Iqtisodiyot
Mehnat huquqiga oid farmon: nimalar o‘zgarmoqda?
Uchta sohadagi kichik biznes xodimlarni Face-ID orqali ishga olishi mumkin bo‘ladi. Ish beruvchilar ayrim majburiyatlardan qutuladi. Xodimni norasmiy ishlatganlik uchun jazo kuchayadi. Ishsizlik nafaqasini to‘lash shartlari qat’iylashadi. Mehnat inspeksiyasi biznes-ombudsmanni xabardor qilmasdan tekshiruv o‘tkazish huquqini oladi. Malakasini oshirmoqchi bo‘lgan xodimlarga davlat qarz beradi.
Sun’iy intellekt yaratgan surat
4 avgust kuni O‘zbekiston prezidenti mehnat munosabatlari va kasbga tayyorlash tizimiga oid farmon imzoladi. Bandlik vazirligi matbuot xizmati Kun.uz’ga farmondagi muhim yangiliklar haqida ma’lumot berdi.
Hujjatga ko‘ra, 2025 yil 1 sentabrdan boshlab:
50 nafargacha xodimi bo‘lgan xizmat ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligi va qurilish sohasida faoliyat ko‘rsatuvchi xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga biometrik identifikatsiya qilish (Face-ID) orqali elektron mehnat shartnomalarini tuzish va bekor qilishni rasmiylashtirish huquqi beriladi;
bo‘sh ish o‘rinlari mavjudligi to‘g‘risidagi hisobotlarni majburiy taqdim etish tartibi bekor qilinadi;
bo‘sh ish o‘rinlariga mehnat organlari tomonidan yuboriladigan shaxslarni ishga qabul qilmaganlik uchun javobgarlik bekor qilinadi;
ish o‘rinlarini zaxiralash tizimi xodimlar soni 100 nafardan ortiq korxona va tashkilotlarga nisbatan tatbiq etiladi;
ish o‘rinlarini zaxiralash tizimi faqat nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslar uchun tatbiq etiladi; budjet tashkilotlari hamda davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan korxonalar uchun zaxiralashning amaldagi tizimi saqlab qolinadi.
2025 yil 1 avgustdan boshlab davlat mehnat inspektorlari tomonidan o‘tkaziladigan tekshiruvlar bo‘yicha vakolatli organni xabardor qilish tartibi bekor qilindi.
2025 yil 1 oktyabrdan boshlab norasmiy bandlikka yo‘l qo‘ygan ish beruvchilarga nisbatan ma’muriy javobgarlik choralari kuchaytiriladi.
2025 yil 1 noyabrdan boshlab doimiy ishga ega bo‘lgan hamda malakasini oshirish istagidagi shaxslarga qo‘shimcha ta’lim olishi uchun “kasb vaucheri” joriy etiladi. “Kasb vaucheri” ssuda ko‘rinishida beriladi. Shaxs o‘qishni tugatib sertifikat olgach, ishga joylashganidan so‘ng, ssudani 2 yil davomida qaytaradi.
2025 yil 1 noyabrdan boshlab ishsizlik nafaqasini to‘lash shartlari qat’iylashadi. Ishsiz qolgan fuqaro bu nafaqani olish uchun so‘nggi 5 yilda kamida 18 oy ishlagan bo‘lishi va oxirgi ish joyidan bo‘shaganidan keyin 6 oy ichida murojaat qilishi kerak. Nafaqa 3 oy davomida to‘lanadi.
2026 yil 1 yanvardan boshlab YaMMT orqali qayd etilgan mehnat qonunchiligi buzilishini ish beruvchi ishtirokisiz ko‘rib chiqish hamda qonunbuzilishi holatlari bo‘yicha elektron ma’muriy qaror qabul qilish tizimi joriy etiladi.
2026 yil 1 martga qadar kasb-hunarga o‘qitish bosqichma-bosqich uch bosqichli (videodarsliklar, kasbga o‘qitish va malaka oshirish) tizimga o‘tkaziladi. Nazariy bosqichni o‘zlashtirgan va testdan o‘ta olgan tinglovchilargina amaliy o‘quv bosqichiga o‘tkaziladi.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda chetdan xomashyo olib keladigan yangi kompaniya tuzilib, unga 200 mln dollar ajratiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilayotgan yig‘ilishda metallurgiya sanoatini rivojlantirish, xomashyo bazasini mustahkamlash va mahalliylashtirish darajasini oshirishga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilandi.
Qayd etilishicha, Toshkent viloyati, Samarqand va Surxondaryoda ham temir zaxiralari mavjudligi prognoz qilinmoqda. Shu munosabat bilan temir sifati uchun zarur bo‘lgan marganets va ferrosilitsiy kabi minerallar zaxiralarini ko‘paytirish vazifasi qo‘yildi.
Mutasaddilarga sun’iy intellekt yordamida geologik maydonlarni tahlil qilib, bir oy muddatda temir hamda uni boyitish uchun zarur minerallar zaxiralarini oshirish bo‘yicha geologiya dasturini ishlab chiqish topshirildi. Hudud rahbarlariga esa bu jarayonlarga yirik tadbirkorlarni jalb qilish vazifasi yuklatildi.
Bugungi kunda mamlakatda metallurgiya sohasida 150 ga yaqin o‘rta va kichik xususiy korxona faoliyat yuritmoqda. Qurilish materiallari sohasidagi islohotlardan keyin hududlarda metall mahsulotlari ishlab chiqarishga qaratilgan yangi loyihalar boshlangani qayd etildi.
Xususiy korxonalarni xomashyo bilan barqaror ta’minlash maqsadida import xomashyoni markazlashgan tarzda olib kelish bo‘yicha alohida kompaniya tashkil etiladi. Ushbu tuzilmaga 200 million dollar ajratiladi, import qilingan xomashyo esa faqat birja savdolari orqali sotiladi.
Yig‘ilishda iqtisodiyotning yangi texnologik bosqichga o‘tayotgani munosabati bilan metall mahsulotlari turini ko‘paytirish, shuningdek, yirik metallurgiya korxonalari va xususiy sektor o‘rtasida kooperatsiyani kuchaytirish zarurligi ham ta’kidlandi.
Ma’lum qilinishicha, mamlakatda choksiz quvurga bo‘lgan yillik talab 280 million dollarga teng. Asosiy tashqi savdo hamkorlari esa har yili 1,5 milliard dollarlik shunday mahsulot import qiladi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, choksiz quvur ishlab chiqarishni mahalliylashtirish uchun 275 million dollar investitsiya talab etiladi. Bu orqali yiliga 450 million dollarlik mahsulot ishlab chiqarish va uning 170 million dollarlik qismini eksport qilish imkoniyati yaratiladi.
Shuningdek, ishga tushirilgan quyuv-prokatlash majmuasi avtomobilsozlik, maxsus transport, texnologik uskunalar, maishiy va qishloq xo‘jaligi texnikasi hamda qurilish materiallari uchun 1,5 milliard dollarlik mahsulotni mamlakatning o‘zida ishlab chiqarish imkonini beradi. Mas’ullarga uch oy muddatda choksiz quvur, sovuq prokat, metallni 3D usulda bosib chiqarish va yuqori aniqlikda ishlov berish bo‘yicha loyihalar paketini tayyorlash topshirildi.
Iqtisodiyot
Apple yana dunyoning eng qimmat kompaniyasiga aylandi
Apple kompaniyasi kapitallashuv bo‘yicha grafik protsessorlar ishlab chiqaruvchi Nvidia kompaniyasidan o‘zib ketdi.
Foto: Adam Gray/Bloomberg
Bloomberg xabariga ko‘ra, Apple kompaniyasi kapitallashuv bo‘yicha grafik protsessorlar ishlab chiqaruvchi Nvidia kompaniyasidan o‘zib ketdi va dunyoning eng qimmat ommaviy kompaniyasiga aylandi.
17 iyul kuni Nvidia aksiyalari 3,7 foizga arzonlashdi, oqibatda kompaniyaning bozor qiymati 4,8 trillion dollargacha tushdi. O‘z navbatida, Apple aksiyalari 0,4 foizga qimmatlab, kompaniya kapitallashuvi 4,9 trillion dollarga yetdi.
Nvidia 2025 yilning may oyidan buyon birjadagi eng qimmat kompaniyalar reytingini boshqarib kelayotgan edi. Oktabr oyida uning kapitallashuvi besh trillion dollarga yetgan.
Reuters nashrining qayd etishicha, eng qimmat kompaniyalar ro‘yxatida yetakchining o‘zgarishi investorlar e’tiborini Nvidia kabi «sun’iy intellekt bumining eng yaqqol benefitsiarlari» doirasidan tashqariga kengaytira boshlaganidan dalolat beradi. Tahlilchilarning so‘zlariga ko‘ra, Apple o‘z modellarini rivojlantirishga mablag‘ sarflamagani uchun sun’iy intellekt poygasida ortda qolayotgan hisoblanardi, biroq endi «kayfiyat o‘zgargan».
«Apple <…> sun’iy intellektni servislari orqali monetizatsiya qilish, foydalanuvchilarni o‘z ekotizimiga bog‘lash va uskunalarni yangilash uchun ancha qulayroq mavqega ega. Qayta baholash sun’iy intellekt bilan bog‘liq spekulyativ o‘sishni emas, balki [kompaniya] daromadining barqarorligiga bo‘lgan ishonchni aks ettiradi», deb ta’kidladi BRI Wealth Management investitsiya bo‘limi rahbari Toni Medouz.
Iqtisodiyot
Dollar kursi qimmatlashuvi davom etadi
Markaziy bank 2026-yil 14-iyuldan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 16,89 so‘mga oshib, 12 092,87 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 24,14 so‘mga oshdi va 13 824,57 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 16 194,77 so‘m bo‘ldi (+0,88).
Rossiya rubli 157,13 so‘m etib belgilandi (-0,19).
Foto: Markaziy bank
Iqtisodiyot
Tadbirkorlar uchun valuta operatsiyalarida yangi yengillik joriy etildi
O‘zbekistonda valuta operatsiyalarini amalga oshirish qoidalariga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, tadbirkorlik sub’yektlari endilikda ichki valuta bozoridan sotib olingan valuta mablag‘laridan foydalanish maqsadini qayta sotib olish amaliyotisiz o‘zgartirishi mumkin.
Adliya vazirligi tomonidan O‘zbekistonda valuta operatsiyalarini amalga oshirish qoidalarining 28-bandiga kiritilgan o‘zgartirish davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi (3281-6-son, 2026 yil 16 iyul).
Amaldagi tartibga ko‘ra, “Valutani tartibga solish to‘g‘risida“gi qonunning 15-moddasiga muvofiq, joriy xalqaro operatsiyalar bilan bog‘liq hollarda chet el valutasini sotib olish yoki sotish cheklovlarsiz amalga oshiriladi.
Shu bilan birga, maxsus valuta hisobvaraqlariga o‘tkazilgan mablag‘lar buyurtmada ko‘rsatilgan maqsadlar uchun sarflanishi shart edi.
Ilgari bir shartnoma doirasida sotib olingan valuta mablag‘laridan boshqa shartnoma bo‘yicha foydalanish zarurati tug‘ilganda, tadbirkorlar ushbu valutani avval bankka sotishi, so‘ngra yangi maqsad uchun qayta sotib olishi talab etilardi.
Yangi o‘zgartirish mazkur jarayonni soddalashtirishga qaratilgan. Endi tadbirkorlik sub’yektlari ichki valuta bozoridan sotib olingan valuta mablag‘laridan foydalanish maqsadini belgilangan tartibda o‘zgartirishi mumkin bo‘ladi.
Mazkur o‘zgartish tadbirkorlar uchun ortiqcha vaqt va xarajatlarni qisqartirish, shuningdek, valuta operatsiyalarini amalga oshirishda qo‘shimcha qulayliklar yaratishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Iqtisodiyot
Ingliz tili Toshkent xalqaro moliya markazining rasmiy tili bo‘ladi
O‘zbekistonda «Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonun qabul qilindi. Hujjatga ko‘ra, markaz alohida belgilangan hududda maxsus huquqiy rejim asosida faoliyat yuritadi.
Qonunda qayd etilishicha, moliya markazining dastlabki chegaralari uni tashkil etishga oid Prezident farmoni bilan belgilanadi. Markaz tomonidan qabul qilinadigan har bir qaror esa kuchga kirishidan avval rasmiy reyestrda e’lon qilinishi shart.
Shuningdek, qonun talablari yoki moliya markazi qarorlariga zid ravishda tijorat yoki moliyaviy faoliyat yuritgan ishtirokchilarga yirik miqdorda jarima qo‘llanilishi belgilandi. Jarima 10 million AQSh dollaridan yoki qoidabuzarlikka asos bo‘lgan bitim yoki faoliyat qiymatining 10 foizidan oshmasligi lozim.
Konstitutsiyaviy qonunga muvofiq, moliya markazi tuzilmasiga Kengash, Ma’muriyat, Moliyaviy xizmatlar boshqarmasi hamda Toshkent xalqaro tijorat sudi kiradi.
Markazning har bir organi moliya yili yakunlanganidan keyin to‘rt oy ichida yillik shaffoflik hisobotini e’lon qilishi shart.
Qonunga muvofiq, ingliz tili Toshkent xalqaro moliya markazining rasmiy tili etib belgilandi.
Konstitutsiyaviy qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran o‘n kun o‘tgach kuchga kiradi.
-
Siyosat5 days ago
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qatar amiriga ta’ziya bildirdi
-
Iqtisodiyot4 days ago
Andijonda Belarus texnologiyasi asosida qishloq xo‘jaligi texnikalari ishlab chiqariladi
-
Mahalliy4 days ago
O‘zbekistondagi 10 mingdan ortiq maktab «Canva»dan bepul foydalanadi
-
Iqtisodiyot4 days agotadbirkor va davlat organlari o‘rtasida huquqiy bahs yuzaga keldi
-
Siyosat5 days ago
Shavkat Mirziyoyev elektropoyezdda Bekobodga bordi
-
Sport5 days agoSinner ikkinchi marta ketma-ket Uimbldon chempioni bo‘ldi
-
Sport5 days agoIspaniyada Fransiya milliy jamoasi haqidagi bayonot ortidan siyosiy mojaro avj oldi
-
Mahalliy4 days ago
Ayrim fransuz tili o‘qituvchilariga umumiy qiymati 1,3 mln yevrolik grant ajratiladi
