Mahalliy
Prezident xom mevani eksportga chiqarayotgan «chaqqon» savdogarlarni tanqid qildi
Davlat rahbari xalqaro vaziyat kun sayin o‘zgarib borayotgani, yildan-yilga takrorlanayotgan ob-havo injiqliklari, «anomal issiq» va «anomal sovuq» degan tushunchalar odatiy holga aylanib ulgurganiga e’tibor qaratdi.
Bunday qaltis sharoitda har bir eksport bozori mamlakat uchun o‘ta muhimligi, kerak bo‘lsa, bu – iqtisodiy xavfsizlikning ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekani ko‘rsatib o‘tildi.
Shu bois soha mas’ullari va hokimlar ob-havoni bahona qilavermasdan, sharoitga moslashib, issiq va sovuqqa, suvsizlikka chidamli mahsulotlar yetishtirishga o‘tishi zarurligi qayd etildi.
O‘tgan 6 oyda oziq-ovqat eksporti 44 foiz o‘sib, 1 milliard 326 million dollar bo‘ldi. Eksport geografiyasi 16 ta davlatga ko‘paydi.
Shu bilan birga, Surxondaryo, Toshkent viloyatlari, Qoraqalpog‘iston meva-sabzavot va oziq-ovqat eksportining sur’ati bo‘yicha qolgan hududlardan ortda qolayapti. Navoiy viloyati esa o‘tgan yilgi ko‘rsatkichlariga ham chiqa olmadi.
Ushbu hududlar va ularga Hukumatdan biriktirilgan vakillar bu boradagi ishlarini faollashtirishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Eksport 21 ta tumanda o‘tgan yilga nisbatan 70 foizga ham yetmagani ko‘rsatib o‘tildi. Vaholanki, bu tumanlarda 80 ming gektar paxta va g‘alla ekilmaydigan maydon, yana 55 ming gektar tomorqa yeri bor.
Ushbu 21 ta tuman hokimiga viloyat hokimlari bilan birgalikda bu borada o‘zgarish qilish bo‘yicha aniq rejalarni tuzish topshirildi.
«Mahsulotlarimiz sifatli va shirin bo‘lgani uchun tashqi bozorlarda «O‘zbekistonda yetishtirilgan» brendi shakllangan», – dedi davlat rahbari.
Lekin, ayrim «chaqqon» savdogarlar hammadan oldin qimmatroq sotishni ko‘zlab, xom mevani eksportga chiqarayotgani tanqid qilindi. Oqibatda xorijdagi savdo tarmoqlari minglab tonna O‘zbekiston mahsulotini xom holatda yetkazib berilgani uchun qabul qilmagan.
Natijada O‘zbekistonda yetishtirilgan mahsulotlar tashqi bozorda o‘z o‘rnini yo‘qotishi mumkinligi qat’iy ko‘rsatib o‘tildi.
Mahalliy
Izmir va Toshkent o‘rtasida muntazam aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yiladi
2026 yil 1 avgustdan boshlab Turkiyaning SunExpress aviakompaniyasi ilk bor Izmir – Toshkent – Izmir yo‘nalishi bo‘yicha muntazam aviaqatnovlarni amalga oshirishni boshlaydi. Parvozlar haftasiga to‘rt marta 189 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan Boeing 737-800 rusumidagi havo kemalarida bajariladi. Bu haqda Uzbekistan Airports xabar bermoqda.
«Tarixda ilk bor Toshkent va Izmir shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muntazam aviaaloqa yo‘lga qo‘yilib, bu ikki mamlakat o‘rtasidagi turistik, biznes va madaniy aloqalarni yanada kengaytirishga xizmat qiladi», — deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, SunExpress O‘zbekiston aviatsiya bozoriga ilk bor kirib kelmoqda hamda mamlakatga muntazam reyslarni amalga oshiruvchi uchinchi Turkiya aviakompaniyasiga aylanadi. Bundan tashqari, aviakompaniya kelgusi yil boshidan Farg‘ona vodiysidagi aeroportlarga ham muntazam aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
Hozirgi kunda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida muntazam aviaqatnovlar Turkish Airlines hamda AJet aviakompaniyalari tomonidan amalga oshirilmoqda.
SunExpress — Turkiyaning yetakchi loukoster aviakompaniyalaridan biri bo‘lib, 1989 yilda Turkish Airlines va Lufthansa kompaniyalari hamkorligida tashkil etilgan. Aviakompaniya Antaliya va Izmir shaharlarida bazalashgan bo‘lib, Yevropa, Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika va Markaziy Osiyoning 37 ta mamlakatidagi 250 dan ortiq yo‘nalish bo‘yicha muntazam aviaqatnovlarni amalga oshiradi.
Mahalliy
Buxorodagi davlat bog‘chalari ham vaqtincha yopiladi
Buxoroda ham bog‘chalar vaqtincha yopiladi.
Buxoro viloyatida kutilgan kuchli issiqlar munosabati bilan 15–17-iyul kunlari barcha davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati vaqtincha to‘xtatiladi.
Bu haqda Buxoro viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Buxoro viloyati Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasining xulosasiga asoslanib ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, qaror maktabgacha yoshdagi bolalarning hayoti va salomatligini jazirama issiqning salbiy ta’siridan muhofaza qilish maqsadida qabul qilingan.
Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari 20 iyul kunidan boshlab belgilangan tartibda o‘z faoliyatini qayta tiklaydi.
Ota-onalardan ushbu vaqtinchalik cheklovni to‘g‘ri qabul qilish, shu kunlarda farzandlari salomatligi va xavfsizligiga alohida e’tibor qaratish so‘raldi.
Avvalroq Qoraqalpog‘iston, Xorazm va Navoiydagi bog‘chalar vaqtincha yopilishi ma’lum qilingandi.
Mahalliy
Ayrim fransuz tili o‘qituvchilariga umumiy qiymati 1,3 mln yevrolik grant ajratiladi
Fransiyaning Nitsa shahrida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi delegatsiyasi hamda Frankofoniya instituti o‘rtasida hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan Anglashuv memorandumi imzolandi.
Hujjatga ko‘ra, 2030 yilgacha O‘zbekistondagi 1 410 nafar fransuz tili o‘qituvchisining malakasi oshiriladi. Ularning 910 nafari uchun umumiy qiymati 1,3 million yevroga teng bo‘lgan bepul pedagogik stipendiya (grant) ajratiladi.
Shuningdek, tomonlar «Allyumer le zetual» («Allumer les étoiles») dasturi doirasida pedagoglar malakasini oshirish, trenerlar tayyorlash hamda xorijiy til mutaxassislarini O‘zbekistonga jalb etish bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishib oldi.
Bundan tashqari, A. Avloniy nomidagi Pedagogik mahorat milliy institutida Frankofoniya instituti byurosini ochish masalasi ham muhokama qilindi. Mazkur byuro kelgusida mintaqaviy markaz sifatida fransuz tili o‘qituvchilarining malakasini oshirishga xizmat qilishi rejalashtirilmoqda.
Mahalliy
O‘zbekistondagi 10 mingdan ortiq maktab «Canva»dan bepul foydalanadi
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Karimov boshchiligidagi delegatsiya Fransiyadagi O‘zbekiston elchixonasida «Canva» kompaniyasi bilan grant kelishuvini imzoladi. Hujjatga muvofiq, mamlakatdagi 10 mingdan ortiq umumta’lim maktabi «Canva for Education» platformasidan uch yil mobaynida mutlaqo bepul foydalanadi.
Kelishuv Parij shahridagi YuNESKO bosh qarorgohida o‘tkazilayotgan «Ta’lim transformatsiyasi sammiti +4» doirasida imzolandi. Grantning umumiy qiymati 20 million AQSh dollariga teng bo‘lib, u maktablarda zamonaviy raqamli ta’lim vositalarini keng joriy etishga xizmat qiladi.
«Canva» — Avstraliyada tashkil etilgan va hozirda dunyoning 190 dan ortiq mamlakatida qo‘llanilayotgan yetakchi vizual dizayn platformasi hisoblanadi. Uning ta’limga mo‘ljallangan «Canva for Education» xizmati o‘qituvchilar va o‘quvchilar uchun maxsus ishlab chiqilgan minglab tayyor shablonlar hamda dizayn vositalarini taklif etadi.
Platforma orqali o‘quvchilar taqdimot va infografikalar tayyorlash, vizual materiallar yaratish, sun’iy intellekt asosida ta’lim kontenti ishlab chiqish, guruh bo‘lib onlayn hamkorlik qilish va raqamli savodxonlik ko‘nikmalarini rivojlantirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Mahalliy
OTMlarga kirish uchun test sinovlari 14 iyuldan boshlanadi
2026/2027-o‘quv yili uchun davlat oliy va kasbiy ta’lim muassasalariga kirish uchun test sinovlari 14-23 iyul kunlari bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Bilim va malakalarni baholash agentligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, test sinovlari 10 kun davomida kuniga ikki smenada tashkil etiladi. Birinchi smena soat 08:00, ikkinchi smena esa 15:00 da boshlanadi. Abituriyentlardan belgilangan hududga test boshlanishidan kamida 1,5 soat oldin yetib kelishlari so‘ralgan.
Ma’lum qilinishicha, test sinovlarida ishtirok etish uchun «Abituriyent ruxsatnomasi» my.uzbmb.uz sayti orqali berilmoqda. Abituriyentlarga ruxsatnomani yuklab olib, chop etish tavsiya etilgan.
Har bir abituriyent ruxsatnomada ko‘rsatilgan manzil, sana va smenada test topshiradi. Boshqa hudud, kun yoki smenada test sinovlarida ishtirok etishga ruxsat berilmaydi.
Agentlik abituriyentlar test sinoviga pasport yoki ID-karta hamda ruxsatnoma bilan kelishi shartligini eslatdi. Pasport nusxasi yoki boshqa hujjatlar bilan kelgan, shuningdek, kechikkan abituriyentlar test sinovlariga kiritilmaydi.
-
Sport5 days agoAngliya-Norvegiya bahsi boshlanish vaqti kechiktirilishi mumkin
-
Dunyodan5 days ago
Frantsiyada ko’pchilik qo’rqqan narsa yuz berdi.
-
Jamiyat5 days agoBektemir tumanida «zakladchik»lar qo‘lga olindi
-
Jamiyat3 days agoToshkent metrosiga yana 3 ta zamonaviy poyezd qo‘shildi
-
Siyosat3 days ago
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qatar amiriga ta’ziya bildirdi
-
Sport4 days agoAngliya Norvegiyani turnirdan chiqarib yubordi
-
Sport4 days agoInfantino yana JCh ishtirokchilari sonini oshirish g‘oyasi haqida gapirdi
-
Jamiyat4 days ago
Bugun ayrim hududlarda chang-to‘zon kuzatiladi, havo 43 darajagacha isiydi
