Sport
Muhammad Ali uchun o‘ch: Taysonning tarixiy jangi haqida
1980 yil oktyabr. Mashhur bokschi Muhammad Ali va Larri Xolms o‘rtasida jang ketmoqda. Raqibi Parkinson kasali bilan og‘rib yurgan Alini ayamayapti. Mashhur bokschi amallab 10 raund jang qilgach, Alining sekundantlari ringga sochiq uloqtirishadi. Bu mag‘lubiyat edi. O‘shanda 14 yoshli Mayk Tayson mazkur jangni televizorda ko‘zda yosh bilan kuzatadi va kelajakda Ali uchun Xolmsdan o‘ch olishga qaror qiladi.
{Yii::t(}
O’tkazib yuborish 6s
O’tkazib yuborish
Mashhur bokschi Mayk Taysonning hayotida zafarli onlar bilan birga alamli kunlar ham bo‘lgan. Avvaliga barchani yengib, og‘ir vazn bo‘yicha jahonning mutlaq chempioniga aylangan Mayk keyinchalik mag‘lubiyatga ham uchragan.
Uning baxtiyor onlaridan biri 1988 yil yanvarda kechgan. O‘shanda u Larri Xolmsni yengib, jahonning mutlaq chempioniga aylangandi.
Keyinchalik u bir paytlar Muhammad Aliga Larri Xolmsni yengaman deb so‘z berganini va o‘sha va’dasining ustidan chiqish uchun bu kunni intiqlik bilan kutganini aytgandi. Xo‘sh, Mayk Tayson Muhammad Aliga qachon, nima deb va’da bergandi?
Ko‘cha bezorisidan boksga
1966 yilda tug‘ilgan Mayk Tayson yoshligida avvaliga ko‘cha bezorilari, so‘ng jinoiy guruh safiga qo‘shiladi. 12 yoshida uni voyaga yetmagan jinoyatchilar saqlanadigan maxsus maktabga jo‘natishadi.
Maktabda boks to‘garagi bo‘lib, unda sobiq professional bokschi Bobbi Styuart mashg‘ulot olib borardi. Mayk to‘garakda shug‘ullanayotgan bolalarni ko‘rib, o‘zini boksda sinab ko‘rishga qaror qiladi.
Mayk Tayson 1-murabbiyi Bobbi Styuart bilan
Styuart bir qancha shartlar evaziga uni shug‘ullantirishga rozi bo‘ladi. Bu uchun Mayk maktab qoidalarini umuman buzmasligi va o‘zini yaxshi tutishi kerak edi. Shuningdek, Mayk fanlarni yaxshiroq o‘zlashtirsa, Styuart u bilan ko‘proq mashg‘ulot o‘tishi haqida va’da beradi.
Styuart Maykni ikki yil – 1978-1980 yillar oralig‘ida shug‘ullantiradi. Bu davr mobaynida Mayk ancha tajriba orttirib, yaxshi natijalarga erishadi.
Mayk 14 yoshga yetganida Styuart undagi iste’dodni yanada sayqallash uchun mashhur murabbiy Konstantin D’Amatoning oldiga olib boradi. Bu murabbiy Maykning jang qilishini ko‘rib, agar u shu maromda mashqni davom ettirsa, jahon chempioni bo‘lishini aytadi.
Mayk Tayson va Konstantin D’Amato
Muhammad Aliga va’da bergan Mayk
Mayk Tayson boks bilan jiddiy shug‘ullanishni boshlaganda dunyoga mashhur bokschilar anchagina edi. Biroq yosh bokschi ular orasidan faqat Muhammad Alini o‘z kumiri deb bilardi.
Afsuski, o‘sha paytda 36 yoshga yaqinlashgan Ali ancha charchab qolgan, buning ustiga u Parkinson kasaliga chalingan edi. Shu sababli u boksdagi faoliyatini tugatganini e’lon qiladi.
Biroq ikki yillik tanaffusdan so‘ng, 1980 yilda u salmoqli gonorar evaziga 31 yoshli, ayni kuch-quvvatga to‘lgan Larri Xolms bilan jang o‘tkazishga rozi bo‘ladi.
Jang 1980 yil 2 oktyabr kuni o‘tkaziladi. 14 yoshli Mayk bu jangni televizor orqali tomosha qiladi. O‘shanda Muhammad Ali yosh raqibining kuchli zarbalariga 10 raund chidab beradi.
10-raundda uning sekundantlari jangni to‘xtatishadi. Shu tariqa Muhammad Ali faoliyati davomida birinchi marta muddatidan avval mag‘lub bo‘ladi. Operatorlar mashhur bokschining horigan va zarbalar tufayli momataloq bo‘lgan yuzini ko‘rsatar ekan, Mayk Tayson kun kelib Larri Xolmsdan qasos olishga qaror qiladi.
Muhammad Ali va Larri Xolms
O‘shanda Mayk bu qarori haqida mashhur bokschining o‘ziga aytishni juda ham xohlaydi va Ali bilan do‘stona aloqalarda bo‘lgan murabbiyidan u bilan gaplashtirishni iltimos qiladi.
Jang tugagandan so‘ng bir muddat o‘tgach murabbiy D’Amato Muhammad Aliga qo‘ng‘iroq qiladi va undan ko‘ngil so‘raydi. So‘ng go‘shakni Maykka beradi. Yosh bokschi Muhammad Aliga bir kun kelib Larri Xolmsdan qasos olishini aytadi. Ali unga omad tilaydi.
Oradan bir yil o‘tgach, Muhammad Ali kanadalik bokschi Trevor Berbikka qarshi ringga chiqadi. Dastlabki besh raundda Muhammad Ali ustunlik qilgan bo‘lsa ham, jang yakunida hakamlar g‘alabani Trevor Berbikka berishadi.
Bu jangni ham tomosha qilgan Mayk Tayson kelajakda Trevor bilan ham jang qilib, uni yengishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yadi.
Qasosning olinishi
1985 yilda professional boksda o‘z faoliyatini boshlagan Mayk Tayson birinchi qasosni Trevor Berbikdan oladi. Bu ish 1986 yil noyabrda sodir bo‘ladi. Berbik o‘sha yili og‘ir vaznlilar o‘rtasida jahon chempioni bo‘lgandi. Mayk bilan bellashuv chempionlikka erishgandan so‘ng uning birinchi jangi edi.
Larri Xolmsni nokautga uchratayotgan Tayson
Jangning ikkinchi raundida Mayk Berbikni avvaliga nokdaunga, so‘ng nokautga tushiradi va g‘alaba qozonadi. Bu g‘alaba bilan Mayk Tayson ikkita rekord o‘rnatadi. Birinchi rekord – Mayk o‘ta og‘ir vaznda eng yosh jahon chempioni bo‘lgan edi.
Ikkinchi rekord – o‘shanda Maykning kuchli zarbasidan so‘ng nokautga tushgan Berbik uch marta oyoqqa turadi va qayta yiqiladi. Ana shu ish ham boks tarixida faqat Maykning zarbasidan so‘ng sodir bo‘lgan va boshqa bokschilarda qaytarilmagan.
Maykning Larri Xolms bilan jangi keyinroq, 1988 yil yanvarda bo‘lib o‘tadi. Maykl Larrini ham nokautga uchratadi. O‘shangacha bu bokschi bironta jangida nokautga tushmagandi. Bu ish Maykning kuchli zarbasidan so‘ng sodir bo‘ladi.
Keyinchalik, Mayk Tayson turli nashrlarga bergan intervyularida o‘smirlik paytida Muhammad Aliga uni yenggan Larri Xolms va Trevor Berbikdan qasos olishga so‘z berganini, 1986 va 1988 yillarda va’dasini bajarganini aytib o‘tgan.
“Muhammad Ali Larri Xolmsdan mag‘lubiyatga uchraganda men yig‘lagandim. O‘shanda qachon bo‘lsa ham Ali uchun Xolmsdan qasos olaman deb o‘zimga so‘z berdim. 1988 yilda Xolmsni nokautga uchratib, bu va’damni bajardim”, degan edi bokschi keyinchalik.
Tayson va Muhammad Ali
Aytgancha, Mayk Muhammad Ali uchun qasos olgan Larri Xolms o‘sha mag‘lubiyatdan so‘ng bir necha marta boksdan ketganini e’lon qiladi va yana ringga qaytaveradi.
Shu tariqa u 2002 yil, 52 yoshigacha janglar o‘tkazdi va keyin qo‘lqoplarini mixga ildi. 29 yillik faoliyati davomida Larri jami 75 ta jang o‘tkazgan va ularning 69 tasida g‘alaba qozongan, 6 ta jangda yengilgan.
Larri Mayk Tayson bilan o‘tkazilgan janggacha biron marta yengilmagan va birinchi mag‘lubiyatni Muhammad Ali uchun qasos olishga qaror qilgan 22 yoshli bokschidan qabul qilib olgandi.
Taysonning keyingi faoliyati
Mayk Tayson Larri Xolmsni yengib og‘ir vazn bo‘yicha jahonning mutlaq chempioni bo‘lgach xarakteri va hayot tarzi o‘zgara boshlaydi. Sayoq yurishlari ko‘payadi.
1989 yilda bokschi mashg‘ulotlarda qatnashmay qo‘yadi va vaqtini tungi klublarda o‘tkaza boshlaydi. Oqibatda 1990 yil fevralda Baster Duglas bilan bo‘lgan jangda nokautga uchrab, yutqazadi.
1992 yilda u o‘ziga keladi va bir nechta jang o‘tkazib, ularda g‘alaba qozonadi. Biroq uning hayoti izdan chiqib bo‘lgandi. 1992 yilda bokschi zo‘rlash bilan ayblanib, 6 yilga qamaladi. Uch yil qamoqda o‘tirgach, 1995 yilda u ozod qilinadi.
1996 yil martda u Frenk Brunoni yengib, WBC, sentabrda Bryus Seldonni yengib, WBA yo‘nalishlarida chempion bo‘ladi.
1996 yil noyabrda Mayk Evander Xolifild bilan jang qiladi. Jangning 11-raundida Mayk texnik nokaut bilan mag‘lub bo‘ladi va WBA chempionlik kamarini Xolifildga topshiradi. Bu uning ikkinchi mag‘lubiyati edi.
Tayson Xolifildning qulog‘ini tishlagan payt
1997 yil iyunda Mayk Tayson va Evander Xolifild o‘rtasida revansh jang o‘tkaziladi. Bu jangda Mayk Xolifildning qulog‘ini tishlaydi va mag‘lubiyatga uchraydi.
Shundan so‘ng Maykning bokschilik litsenziyasi olib qo‘yiladi. Uni 1998 yil oktyabrda qaytarib berishadi. Biroq u mashg‘ulotlar o‘tkazmaydi, faqatgina reyting janglarda qatnashib yuradi.
2000 yilda Mayk polshalik Anjyey Duda bilan jang o‘tkazadi va uni birinchi raundda nokautga uchratadi. Biroq jangdan so‘ng Maykning qonidan olingan tahlillar uning doping qabul qilganini ko‘rsatadi. Shundan so‘ng jang natijasi bekor qilinadi.
2002 yilda Mayk Tayson Lennoks Lyuis bilan jang o‘tkazadi. Bu jang boks tarixida eng ko‘p kassa yig‘gan bellashuv sifatida qolgan. O‘shanda tashkilotchilar Mayk va Lennoksning jangidan qariyb 107 mln dollar ishlab olishadi.
Tayson Lennoks Luis bilan jangda
Jangda Mayk mag‘lubiyatga uchraydi. Bellashuvgacha barcha yo‘nalishlarda chempion bo‘lib turgan Lennoks uni 8-raundda nokautga uchratadi. O‘shanda har ikki bokschiga 35 mln dollardan gonorar beriladi.
2005 yil iyun oyida Kevin Makbraydga qarshi ringga chiqqan Mayk 6-raunddan so‘ng jang qilishni to‘xtatadi. So‘ng bokschilik faoliyatini tugatganini e’lon qiladi. O‘shandan keyin u bir necha marta ko‘rgazmali janglarda ishtirok etadi xolos.
Umumiy hisobda Mayk Tayson jami 59 ta jang o‘tkazgan va ularning 50 tasida g‘alaba qozongan. G‘alabalarning 44 tasida u raqibini nokautga uchratib, g‘olib bo‘lgan. 7 ta jangda mag‘lubiyatga uchragan. Ikkita jang natijasi bekor qilingan.
Mayk Taysonning rekordlari
· og‘ir vaznli bokschilar o‘rtasida jahonning eng yosh chempioni (20 yosh 144 kunligida chempion bo‘lgan);
· og‘ir vaznli bokschilar o‘rtasida jahonning eng yosh mutlaq chempioni (21 yoshda chempion bo‘lgan);
· professional faoliyatini boshlagandan so‘ng eng qisqa vaqtda jahon chempioni bo‘lgan bokschi (jahon chempioni bo‘lgunicha 1 yil 8 oy, mutlaq jahon chempioni bo‘lgunicha 2 yil 5 oy vaqt o‘tgan);
· boks tarixida uchta asosiy yo‘nalish kamarini ketma-ket yutgan birinchi va yagona bokschi;
· boks tarixidagi eng ko‘p gonorar olgan og‘ir vaznli bokschi;
· mutlaq chempionlikni 6 marta himoya qilgan yagona bokschi;
· eng ko‘p qisqa muddatda nokautni amalga oshirgan bokschi (9 marta raqiblarini 1 daqiqaga yetmasdan nokautga uchratgan);
· boks tarixidagi 6 ta eng ko‘p gonorar berilgan janglarning barchasida ishtirok etgan bokschi;
· uch marta birinchi raundning o‘zidayoq raqibini nokautga uchratib, chempionlik kamarini yutgan yagona bokschi;
· o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilgan olimpiadada eng tezkor nokaut (raqibini 8-soniyada nokautga uchratgan);
· boks tarixida og‘ir vaznlilar orasida eng ko‘p gonorar olgan bokschi.
Tayson va Muhammad Ali
Yuqoridagi rekordlardan ikkitasi – eng yosh jahon chempioni va eng ko‘p tezkor nokautlar uchun u ikki marta Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgan.
Aktyorga aylangan bokschi
Mayk Tayson bokschilik faoliyatini tugatgandan keyin turli ko‘rgazmali janglarda qatnashdi. Shuningdek, ko‘plab filmlarda rol o‘ynadi. Bundan tashqari turli kompaniyalarning reklama roliklarida suratga tushib kelmoqda.
Umumiy hisobda Mayk 55 ta turli filmlar, shoular va seriallarda suratga tushgan. U ishtirok etgan birinchi film 1993 yilda suratga olingan bo‘lib, unda bokschining hayoti hikoya qilingan.
So‘nggi marta u 2023 yilda “Bir paytlar” nomli filmda suratga tushgan va unda sobiq bokschi bosh rolini ijro etgan.
Tayson Ip Man3 filmining suratga olish jarayonida
Mayk suratga tushgan filmlarning bir nechtasi bokschining o‘z hayoti haqida. Shuningdek, u xitoyliklar suratga olgan “Ip Man-3” filmida bosh rollardan birini ijro etgan.
Mayk Tayson uch marta uylangan va ulardan sakkiz nafar farzand ko‘rgan. 2009 yilda uning 4 yoshli qizi fojiali tarzda halok bo‘lgan. Bokschi Islom dinini qabul qilgan va Malik Abdul Aziz ismini olgan.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
Sport
Prezident shaxmatchilar haqida kitob va filmlar yaratilishiga ishonch bildirdi
Shavkat Mirziyoyev shaxmatchilar bilan uchrashuvda Javohir Sindorov, Muhiddin Madaminov va Shamsiddin Vohidovning Olimpiadadagi o‘yinlarini alohida e’tirof etdi.
Prezident Javohir Sindorovga murojaat qilib, bir necha oy avval uning Nomzodlar turniridagi tarixiy g‘alabasi nishonlanganini esladi. Olimpiadada ham Javohir Sindorov sovuqqonlik va barqarorlik ko‘rsatib, kuchli raqiblar oldida ortga chekinmagani ta’kidlandi.
«Endi oldingda yana bir ulkan marra — jahon toji uchun bellashuv turibdi. Bugun ortingda nafaqat jamoadoshlaring va ustozlaring, balki qirq millionga yaqin O‘zbekiston xalqi turibdi. Biz senga ishonamiz!» — dedi davlat rahbari.
Yirik musobaqada ilk bor ishtirok etgan Muhiddin Madaminov hal qiluvchi kunda ukrainalik Roman Dextyarovni qora donalarda mag‘lub etdi.
Uning g‘alabasi jamoaga oltin medal uchun zarur ochkoni olib keldi. Prezident uning g‘ayrati va g‘alabalari muxlislar ko‘nglidan joy olganini ta’kidladi.
Shamsiddin Vohidov ham umumiy natijaga munosib hissa qo‘shdi. U amaldagi jahon chempioni Gukeshga qarshi qora donalarda tengma-teng kurashib, o‘z salohiyatini namoyon etdi.
Prezident oltin medal jamoaning har bir a’zosi mehnati va hissasi natijasi ekanini ta’kidladi.
«Bu oltin medalda jamoaning har bir a’zosining mashaqqatli mehnati va ulkan hissasi bor», — dedi Prezident.
Davlat rahbari shaxmatchilar haqida hali kitoblar yozilishi, filmlar yaratilishi va ularning o‘yin uslubi darsliklarga kirishiga ishonch bildirdi.
Sport
Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining uchta mintaqaviy filiali ochiladi
Yosh shaxmatchilarni tayyorlash imkoniyatlarini kengaytirish uchun Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining Samarqand, Xorazm va Farg‘onada uchta mintaqaviy filiali tashkil etiladi. Akademiyada oliy toifali murabbiylarni tayyorlash ham yo‘lga qo‘yiladi.
FIDE reytingida 1 ming 500 dan yuqori ball to‘plagan shaxmatchilarning xususiy klublarda o‘qish xarajatlarining yarmi davlat tomonidan qoplanadi. Bu yosh iste’dodlarning tayyorgarligini davom ettirishiga qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.
Mamlakatimizda “O‘zbekiston Grand Chess” milliy brendi ostida xalqaro turnirlar muntazam o‘tkazib boriladi. Bu shaxmatchilarimizga kuchli raqiblar bilan o‘z yurtimizda bellashish imkonini beradi.
Prezidentimiz Yangi Toshkentda 500 kishilik o‘yin zali, yotoqxona va sport maydonchalariga ega zamonaviy shaxmat saroyini barpo etishni taklif qildi.
Sport
O‘zbekiston Osiyo o‘yinlari turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarildi
O‘zbekiston delegatsiyasi Yaponiyadagi Osiyo o‘yinlarining bugungi kunini oltin va kumush medallarni qo‘lga kiritish bilan boshladi.
Shahriyor Mahkamov baydarkachilar o‘rtasida 500 metr masofaga kechgan yakkalik poygalarida marrani birinchi bo‘lib zabt etib, Osiyo o‘yinlari chempioniga aylandi.
Terma jamoamizning yana bir a’zosi Arina Tanatmisheva esa kumush medalni qo‘lga kiritdi. U 500 metr masofaga kechgan yakkalik dasturida marraga ikkinchi bo‘lib yetib keldi.
Shuningdek, kanoeda eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston jamoasi a’zolari Vladlen Denisov hamda Nilufar Zokirova juftligi kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Hozirgacha o‘tkazilgan musobaqalardan so‘ng, O‘zbekiston delegatsiyasi turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Jami 34 ta medal qo‘lga kiritildi: 8 ta — oltin, 17 ta — kumush, 9 ta — bronza.
Aichi-Nagoya-2026 musobaqalarida medallar jamg‘arish bo‘yicha Xitoy peshqadamlik qilmoqda, Yaponiya — ikkinchi, Janubiy Koreya — uchinchi o‘rinda.
Sport
O‘zbekiston U-23 yarim finalda Yaponiyaga qarshi o‘ynaydi
O‘zbekiston U-23 terma jamoasining Osiyo o‘yinlari yarim finalidagi raqibi ma’lum bo‘ldi.
Chorak finalda Yaponiya terma jamoasi KXDRni 1:0 hisobida mag‘lub etib, yarim finalga yo‘l oldi.
Shu tariqa, O‘zbekiston U-23 terma jamoasi final yo‘llanmasi uchun musobaqa mezboni Yaponiyaga qarshi maydonga tushadi.
Uchrashuv 30-sentyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 15:30 da “Nagai” stadionida boshlanadi.
Sport
O‘zbekiston shaxmatchilari Armanistonni mag‘lub etib, yetakchilikni saqlab qoldi
Samarqandda o‘tayotgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining 10-turi O‘zbekistonning birinchi jamoasi uchun muvaffaqiyatli yakunlandi.
Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindarov, Nodirbek Yoqubboyev va Muhiddin Madaminov ishtirok etgan O‘zbekiston-1 jamoasi Armanistonni mag‘lub etdi.
Abdusattorov, Sindarov va Madaminov o‘z raqiblaridan ustun keldi. Shu tariqa, O‘zbekiston-1 jamoasi 18 ochko bilan musobaqada yetakchilikni saqlab qoldi.
O‘zbekiston-2 jamoasi Hindistonga imkoniyatni boy berdi. O‘zbekiston-3 esa Isroilga qarshi keskin bahsda kichik hisobda mag‘lub bo‘ldi.
Xotin-qizlar o‘rtasidagi 10-turda O‘zbekiston-1 jamoasi Peru vakillarini yirik hisobda mag‘lub etdi.
27-sentyabr kuni Olimpiadaning so‘nggi — 11-tur bahslari o‘tkaziladi. Uning yakunlariga ko‘ra, g‘olib va sovrindor jamoalar aniqlanadi.
