Jamiyat
Toshkent viloyati hokimligi «Sea Breeze» loyihasini o‘z yo‘nalishi doirasida nazorat qilmoqchi
Toshkent viloyati hokimligi «Sea Breeze» kurort majmuasi qurilishiga doir bayonotini e’lon qildi.
Qayd etilishicha, viloyatning Bo‘stonliq tumani O‘zbekistondagi eng salohiyatli turizm hududlaridan biri bo‘lib, 2024-yilda tumanga 12 milliondan ortiq sayyoh tashrif buyurgan (qariyb 300 ming nafari xorijlik).
Turizmni rivojlantirish orqali daromadlarni oshirish Toshkent viloyatining o‘sish nuqtalaridan biri bo‘lib, ma’lum qilinishicha, o‘tgan yili Bo‘stonliqda turizm eksporti 325 million AQSh dollarini tashkil etgan.
«Bu ko‘rsatkich hududning bugungi kundagi qabul qilish imkoniyatidan 4 barobar yuqori. Sayyohlar oqimi o‘sib borayotgani, mavjud mehmonxona va dam olish maskanlari yetarli emasligi esa qator noqulayliklarga sabab bo‘lmoqda», – deyiladi rasmiy bayonotda.
Shu munosabat bilan, «Sea Breeze» kurort majmuasi loyihasi doirasida Chorvoq suv ombori bo‘yida 577 gektar yer maydoni va unga tutash 3 ming gektarlik hududda keng qamrovli ishlar rejalashtirilgan. Dam olish maskanlari, cho‘milish havzalari, sport maydonchalari, savdo va servis markazlari shular jumlasidan. Shuningdek, xalqaro festivallar, konsertlar va anjumanlar o‘tkazishga xizmat qiluvchi maydonlar hamda ikki qirg‘oqni bog‘lovchi ko‘prik quriladi.
Ta’kidlanishicha, loyiha amalga oshirilishi natijasida 10 mingdan ziyod ish o‘rni yaratilishi, turizm eksporti 500 million AQSh dollarga yetishi, chet ellik sayyohlar oqimi esa yiliga 5 million nafargacha ko‘payishi kutilmoqda.
«Alohida ta’kidlash joizki, hudud aholisiga ochiqlik va hisobdorlikni ta’minlash maqsadida viloyat hokimligi loyiha doirasida tegishli majburiyatlarni o‘z zimmasiga oladi.
Xususan, loyiha amalga oshirilishining barcha bosqichlari ekologiya, qurilish, kadastr va sanitariya sohalari bo‘yicha viloyat tuzilmalari tomonidan tizimli nazoratga olinishi ta’minlanadi.
Yer uchastkalarini ajratish, ijaraga berish va qayta rasmiylashtirish bo‘yicha barcha jarayonlar tasdiqlangan master-reja asosida, ekologik talablar inobatga olingan holda va ochiq monitoring sharoitida amalga oshirilishi nazorat qilinadi.
Vazirlar Mahkamasi qarorida belgilangan tartibda yerdan foydalanish huquqiga ega bo‘lgan barcha fuqarolarga kompensatsiyalar to‘lanadi», – deyiladi hokimlik bayonotida.
Shuningdek, viloyat hokimligi mazkur hududda qonunbuzarlik, tabiatga zarar yetkazish yoki jamiyat manfaatlarini zid bo‘lgan har qanday urinishlarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rilishini ta’kidlaydi.
Jamiyat
Soliqdan qarzdor fuqaroning qimmatbaho avtomashinasi xatlandi
Majburiy ijro byurosining Toshkent shahar Olmazor tuman bo‘limi ish yurituviga sud va boshqa organlar qarorlariga asosan qarzdor «S.-M» MChJdan davlat foydasiga jami 6,24 mlrd so‘m davlat boji va soliq qarzdorligini undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati kelib tushgan hamda ijro ishi qo‘zg‘atilgan.
Ijro harakatlari davomida qarzdor tomonidan yuqoridagi qarzdorlik bartaraf etilmaganligi sababli majburiy ijro harakatlariga kirishilib, qarzdorga tegishli barcha mol-mulklarga taqiq o‘rnatilgan hamda belgilangan tartibda qidiruv e’lon qilingan.
Majburiy ijro harakatlari davomida qarzdorga tegishli «LI XIANG L9» rusumli avtotransport vositasi xatlanib, jarima maydoniga joylashtirilgan.
Hozirda mazkur xatlangan avtotransport vositasi baholanib, auksion orqali qarzdorlik hisobidan sotish choralari ko‘rilmoqda.
Qarzdor tomonidan ushbu jarayon davomida qarzdorlik to‘liq qoplangan taqdirda, avtotransport vositasi mulk egasiga qaytariladi.
Jamiyat
Toshkentda 1,1 mlrd so‘mlik tibbiy buyumlarning noqonuniy saqlanganlik holati fosh etildi
«Toshkent-AERO» IBK Kontrabandaga qarshi kurashish shu’basi xodimlari tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar idoralari vakillari bilan hamkorlikda poytaxtimizda sifati kafolatlanmagan tibbiy buyumlarning noqonuniy realizatsiyasiga qarshi navbatdagi tezkor tadbir o‘tkazildi.
Tezkor tadbirda oldindan shubha ostiga olingan shaxsning Yangihayot tumanidagi xonadoni belgilangan tartibda va xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, bu yerda 38 nomdagi 3613 turli tibbiy buyumlar noqonuniy ravishda saqlanayotgani fosh bo‘ldi.
Ushbu holatda olib qo‘yilgan tibbiy buyumlar murakkab jarrohlik amaliyotlarida qo‘llaniladigan stent, kateter va yana boshqa turdagi buyumlar inson hayoti uchun juda muhim va shu bilan bir qator yuqori xavf guruhiga kiruvchi buyumlar hisoblanadi.
Masalan, sifati kafolatlanmagan stentning qon tomiri ichida to‘g‘ri ishlamasligi xastalikni kuchaytirishi, bemor organizmiga mos kelmasligi, allergik reaksiyalar, tromb hosil bo‘lishi yoki hatto infarktga olib kelishi mumkin.
Qolaversa, maxsus sharoitlarda tashilishi va saqlanishi talab etiladigan tibbiy buyumlarning oddiy xonadonda saqlanishini hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra mazkur holatda olib qo‘yilgan tibbiy buyumlarning jami qiymati 1 mlrd 100 mln so‘mdan oshmoqda.
Holat yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, bojxona organlari tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida aniqlangan 484 ta holatda qiymati 18 mlrd. so‘mlik dori vositalari va tibbiy buyumlarning bojxona chegaralari orqali noqonuniy ravishda olib o‘tilishi va ichki hududdagi yashirin aylanmasigan chek qo‘yilgan.
Jamiyat
O‘zbekistonliklar yanvar oyida «import choy» 3,8 mln dollar sarflagan
2026-yilning yanvar oyida O‘zbekistonga 14 ta xorijiy davlatdan qiymati 3,8 mln AQSh dollariga teng bo‘lgan 2 570 tonna choy import qilingan.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu mahsulotning mamlakatga import hajmi 2025-yilning mos davriga nisbatan 421 tonnaga kamaygan.
2026-yilning ilk oyida O‘zbekistonga eng ko‘p choy yetkazib bergan davlatlar:
Xitoy – 2 122 tonna;
Qozog‘iston – 123 tonna;
Eron – 113,4 tonna;
Keniya – 97,6 tonna;
Indoneziya – 41,8 tonna;
Boshqa davlatlar – 72,3 tonna.
Jamiyat
Stokgolmda O‘zbekiston va Shvetsiya diniy peshvolari o‘rtasida samimiy muloqot bo‘lib o‘tdi
Shvetsiya poytaxti Stokgolm shahri markazidagi «Zayd ibn Sulton al-Nahayyon» masjid-majmuasida O‘zbekiston delegatsiyasi va Shvetsiya diniy peshvolari o‘rtasida samimiy muloqot bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Yangi O‘zbekistondagi diniy islohotlar haqida so‘zlab berdi. Ayniqsa, yurtimiz masjidlarida mo‘min-musulmonlar uchun qilingan sharoitlar, turli hududlarda Qur’on kurslari faoliyat ko‘rsatayotgani, mintaqada yagona bo‘lgan Fatvo markazi xizmat ko‘rsatishi, imomlar va qorilarning xorij safarlari shvetsiyalik soha vakillarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Muftiy hazratlari o‘z so‘zi davomida Ramazon hayiti arafasida Davlatimiz rahbari tomonidan Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy masjid-majmuasi xalqimizga tuhfa etilganini aytish barobarida mezbon davlat vakillarini mazkur muhtasham majmualar bilan yaqindan tanishish uchun O‘zbekistonga taklif etdilar.
Muloqot davomida masjid bosh imomi Mahmud Xalfiy O‘zbekistonning tarixi buyukligi, bu diyordan yetishib chiqqan mutafakkirlar dunyo rivojiga ulkan hissa qo‘shgani, xususan, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy kabi ulamolar diniy ilmlar rivojiga hissa qo‘shgan bo‘lsa, Beruniy, Ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek singari olimlar dunyo ilm-fani rivojiga katta ta’sir ko‘rsatgani, bugun ham bu diyor taraqqiy etayotganini e’tirof etdi.
Shvetsiya Tashqi ishlar vazirligi maxsus vakili Kristian Kamil o‘z so‘zida O‘zbekiston va Shvetsiya davlatlarining o‘xshash jihatlari ko‘pligini ta’kidlab, ikki davlat delegatsiyalarining o‘zaro muloqoti davomida katta natijalarga erishilayotganini ta’kidladi.
Muloqot samimiy va ko‘tarinki ruhda o‘tdi.
Jamiyat
Turkiyada ikki o‘zbekistonlik qo‘lga olindi
Ular O‘zbekistonda yirik miqdorda firibgarlik jinoyatini sodir etgani uchun xalqaro qidiruvda bo‘lgan.
Foto: Istanbuldagi bosh konsulxona
Turkiyada ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olindi. Bu haqda O‘zbekistonning Turkiyadagi Bosh konsulligi xabar qildi.
Xabarga ko‘ra, 40 yoshli T.R. va 38 yoshli F.A. O‘zbekistonda yirik miqdorda firibgarlik jinoyatini sodir etgani uchun xalqaro qidiruvda bo‘lgan.
Ular Ichki ishlar vazirligi xodimlari tomonidan qabul qilinib, sud oldida javobgarlikka tortilishi uchun O‘zbekistonga qaytarilgan.
Ta’kidlanishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Turkiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari o‘rtasidagi amaliy hamkorlik izchil rivojlanib bormoqda. Ushbu yo‘nalishda jinoyatchilikka qarshi kurashish, xalqaro qidiruvda bo‘lgan shaxslarni aniqlash va ularni javobgarlikka tortish borasida samarali natijalarga erishilmoqda.
“Hozirgi kunda ham mamlakatimiz hududida turli jinoyatlar sodir etib, Turkiya hududida yashirinib yurgan boshqa shaxslarni aniqlash va qo‘lga olish bo‘yicha tegishli tezkor-qidiruv hamda huquqiy choralar davom ettirilmoqda”, deyiladi konsullik xabarida.
-
Dunyodan4 days ago
Prezident Tramp Eronga Hormuz boʻgʻozini ochish uchun 48 soat vaqt berdi
-
Turk dunyosi5 days agoBuyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligi Gretsiya, Turkiya, Kipr va Dubayga sayohatlar haqidagi soʻnggi maʼlumotlarni eʼlon qildi
-
Jamiyat3 days ago
O‘zbekistonliklar qaysi mamlakatlarga eng ko‘p safar qilmoqda (top-10)
-
Jamiyat5 days agoO‘zbekistonda taksichilarni aldashning yangi firibgarlik usuli fosh etildi
-
Dunyodan2 days ago
Maskat va Toshkent oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri reyslar yoʻlga qoʻyiladi.
-
Turk dunyosi4 days agoPrezident Trampning Eron urushini toʻxtatib qoʻyishida haqiqatda kim vositachilik qilgan? Misr, Pokiston va Turkiyaning sokin diplomatiyasi diqqat markazida
-
Dunyodan4 days ago
Eron tarixidagi eng katta banknotalar muomalaga chiqariladi
-
Iqtisodiyot3 days agoO‘zbekistonda kichik AES qurilishi Rossiya kompaniyalarini 24,7 mlrd dollargacha buyurtmalar bilan ta’minlaydi – Lixachyov
