Connect with us

Iqtisodiyot

Mirziyoyev dengizga chiqish yo‘li bo‘lmagan davlatlar logistikasini rivojlantirish jamg‘armasini tuzishni taklif qildi

Published

on


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5-avgust kuni Turkmanboshi shahridagi «Avaza» milliy turizm hududida o‘tayotgan BMTning Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha uchinchi konferensiyasida ishtirok etdi.

Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov raisligida o‘tgan tadbirda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, shuningdek, boshqa qator davlat va hukumatlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari ham ishtirok etdi.

Kun tartibiga muvofiq, transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash va savdo tartib-taomillarini soddalashtirish, iqtisodiyotni transformatsiya qilish, iqlim o‘zgarishi va ekologik tahdidlarga bardoshlilikni oshirish, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Davlatimiz rahbari so‘zining avvalida Turkmanistonning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, global va mintaqaviy barqarorlik va farovonlikni ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlarini yuksak baholadi.

Konferensiyada muhokama qilinayotgan masalalar hayotiy muhim ahamiyatga ega ekanini, chunki dengiz portlaridan jo‘g‘rofiy uzoqlik va bir necha mamlakat hududlarini kesib o‘tish zarurati bir qator ob’yektiv muammolarni keltirib chiqarayotganini ta’kidladi.

Tariflarning yuqoriligi, transport yo‘laklari va infratuzilmasining cheklanganligi, boshqa mamlakatlarning bojxona-tranzit siyosatiga qaramlik shular jumlasidan.

Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, katta transport xarajatlari va tranzitning beqarorligi tufayli Markaziy Osiyo mintaqasi har yili yalpi ichki mahsulotning 2 foizigacha yo‘qotmoqda.

Logistika xarajatlari tovarlar qiymatining 60 foizigacha qismini tashkil etadi, bu esa jahondagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan bir necha barobar yuqoridir.

Shu munosabat bilan yangi ishonchli tranzit yo‘laklari va logistika infratuzilmasini rivojlantirish Markaziy Osiyoda barqaror taraqqiyotning muhim shartiga aylanmoqda.

– Bugun bizni birlashtirgan kun tartibi fundamental masala – adolat masalasiga daxldordir. Bu – dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan davlatlarga jahon iqtisodiyotida teng sharoitlarda ishtirok etish imkoniyatini ta’minlashdir, – dedi O‘zbekiston yetakchisi.

Shu bilan birga, ushbu dolzarb muammoni hal qilish uchun uchta prinsipial shartni bajarish lozim.

Bular barqaror rivojlanish asosi sifatida infratuzilmani modernizatsiya qilish, tranzit muammolarining oldini olish maqsadida o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish va global teng huquqlilikning asosiy elementi bo‘lgan rivojlanish huquqini ta’minlashdir.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda xususiy sektorni faol jalb qilgan holda zamonaviy transport-logistika tarmog‘ini shakllantirish bo‘yicha tizimli qadamlar qo‘yildi. Savdo-transport jarayonlarini raqamlashtirish bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirildi.

Amalga oshirilayotgan tarkibiy iqtisodiy islohotlar, savdo tizimini liberallashtirish va investitsiya muhitini tubdan yaxshilash sezilarli natijalar bermoqda: raqobatbardoshlik oshdi, innovatsion rivojlanish jadallashdi.

– Markaziy Osiyoda o‘zaro ishonch va sheriklik yangi darajaga ko‘tarilgani esa jadal o‘zgarishlarga kuchli turtki bermoqda, – dedi davlatimiz rahbari.

Bugun mintaqada yagona transport-logistika makoni shakllanmoqda. Markaziy Osiyoni Sharq va G‘arb, Shimol va Janub o‘rtasidagi to‘laqonli tranzit xabiga aylantirishga qaratilgan dastur va loyihalar amalga oshirilmoqda.

Keyingi yillarda tovar ayirboshlash hajmi 4,5 barobar ko‘payib, 11 milliard dollardan oshdi. Investitsiyalar ikki barobar, qo‘shma korxonalar soni besh barobar ko‘paydi.

Joriy yilda hamkorlar bilan «Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston» temir yo‘li qurilishi boshlandi, «O‘zbekiston – Turkmaniston – Eron – Turkiya» transport yo‘lagi orqali yuk tashish hajmi sezilarli darajada oshdi.

Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan mamlakatlarning umumiy tahdid va muammolarini bartaraf etish maqsadida O‘zbekiston Prezidenti qator aniq taklif va tashabbuslarni ilgari surdi.

Avvalo, xalqaro transport yo‘laklari va infratuzilmasini jadal rivojlantirish uchun o‘zaro muvofiqlashgan harakatlarni amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi.

Shu ma’noda, «O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston» temir yo‘lini qurish loyihasini amalga oshirishni jadallashtirish va uni qurilayotgan «Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston» temir yo‘l magistrali bilan tutashtirish muhimligi ta’kidlandi.

– Bu keng mintaqamizda yangi savdo-iqtisodiy makon va barqaror transport infratuzilmasini shakllantirish uchun katta imkoniyatlar ochadi, – dedi O‘zbekiston yetakchisi.

Davlatimiz rahbari O‘rta yo‘lak salohiyatini, eng avvalo, o‘zaro kelishilgan tranzit siyosatini yuritish, qoidalarni unifikatsiya qilish va konteyner tashuvlari uchun maqbul tariflarni joriy etish orqali to‘liq ishga solishga chaqirdi.

O‘zbekiston Prezidenti, shuningdek, BMT shafeligida dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan mamlakatlar uchun Tranzit kafolatlari to‘g‘risidagi global bitimni ishlab chiqishni taklif qildi.

Hujjat portlar va kommunikatsiyalardan adolatli foydalanish shartlarini ta’minlash, yuk tashishda xavf-xatarlarni pasaytirish, global logistikada tengsizlikni kamaytirishga qaratilgan.

Yirik infratuzilmaviy loyihalarni moliyalashtirish uchun moslashuvchan investitsiya vositalariga talab ortib borayotganini hisobga olib, davlatimiz rahbari BMT shafeligida Dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan mamlakatlarning logistika integratsiyasiga ko‘maklashish jamg‘armasini tuzish tashabbusini ilgari surdi. Markaziy Osiyo mamlakatlarining transport infratuzilmasiga investitsiyalarga bo‘lgan ehtiyoji yiliga qariyb 40 milliard dollarga baholanmoqda.

Shuningdek, O‘zbekiston rahbari tranzit imkoniyatlarining cheklanishini xolisona aniqlash, xalqaro moliyaviy-texnik dasturlarni kengaytirish va resurslarni real sharoitlarni hisobga olgan holda samarali taqsimlash maqsadida Dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan mamlakatlarning Zaiflik global indeksini ishlab chiqish tashabbusini ilgari surdi.

O‘zbekistonda agrar sohani rivojlantirish bo‘yicha Innovatsion xabni tashkil etish taklifini amalga oshirish muhimligiga e’tibor qaratildi. Bu moslashuvchan agrotexnologiyalarni joriy etish, suvni tejash va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha innovatsion loyihalarni ilgari surish, bilim va tajriba almashishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston Prezidenti yetakchi ekspertlar va «aql markazlari»ni umumiy tahdidlarni yengib o‘tish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishga faol jalb qilish, shu jumladan xalqaro anjuman va davra suhbatlari o‘tkazish muhimligini qayd etdi.

– Bunday tadbirlar kun tartibiga global ishlab chiqarish zanjirlariga mamlakatlarimizning chuqur integratsiyasini ta’minlash, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarni jadal rivojlantirish, transchegaraviy investitsiyalarni kengaytirish va startaplarni qo‘llab-quvvatlash masalalarini kiritish mumkin, – dedi Prezident.

Shuningdek, O‘zbekiston dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan mamlakatlar uchun Xalqaro tahlil markazi faoliyatiga qo‘shilish niyatida ekani ma’lum qilindi.

So‘zining yakunida davlatimiz rahbari mamlakatimiz global taraqqiyotning yanada adolatli arxitekturasini shakllantirish bo‘yicha konstruktiv va uzoq muddatli sheriklikka tayyor ekanini tasdiqladi.

Konferensiya yakunida Avaza siyosiy deklaratsiyasi qabul qilindi.



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Iqtisodiyot

Namanganda eksperiment uchun elektr abonentlari va soliq to‘lovchilar bir-biriga bog‘lab chiqildi

Published

on


16 apreldan boshlanadigan tajribaga tayyorlanish doirasida, xonadon egasi (yer va mulk solig‘ini to‘lovchi) boshqa shaxs, elektr tarmog‘i abonenti esa boshqa shaxs bo‘lgan ko‘plab holatlar aniqlanib, nomuvofiqliklar joyida bartaraf etildi, deya ma’lum qildi Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Jahongir Abdiyev. Bu – uy egasining soliq qarzi 1 mln so‘mdan oshsa, svetga to‘lov qilishini muammosiz cheklash imkonini beradi.

16 apreldan boshlab Namangan viloyatida tajriba tariqasida jismoniy shaxslarning mol-mulk va yer solig‘i bo‘yicha qarzdorligi 1 mln so‘mdan oshgan taqdirda, elektr energiyasi uchun to‘lov qilishini cheklash tartibi joriy etiladi.

Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Jahongir Abdiyev Kun.uz muxbiri bilan suhbatda ayrim nyuanslarni tilga oldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tizimni joriy etishda ma’lumotlar nomuvofiqligi muammosi chiqqan.

“Elektr abonenti – boshqa shaxs, mulk esa boshqa shaxs nomida bo‘lishi holatlari ko‘p. Masalan, elektr korxonasi bilan shartnoma ota-onaning nomida, uy esa farzandning nomida. Ba’zan vafot etgan shaxs nomida qolgan holatlar ham uchradi.

Elektr tarmoqlari, kadastr, soliq organlari va mahalla vakillari birgalikda joyiga chiqib, har bir obekt bo‘yicha ma’lumotlar to‘g‘rilandi. Kadastr hujjatida uy kimning nomida bo‘lsa, elektr korxonasi bilan shartnoma ham shu shaxsning nomiga o‘tkazildi.

Hozirgacha 96 foiz holat to‘g‘rilandi. Qolgan 4 foiz – egasi aniqlanmagan obektlar bo‘lib, ular bo‘yicha ishlar davom etmoqda”, – dedi u.

Abdiyev soliqdan 1 mln so‘mdan ortiq qarzi bor aholi – surunkali qarzdorlar hisoblanishini aytdi.

“[Jismoniy shaxslarning mol-mulk va yer soliqlari bo‘yicha] har yili hisoblangan summa ikkiga bo‘lib to‘lanadi: 15 aprelgacha va 15 oktyabrgacha. 1 mln so‘m qarz chiqishi uchun fuqaro o‘rta hisobda 2-3 yildan beri soliq to‘lamagan bo‘lishi kerak-da. Namangan viloyati bo‘yicha hisoblaganimizda, 1 mln so‘m qarzdorlik yig‘ilib qolishi uchun 2-3 yil davomida to‘lamay kelgan bo‘lishi kerak”, – deydi Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari.

Ma’lumot uchun, mazkur eksperiment – nogironligi bo‘lgan shaxslar (1 va 2-guruh), boquvchisini yo‘qotgan oilalar, ijtimoiy himoya reyestriga kiritilgan fuqarolar va qonunchilikda belgilangan boshqa imtiyozli toifalarga nisbatan tatbiq etilmaydi.



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

Naqdsiz savdo banklarga 100 trillion so‘mgacha mablag‘ olib kirishi mumkin

Published

on


O‘zbekistonda 1 apreldan boshlab ko‘chmas mulk va avtomobil oldi-sotdisining naqdsiz shaklga o‘tkazilishi – yiliga 60–100 trillion so‘m mablag‘ni bank tizimiga olib kirishi mumkin. Bu esa bank bozorida raqobatni kuchaytirib, kredit stavkalari pasayishiga xizmat qiladi, deya ma’lum qildi iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarov.

“Agar bitta mashina narxini 200 million deb olsak, kuniga 100 ta mashina sotilsa, bank tizimiga 20 milliard so‘m kiradi. 1000 ta mashina sotilsa – 200 milliard so‘m”, dedi Haydarov 27 mart kungi matbuot anjumanida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yillik hisobda ko‘rsatkichlar yanada kattalashadi: “yiliga 60–100 trillion so‘m atrofida mablag‘ bank tizimiga kiradi, bu juda katta effekt beradi”.

Vazir o‘rinbosarining aytishicha, bu jarayon banklar o‘rtasida kuchli raqobatni yuzaga keltiradi. Mijozlarni jalb qilish uchun banklar xizmatlarini yaxshilashga va shartlarni yengillashtirishga majbur bo‘ladi. Eng muhimi, tizim banklar uchun katta hajmdagi “arzon resurs”ni shakllantiradi.

“Agar kuniga 20 milliard so‘m bank hisobida aylanib tursa, bu mablag‘lar kreditga yo‘naltiriladi va natijada kredit resurslari arzonlashadi”, dedi Ahadbek Haydarov.

Rasmiyga ko‘ra, bu nafaqat bank tizimi, balki butun iqtisodiyot uchun ijobiy ta’sir ko‘rsatadi – arzon kreditlar orqali tadbirkorlik va aholining moliyaviy imkoniyatlari kengayadi.

Adliya vaziri o‘rinbosari Muzraf Ikromovning aytishicha, O‘zbekistonda yiliga 5,4 millionga yaqin notarial harakatlar amalga oshiriladi. Shundan 320 mingtasi ko‘chmas mulk, 650 mingtasi avtomobil oldi-sotdisiga to‘g‘ri keladi.

Eslatib o‘tamiz, 2026 yil 1 apreldan boshlab O‘zbekistonda yoqilg‘i, alkogol va tamaki mahsulotlari; kommunal va davlat xizmatlari; ko‘chmas mulk va “10 yoshga to‘lmagan” avtomobillar oldi-sotdisi faqat naqdsiz shaklda amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, narxi 25 mln so‘mdan oshiq har qanday tovar va xizmatni ham faqat naqdsiz to‘lov evaziga xarid qilish mumkin bo‘ladi.



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

“Kartani to‘ldirish komissiyalarini Markaziy bank tartibga solmaydi”

Published

on


Naqdsiz to‘lov tartibi tufayli, 1 apreldan boshlab aholida qo‘lidagi naqd pulini kartaga kiritishga bo‘lgan talab keskin oshadi. Lekin amaliyotda kartani bankomat yoki terminal orqali to‘ldirganda, 3 foizgacha komissiya olinadi. Markaziy bank raisi birinchi o‘rinbosari bu bozor va raqobat masalasi ekani, regulyator bunga aralasha olmasligini aytdi. “Qaysi bank qulay taklif bersa, mijoz o‘shani tanlaydi”, dedi u.

27 mart kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida 1 apreldan boshlab joriy etiladigan yangi tartib – bir qator to‘lovlar va savdolarni to‘liq naqdsiz shaklga o‘tkazish mexanizmlarini batafsil tushuntirdi.

Yangi tartibga ko‘ra, kommunal to‘lovlar, davlat xizmatlari, alkogol va tamaki mahsulotlari, shuningdek ko‘chmas mulk va ishlab chiqarilganiga 10 yildan oshmagan avtotransport vositalari oldi-sotdisi faqat naqdsiz shaklda amalga oshiriladi.

Rasmiylar bu qaror ortida turgan asosiy maqsadni – shaffof iqtisodiyotga o‘tish va to‘lovlarni soddalashtirish bilan izohladi.

“Bu – fuqarolar uchun qulaylik yaratish, to‘lovlarni tez va uzluksiz amalga oshirish uchun qilinmoqda”, dedi Markaziy bank raisi o‘rinbosari Nodir Saydullayev.

Uning ta’kidlashicha, asosiy vazifa – shunday tizim yaratishki, fuqaro to‘lov usuli sabab tovar yoki xizmatsiz qolmasin. Shu maqsadda banklar tomonidan “lahzalik kartalar” joriy etilmoqda. Masalan, yoqilg‘i quyish shoxobchasiga kelgan mijozda karta bo‘lmasa, unga joyida karta rasmiylashtirib berilishi mumkin. “Fuqaro xizmatdan foydalanmay chiqib ketmasligi kerak – biz sharoitni shunga moslayapmiz,” dedi Saydullayev.

Brifingda muhokama qilingan masalalardan biri – bank komissiyalari bo‘ldi. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, davlat banklari ko‘chmas mulk operatsiyalari uchun maksimal 206 ming so‘m, avtomobil savdosi uchun esa 103 ming so‘m miqdorida komissiya belgilagan.

Misol tariqasida keltirilishicha, “400 million so‘mlik uy sotib olishda ilgari o‘rtacha 0,5 foiz, ya’ni 2 million so‘m komissiya to‘langan bo‘lsa, endi bu summa atigi 206 ming so‘mni tashkil etadi”.

Statistik ma’lumotlar ham e’tiborga loyiq: 2025 yilda O‘zbekistonda 600 mingga yaqin avtomobil va 300 mingga yaqin ko‘chmas mulk oldi-sotdisi amalga oshirilgan. Bu esa yangi tizim qanchalik katta hajmdagi operatsiyalarni qamrab olishini ko‘rsatadi.

Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Jahongir Abdiyev esa yangi tartibning qamrovi haqida aniq raqamlarni keltirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, “28 ming turdagi mahsulot ushbu talabga tushadi, bu esa sotuvdagi umumiy mahsulotlarning 7 foizini tashkil etadi”. Shundan 22 mingdan ortig‘i alkogol va tamaki mahsulotlariga to‘g‘ri keladi. Yana 5 mingta mahsulot – qiymati 25 mln so‘mdan yuqoriligi uchun shu tartib doirasiga tushadi.

1 apreldan boshlab ushbu mahsulotlar uchun kassa apparatlarida naqd to‘lov funksiyasi o‘chirib qo‘yiladi. “Agar xarid savatchasida sigaret bo‘lsa, naqd to‘lov tugmasi ishlamaydi, faqat naqdsiz to‘lov amalga oshiriladi”, deya izoh berdi Abdiyev.

Adliya vaziri o‘rinbosari Muzraf Ikromov esa yangi tizim ortida daromad olish emas, balki tizimni tartibga solish maqsadi turganini ta’kidladi: “Bizda pul ishlash maqsadi yo‘q. Aksincha, xizmat haqini imkon qadar minimal darajada belgiladik”, – dedi u.

Uning ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda yiliga 5,4 millionta notarial harakat amalga oshiriladi, shundan qariyb 1 millioni – ko‘chmas mulk va transport vositalari bilan bog‘liq.

Kun.uz muxbiri tomonidan ko‘tarilgan muhim masalalardan biri – bank kartalariga naqd pul kiritishdagi komissiyalar va infratuzilma yetishmovchiligi bo‘ldi. Hozirda banklar o‘z bankomatida boshqa bank mijozlari uchun naqd pul kiritishda 1 foizdan 3 foizgacha komissiya olmoqda.

Bu savolga javoban Markaziy bank rasmiysi shunday dedi: “Komissiyalarni Markaziy bank tartibga solmaydi, bu – bozor va raqobat masalasi. Qaysi bank qulay sharoit taklif qilsa, mijoz o‘shani tanlaydi”.

Shuningdek, P2P o‘tkazmalar bo‘yicha muhokamalar ham e’tibordan chetda qolmadi. Markaziy bank raisi o‘rinbosari Nodirbek Saydullayevning imzosi bilan 17 fevral kuni tijorat banklari va to‘lov tashkilotlariga yuborilgan xat o‘z kuchini yo‘qotdimi, degan savolga Saydullayev: “Boshidan ixtiyoriy edi, majburiy xarakterga ega bo‘lmagan”, deb javob berdi.

Biroq rasmiylar uzoq muddatda bunday ma’lumotlar iqtisodiy tahlil uchun zarurligini ham yashirmadi. Ularning fikricha, P2P operatsiyalar orqali norasmiy iqtisodiyot hajmini kamaytirish mumkin.

Yana bir muhim muammo – cash-in bankomatlar yetishmovchiligi. Rasmiylar bu borada banklarga murojaat qilib, infratuzilmani kengaytirish zarurligini tan oldi. Hozirda 17 990 dan ortiq agent nuqtalari orqali (terminallar vositasida) naqd pul kiritish va yechish xizmatlari ko‘rsatilmoqda.

Yakunda ta’kidlanganidek, yangi tizim – bosqichma-bosqich moslashuvni talab qiladi. Boshqa ayrim mexanizmlar, jumladan uy-joy xaridida keshbek tizimi ham ishlab chiqilmoqda.



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

Prezident islomiy banklar to‘g‘risidagi qonunni imzoladi

Published

on


O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini tashkil etishning huquqiy asoslari yaratildi. Tegishli qonun 27 mart kuni prezident tomonidan imzolandi. Qonunda islomiy bank litsenziyasi uchun talablar, bu litsenziya egalarining huquq va majburiyatlari, islomiy moliya operatsiyalarining turlari va bu operatsiyalarni soliqqa tortishning o‘ziga xos xususiyatlari belgilangan. Qonun 3 oydan keyin kuchga kiradi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev 27 mart kuni O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy qilishga qaratilgan qonunni imzoladi.

Qonun – “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy qilishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida” deb nomlanadi.

Qonun asosida Soliq va Fuqarolik kodekslari hamda 7 ta qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Xususan:


qonunchilikka islomiy bank faoliyati, islomiy moliya operatsiyalari, islomiy moliya standartlari hamda investitsiyaviy omonat (depozit) tushunchalari kiritildi;
islomiy bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya joriy qilinib, mazkur litsenziyani olish bo‘yicha aniq talablar o‘rnatildi;
islomiy bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyaga ega banklar tomonidan amalga oshiriladigan islomiy moliya operatsiyalari ro‘yxati tasdiqlandi;
islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi banklarga bevosita savdo faoliyatini amalga oshirishga hamda yuridik shaxslarni tashkil etish va yuridik shaxslarning ustav fondlaridagi ulushlarni yoki aksiyalarni cheklovlarsiz olishga ruxsat berildi;
islomiy moliya faoliyati bilan bog‘liq masalalarni muvofiqlashtirish maqsadida Markaziy bank va banklarda islomiy moliya kengashini tashkil etish hamda uning faoliyatiga doir talablar belgilandi.

Qonunda islomiy moliya operatsiyalariga soliq solishning o‘ziga xos xususiyatlari ham belgilangan.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oydan so‘ng kuchga kiradi.

Avvalroq O‘zbekistonda 2030 yilgacha ikkita islomiy bank ochilishi ma’lum qilingan edi. Joriy yilda esa kamida bitta tijorat bankida islomiy “darcha” faoliyatini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan.



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

Prezidentlar Buxorodagi 35 mln dollarlik korxonani borib ko‘rdilar

Published

on


Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamrohligida mamlakatimiz yengil sanoatining imkoniyatlari bilan tanishdi.

Davlat rahbarlari Buxoro viloyatidagi «Merganteks» paxta-to‘qimachilik klasteri tarkibidagi «Nigora» fabrikasiga tashrif buyurdilar.

Qiymati 35 million dollarlik loyiha doirasida tashkil etilgan fabrika paxta xomashyosini qayta ishlashdan tortib, tayyor mato va kiyim-kechak tayyorlashgacha bo‘lgan uzluksiz ishlab chiqarish zanjirini yo‘lga qo‘ygan.

«Shoyigul» savdo belgisi ostida ishlab chiqarilayotgan tikuv-trikotaj va tayyor kiyim mahsulotlari asosan Yevropa mamlakatlariga, xususan, Italiya, Avstriya, Buyuk Britaniya va Germaniyaga eksport qilinmoqda. Bu yerda 840 ta ish o‘rni yaratilgan.

Korxonada xalqaro standartlarga javob beruvchi zamonaviy yuqori texnologik uskunalar Xitoy, Germaniya va Belgiyadan olib kelingan. Ikkinchi bosqichda sintetik tolalar va undan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.

Oliy martabali mehmonlar korxonaning shou-rumini va tayyor mahsulotlar namoyishini ko‘zdan kechirdilar.

Yiliga 10 million dollarlik eksport qilayotgan fabrika mahsulotlarining sifati Tojikiston delegatsiyasi tomonidan yuqori baholandi.

Prezidentlar mamlakatlarimizning ilg‘or korxonalari o‘rtasidagi kooperatsiyani kengaytirish muhimligini ta’kidladilar.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.