Iqtisodiyot
Seriyali obligatsiyalar dasturiga talablar belgilandi
Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining «Qimmatli qog‘ozlar emissiyasi va emissiyaviy qimmatli qog‘ozlar chiqarilishlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish qoidalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi buyrug‘i qabul qilindi.
Qimmatli qog‘ozlar emissiyasi va emissiyaviy qimmatli qog‘ozlar chiqarilishlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish qoidalariga seriyali obligatsiyalar dasturini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibini belgilovchi qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Seriyali (obligatsiya dasturi asosida) obligatsiyalar dasturi emitentga uning doirasida bir nechta obligatsiya emissiyalarini (ochiq yoki yopiq tarzda joylashtirish) ketma-ket chiqarish huquqini beradi. Obligatsiya dasturi doirasida joylashtiriladigan barcha chiqarilgan obligatsiyalar nominal qiymatlarining umumiy summasi obligatsiya dasturida ko‘rsatilgan summadan oshmasligi kerak. Obligatsiya dasturi ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ tomonidan ro‘yxatga olinadi.
Obligatsiya dasturida quyidagi ma’lumotlar ko‘rsatiladi:
emitentning vakolatli boshqaruv organi tomonidan obligatsiya dasturi bo‘yicha qabul qilingan qaror;
obligatsiya dasturi doirasidagi obligatsiyalarning turi va soni, ularni chiqarish shakli, nominal qiymati va umumiy hajmi;
obligatsiya dasturining amal qilish muddati (2 yildan oshmasligi lozim);
obligatsiyalar chiqarilishining muomala muddatlari;
obligatsiya dasturi doirasida joylashtiriladigan obligatsiyalar egalarining huquqlari;
obligatsiyalar bo‘yicha daromadlarni to‘lash tartibi va shartlari (obligatsiyalar bo‘yicha daromadlar obligatsiya dasturi doirasida chiqariladigan har bir chiqarish bo‘yicha emitentning vakolatli boshqaruv organi tomonidan bozor talab va takliflaridan kelib chiqib tasdiqlanadigan alohida qarorda (risolada) belgilanadi);
obligatsiya dasturi doirasida joylashtiriladigan obligatsiyalar bo‘yicha majburiyatlarni bajarish kafolatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
obligatsiya dasturi doirasida obligatsiyalarni joylashtirish shartlari;
boshqa ma’lumotlar.
Obligatsiya dasturini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun emitent ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga quyidagi hujjatlarni taqdim etishi shart:
obligatsiya dasturini ro‘yxatdan o‘tkazishga ariza;
obligatsiyalar dasturi (uch nusxada);
obligatsiya dasturining qabul qilingani va tasdiqlangani xususida aksiyadorlarning yoki jamiyat ishtirokchilarining umumiy yig‘ilishi bayonnoma nusxasi, agar mazkur qaror AJ kuzatuv kengashi tomonidan qabul qilingan bo‘lsa – ovoz berishda ishtirok etgan AJ kuzatuv kengashi a’zolarining F.I.O., imzosi ko‘rsatilgan yig‘ilish bayonnoma nusxasi;
emitentning obligatsiyalar dasturini qabul qilish va tasdiqlash to‘g‘risidagi qarori tasdiqlangan sanadan oldingi tugallangan yil davomida rentabellik, to‘lov qobiliyati, moliyaviy barqarorlik va likvidlik bo‘yicha ijobiy ko‘rsatkichlari mavjudligini tasdiqlovchi auditorlik tashkiloti xulosasining asl nusxasi (yoki tasdiqlangan nusxasi);
emitentning obligatsiyalar dasturini qabul qilish va tasdiqlash to‘g‘risidagi qarori tasdiqlangan sana uchun o‘z kapitali miqdorini (O‘zbekiston milliy valutasida) tasdiqlovchi auditorlik tashkiloti xulosasining asl nusxasi (yoki tasdiqlangan nusxasi);
emitentning mustaqil reyting bahosi mavjud hujjat nusxasi. Bunda, emitentga reyting bahosini berish sanasi obligatsiya dasturini chiqarish to‘g‘risidagi qaror qabul qilingan sanadan bir yildan oshmasligi kerak.
Iqtisodiyot
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva XXRning Gonkong maxsus ma’muriy hududidagi eng yirik xoldinglardan biri — Henderson Land Group boshqaruvi raisi Piter Li bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar qayta tiklanuvchi energetika, Yangi Toshkent infratuzilmasini rivojlantirish va ta’lim sohalaridagi istiqbolli qo‘shma loyihalarni muhokama qildi.
«Mamlakatimiz investitsiyalar uchun ochiq va biz Gonkongning yetakchi biznes doiralari bilan hamkorlikdan manfaatdormiz. Sheriklikdagi tashabbuslarni, jumladan, yangi tashkil etilayotgan Toshkent xalqaro moliya markazi orqali ham qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz», — deb yozdi Saida Mirziyoyeva.
Administratsiya rahbari O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida uzoq muddatli iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar borligiga ishonch bildirdi.
Iqtisodiyot
Dollar kursi tinimsiz ko‘tarilib boryapti
Markaziy bank 2026-yil 9-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 37,38 so‘mga oshib, 11 846,57 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 34,69 so‘mga oshdi va 13 240,91 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 631,55 so‘mni tashkil qildi (29,25).
Rossiya rubli 138,95 so‘m etib belgilandi (+0,8).
Iqtisodiyot
Dollar, yevro va rublning yangi qiymatlari belgilandi
Markaziy bank 2026-yil 6-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 5,5 so‘mga oshib, 11 778,45 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 25,62 so‘mga tushdi va 13 198,93 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 580,53 so‘mni tashkil qildi (+31,99).
Rossiya rubli 138,35 so‘m etib belgilandi (-2,79).
Iqtisodiyot
O‘zbekiston shokolad importining qariyb 70 foizi Rossiyaga to‘g‘ri kelmoqda
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil yanvar–iyul oylarida O‘zbekistonga 46 davlatdan qariyb 28,5 ming tonna shokolad mahsulotlari olib kirilgan.
Import qilingan mahsulotlarning umumiy qiymati 123,7 mln AQSh dollarini tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,6 ming tonnaga yoki 6 foizga ko‘p.
Import hajmi bo‘yicha Rossiya keskin ustunlik qilgan. Yilning dastlabki yetti oyida Rossiyadan O‘zbekistonga 19,5 ming tonna shokolad mahsulotlari yetkazib berilgan.
Rossiyadan kelgan shokolad mahsulotlari umumiy importning qariyb 70 foizini tashkil etgan. Keyingi o‘rinda Ukraina bo‘lib, undan 2,2 ming tonna mahsulot import qilingan.
Qozog‘istondan 914 tonna, Belarusdan 805,2 tonna shokolad mahsulotlari olib kirilgan. Litvadan import 746,2 tonnani tashkil etgan.
Turkmaniston 715,2 tonna, Turkiya esa 569,5 tonna ko‘rsatkich bilan keyingi o‘rinlarda qayd etilgan. Qolgan davlatlar hisobiga 3 ming tonna mahsulot to‘g‘ri kelgan.
Iqtisodiyot
Andijonda Shavkat Mirziyoyev raisligida yig‘ilish boshlandi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholi daromadlarini oshirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilmoqda.
Joriy yilning birinchi yarmida viloyat iqtisodiyoti 8,8 foiz, sanoat 9,2 foiz, xizmatlar 16,1 foiz, investitsiyalar 8,9 foizga o‘sgani qayd etildi.
– Bizga o‘sishdagi raqamlar emas, balki har bir ko‘rsatkich har bir oilaning kundalik hayotiga qanday o‘zgarish olib kirgani muhim,– dedi davlatimiz rahbari.
Andijonda yer va tabiiy boyliklar cheklangan bo‘lsa-da, harakatchan aholi, kuchli tadbirkorlik ruhi, ko‘p sonli yoshlar, sanoat maktabi va katta bozor kabi imkoniyatlar borligi ta’kidlandi.
So‘nggi o‘n yilda viloyatga respublika budjetidan 20 trillion so‘m, banklar tomonidan tadbirkorlik uchun 90 trillion so‘m yo‘naltirildi. Birgina joriy yilda aholi farovonligini oshirishga 6 trillion so‘m ajratildi.
Hokimlarga berilgan vakolatlar va yaratilgan moliyaviy imkoniyatlar shunga munosib natijaga aylanishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
