‘zga choralarni ko‘rishga majbur qiluvchi huquqbuzarlikni sodir etish — 1 ball;
to‘xtash yoki to‘xtab turish qoidalarini buzish — 0,2 ball;
odam tashish qoidalarini buzish — 0,3 ball;
avtobus va mikroavtobuslarda ichki ishlar organlarining hamrohligisiz odam tashish, agar ularning hamrohligida odam tashish shart bo‘lsa — 0,5 ball;
quvib o‘tish qoidalarini buzish — 1 ball;
yo‘l harakati xavfsizligiga tahdid soluvchi yoki avariya holatini keltirib chiqaruvchi guruh bo‘lib harakat qilishda qatnashish — 1,5 ball;
temiryo‘lning o‘tish joylaridan o‘tish qoidalarini buzish — 1 ball;
yo‘l-transport hodisasi qatnashchilarining belgilangan qoidalarni buzgan holda hodisa yuz bergan joydan ketib qolishi — 2 ball.
Qanday hisoblanadi?
Belgilangan tartibga ko‘ra, jarima ballari 12 oy davomida baholab boriladi. Bunda jarima ballari haydovchilar qoidabuzarlikni birinchi marta sodir etgan kundan boshlab, keyingi yil shu kunga qadar amalda hisoblanadi.
Jarima ballarini hisoblash davrida jami jarima ballari 12 ballga yetmasa, to‘plangan ballar kuyib ketadi. Ya’ni keyingi jarima ballarini hisoblash davri uchun hisoblanishiga yo‘l qo‘yilmaydi hamda jarima ballarini hisoblash yangidan boshlanadi.
Sodir etilgan qoidabuzarliklar 8 jarima balliga teng bo‘lganda, haydovchilar telefoniga “SMS” xabar yuborish yo‘li bilan ogohlantiriladi. Jarima ballari miqdori bir yil davomida 12 balldan oshganda haydovchilarning qoidabuzarliklari to‘g‘risidagi ma’lumotlar ma’muriy jazo qo‘llash uchun jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudlariga inson omilisiz avtomatik tarzda elektron shaklda yuboriladi.
12 oy mobaynida yo‘l harakati qoidalarini buzmagan haydovchilarga rag‘batlantirish tariqasida keyingi davrda qoidalarni birinchi marta buzganligi uchun birinchi jarima balli hisoblanmaydi. Bunda ular asosiy jazodan ozod etilmaydi. Shuningdek, haydovchiga jarima balli yozilganidan keyin u 6 oy davomida boshqa qoidabuzarlik sodir etmasa, uning jarima ballaridan 2 jarima balli chegirib tashlanadi.
12 oy ichida 12 ball to‘plagan haydovchilar 6 oydan 3 yilgacha muddatga haydovchilik guvohnomasidan mahrum bo‘ladi. Haydovchilik guvohnomasidan mahrum etilgan shaxs yana rulga o‘tirsa, buning uchun jinoiy javobgarlikka tortiladi.
Jamiyat
O‘zbekistonga kelayotgan sayyohlar soni 20 mln kishiga yetkaziladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1-aprel kuni mamlakatimizda tashrif bilan bo‘lib turgan «BMT Turizm» bosh kotibi Shayxa Nosir Al Novaysni qabul qildi.
O‘zbekiston va BMTning ushbu ixtisoslashgan muassasasi o‘rtasidagi ko‘p qirrali va uzoq muddatli hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Tashkilot rahbari O‘zbekistonda turizm sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuksak baholadi. Sayyohlik infratuzilmasini modernizatsiya qilish va xizmatlarni diversifikatsiya qilish bo‘yicha izchil choralar amalga oshirilmoqda. Aviaqatnovlar geografiyasi kengaymoqda, yangi muzeylar tashkil etilmoqda, yirik madaniy tadbirlar muntazam o‘tkazilmoqda.
So‘nggi 8 yilda yurtimizga kelgan sayyohlar soni 6 barobar ko‘payib, qariyb 12 million nafarga yetgani alohida qayd etildi. 2030-yilga qadar ularning sonini 20 millionga, turizmning mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotidagi ulushini esa 7 foizga yetkazish rejalashtirilgan.
O‘zbekiston va «BMT Turizm» o‘rtasidagi hamkorlik jadal sur’atda rivojlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan ta’kidlandi. 2023-yilda Samarqand shahrida Tashkilot Bosh Assambleyasi muvaffaqiyatli o‘tkazildi, Xalqaro turizm akademiyasi tashkil etildi, yaqinda esa «Ipak yo‘lida turizm» mavzusidagi ofisning ochilishi bo‘lib o‘tadi.
O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 2027-yilni Xalqaro barqaror va yashovchan turizm yili deb e’lon qilish to‘g‘risidagi rezolyusiyasi qabul qilindi.
Suhbat chog‘ida tomonlar sheriklikni yanada rivojlantirish, jumladan, sayyohlik sohasida xalqaro huquqiy bazani takomillashtirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, ekspertlik va texnik hamkorlikni kengaytirish, turizm sohasi uchun yuqori malakali kadrlarni tayyorlash niyatida ekanini qat’iy tasdiqladilar.
Jamiyat
Toshkentda mast haydovchi ichki ishlar xodimiga musht tushirdi
Toshkentda mast holatda avtomashina boshqarib, yo‘l-transport hodisasi sodir etgan, PPX xodimiga qo‘l ko‘targan haydovchiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda YHXX xabar berdi.
Holat 30 mart kuni tungi vaqtda Yashnobod tumanida sodir bo‘lgan.
Ma’lum qilinishicha, Malibu va Leapmotor mashinalari o‘zaro to‘qnashib ketgach, haydovchilar o‘rtasida tortishuv yuzaga kelgan. So‘ngra Leapmotor haydovchisi 102 raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, davlat raqam belgisiga ega bo‘lmagan Malibu haydovchisi avariya sodir etib, unga nisbatan qo‘pollik qilayotgani haqida xabar bergan.
Murojaatga asosan voqea joyiga yetib borgan yo‘l-patrul xizmati xodimlari holatni rasmiylashtirishga kirishgan. Mast holatda mashina boshqarib kelgan Malibu haydovchisiga alkotester orqali tekshiruvdan o‘tish taklif qilingan.
Haydovchi esa qarshilik ko‘rsatib, xodimlardan biriga musht tushirgan.
Shundan keyin u boshqa xodimlar hayoti, sog‘lig‘iga zarar yetkazishning oldini olish maqsadida maxsus vositalarni qo‘llagan holda zararsizlantirilgan.
Haydovchi spirtli ichimlik ichgani sababli qo‘li ko‘tarilib ketganini aytib, uzr so‘ragan.
«Leapmotor avtomashinasini turtib oldim. To‘xtab, nima bo‘ldi ekan, deganimda kayfligim sababli u bilan g‘ijillashganimda 102 ga qo‘ng‘iroq qilib, GAI chaqirgandi. PPX xodimlari ham kelgandi. Ichganligim sababli qo‘lim ko‘tarilib ketdi. Mingdan ming pushaymonman qilgan ishimdan. Ichki ishlar xodimlaridan uzr so‘rayman. Bu hol boshqa takrorlanmaydi», – deydi haydovchi.
Hozirda u protsessual tartibda ushlangan. Holat yuzasidan hokimiyat vakiliga qarshilik ko‘rsatish va bezorilik bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
-
Dunyodan5 days agoOrmuz boʻgʻozi taqdirini hal qiluvchi yetti orol
-
Siyosat4 days agoOʻzbekiston va Afgʻoniston oʻrtasida iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash boʻyicha qoʻshma ishbilarmonlar kengashi tuzildi
-
Jamiyat3 days agoMITʼdan 100 foiz grant yutgan sirdaryolik Asilbek Sunnatov
-
Dunyodan4 days ago
AQShda hukumatga qarshi ommaviy namoyishlar boshlandi
-
Sport5 days agoEronlik futbolchilar Minob qurbonlarini xotirladi
-
Jamiyat4 days ago
Shaxsga doir muhim ma’lumotlar O‘zbekiston hududida saqlanishi shartligi belgilandi
-
Iqtisodiyot2 days ago
O‘zbekistonda qaysi xorijiy davlat IT kompaniyalari ko‘p?
-
Jamiyat5 days ago
yilning eng yirik media loyihasi start olmoqda
