Jamiyat
Bolalarga zo‘ravonlik qilganlarga jazo choralari kuchaytiriladi
Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarini aniqlash va ularni himoya qilish tartibi belgilandi.
Hukumat qarori (440-son, 14.07.2025 y.) bilan “Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarini aniqlash, zo‘ravonlik xavfi darajasini baholash, himoya qilish rejasini ishlab chiqish hamda uni amalga oshirish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra, zo‘ravonlikdan jabrlangan yoxud o‘ziga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilishi xavfi ostida bo‘lgan bolalar bevosita o‘zlari yoxud qonuniy vakillari “Inson” markazlari, ichki ishlar organlari va boshqa mas’ul organlarga murojaat qiladi.
“Inson” markazlari ichki ishlar organlari ishtirokida bolaning hayotiy vaziyatini 1 kun muddatda o‘rganadi.
Bunda “Inson” markazi bolaning hayoti yoki sog‘lig‘iga tahdid soluvchi omillarni dastlabki baholashdan o‘tkazadi hamda xavf darajasini “past” yoki “yuqori” deb topishi mumkin.
Xavf darajasi “yuqori” deb baholanganida, ichki ishlar organi quyidagi choralardan birini ko‘radi:
– zo‘ravonlik sodir etgan shaxsni ma’muriy yo‘l bilan ushlab turish hamda protsessual majburlov choralarini qo‘llash;
– bolaga yoxud uning qonuniy vakiliga himoya orderini berish;
– bolani ota-onasidan (ularning biridan) yoxud uni o‘z qaramog‘iga olgan boshqa shaxslardan olib qo‘yish va uning xavfsizligini ta’minlash.
Tahdid soluvchi omillar bartaraf etilgach, “Inson” markazi bolaning hayotiy vaziyatini 14 kalendar kun ichida kompleks baholashdan o‘tkazadi. Kompleks baholash natijalariga ko‘ra 3 ish kuni ichida bolani himoya qilish rejasi ishlab chiqiladi.
Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik sodir yoki sodir etishga moyil bo‘lgan shaxslarga quyidagi ta’sir choralari qo‘llanilishi mumkin:
– tuzatish dasturidan o‘tish;
– bolalarini olib qo‘yish;
– ota-onalik huquqini cheklash yoki ota-onalik huquqidan mahrum qilish.
– narkologiya muassasalarida majburiy davolanish;
– majburiy tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini tayinlash.
Jamiyat
Shifokor tuxum tarkibidagi eng muhim xususiyatni oshkor qildi
Endokrinolog Margarita Belousova tuxum tarkibidagi muhim ozuqa moddalari haqida gapirdi. U bu haqda RIA «Novosti» nashriga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
Shifokor tuxum tarkibida ko‘plab muhim ozuqa moddalari borligini tushuntirdi.«Masalan, tuxum oqsili tarkibida organizm o‘zi ishlab chiqara olmaydigan, ammo hujayralar qurilishi va yangilanishi uchun zarur bo‘lgan to‘qqizta muhim aminokislotaning barchasi mavjud», deb ta’kidladi endokrinolog.
Uning qo‘shimcha qilishicha, tuxum tarkibida ko‘plab vitaminlar ham mavjud: teri va ko‘rish uchun muhim bo‘lgan A vitamini; asab tizimi uchun zarur bo‘lgan B vitamini; hujayralarni zararli omillardan himoya qiluvchi Ye vitamini va immunitet tizimi uchun zarur bo‘lgan D vitamini.
Bundan tashqari, tuxum tarkibida muhim mikroelementlar: xolin, selen, rux va temir mavjud. Shifokorning so‘zlariga ko‘ra, bu ozuqa moddalari miya faoliyati, immunitet tizimi va gematopoetik tizim uchun zarurdir.
Jamiyat
Qurilish vazirligi va Statqo‘m ma’lumotlarida katta tafovut
O‘zbekistonda 2025-yilda foydalanishga topshirilgan xonadonlar soni bo‘yicha ikki tashkilot e’lon qilgan ma’lumotlar bir-biridan keskin farq qilmoqda.
27 mart kuni Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi e’lon qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilda O‘zbekistonda 135 ming 92 ta yangi xonadon foydalanishga topshirilgan.
Vazirlikka ko‘ra, bunda quyidagi hududlar yetakchi bo‘lgan:
Toshkent shahri — 37 183 ta;
Samarqand viloyati — 12 942 ta;
Farg‘ona viloyati — 10 605 ta.
Avvalroq, 24-mart kuni e’lon qilingan Milliy statistika qo‘mitasi xabarida esa 2025-yilda O‘zbekistonda jami 69,1 mingta xonadon foydalanishga topshirilgani qayd etilgan.
Qo‘mita ma’lumotida keltirilishicha, o‘tgan yili eng ko‘p foydalanishga topshirilgan xonadonlar quyida hududlarga to‘g‘ri kelgan:
Namangan viloyati — 10,8 mingta;
Toshkent viloyati — 6,7 mingta;
Surxondaryo viloyati — 6,1 mingta.
Jamiyat
Amaldorlarga har oyda ikki kun xizmat mashinasidan foydalanish taqiqlanmoqda
Prezidentning «Atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan «Toza havo» umummilliy loyihasini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, davlat xizmatchilari uchun rasmiy transport vositalaridan foydalanishga cheklovlar joriy etilmoqda. Xususan, 2026 yil 1 maydan boshlab Toshkent shahrida maxsus «avtomobilsiz kun»lar belgilanadi.
Unga muvofiq, har oyning 10- va 25-kunlari davlat xizmatchilari xizmat avtomobillaridan foydalana olmaydi. Ular ishga jamoat transporti, velosiped yoki piyoda borishi shart qilib belgilangan.
Shuningdek, farmonda transport sohasini ekologik jihatdan isloh qilishga qaratilgan boshqa tashabbuslar ham nazarda tutilgan. Jumladan, 2026 yil 1 avgustdan eski transport vositalarini topshirgan shaxslarga yangi avtomobil xaridi uchun avtokredit foizining bir qismini qoplash tizimi joriy etiladi.
Bu mexanizm «trade-in» dasturi doirasida amalga oshirilib, aholi va biznes uchun qulayliklar yaratishga xizmat qilishi kutilmoqda. Shu orqali avtoparkni yangilash rag‘batlantiriladi.
Bundan tashqari, yil yakuniga qadar Toshkent shahri hududi «qizil», «sariq» va «yashil» zonalarga ajratiladi. Barcha transport vositalari uchun ekologik toifani tasdiqlovchi maxsus stikerlar joriy etilishi rejalashtirilgan.
Jamiyat
Mediatransfer: «Tayyoriga ayyorlik»ning bahosi qancha? (2-maqola)
Mediatransfer: «Tayyoriga ayyorlik»ning bahosi qancha? (2-maqola)
Source link
Jamiyat
Navoiyda onlayn qimorga yutqazgan yigit qarzdan chiqish uchun Rossiya armiyasiga yollanishga qaror qildi
Unga Ukrainaga qarshi urushda qatnashish evaziga 5 mln rubl va Rossiya fuqaroligi va’da qilingan. Yigit Moskvaga uchib ketish uchun aviachipta ham olgan. Ammo buni sezib qolgan onasi xorijga chiqish pasportini yashirib qo‘yib, IIBga murojaat qilgan. Shu tariqa u samolyotga chiqolmay qolgan va keyinchalik jinoiy jazoga tortilgan.
Foto: Sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan surat
Navoiyda Rossiya armiyasiga yollanib, ushbu davlatga ketmoqchi bo‘lgan shaxs to‘xtatib qolindi. Kun.uz sud hukmi bilan tanishdi.
Talabalikdagi xato
Sud hujjatida keltirilishicha, Karmana tumanida yashovchi, 2001 yilda tug‘ilgan J.Z. 2019 yilda Toshkentdagi oliygohlarning biriga o‘qishga qabul qilingan va 2023 yilda institutni tamomlagan. U talabalik davrida Toshkent shahrida tanishining Cobalt mashinasini boshqarib, YTH sodir etgan. Yigitning keyingi xatolari mana shu nuqtadan boshlangan.
J.Z. mashinani ta’mirlash uchun tanishlaridan 20 mln so‘m qarz olgan. So‘ngra tanishlari pulni so‘ray boshlagach, foizga pul beruvchi shaxsdan 20 mln so‘m olgan. Navbatdagi qadamda u ushbu mablag‘ning foizini uzish maqsadida bankdan 9,8 mln so‘m kredit rasmiylashtirgan. Shu tariqa, u qarz botqog‘iga botishni boshlagan.
“O‘z jonimga qasd qilmoqchi bo‘ldim”
J.Z. institutni tamomlab, Toshkent shahridan ketayotgan vaqtida tanishlaridan 35 mln so‘m atrofida qarzi bo‘lgan. U 2024 yil may oyida Navoiyda tadbirkor tanishidan 5 ming dollar qarz olgan. Ushbu pulning 35 mln so‘mini avvalgi qarzlari uchun bergan, qolganini esa onlayn qimorga tikkan. U bu orqali ko‘proq pul ishlab olib, tadbirkor tanishidan qarzini uzishni maqsad qilgandi. Biroq bunday bo‘lmadi, tikkan pulini yutqazib qo‘ygan. Shu tariqa, 35 mln so‘m qarz 5 ming dollarga aylangan.
So‘ngra ammasining o‘g‘lidan 90 mln so‘m qarz olgan. Ushbu pulning ham 50 mln so‘mini onlayn qimorga tikib, yutqazgan. Ammo buni onasi bilib qolib, tilla taqinchoqlarini sotib hamda kredit olib, qarzga olingan 90 mln so‘m pulni uzishgan.
“Biroq tadbirkor tanishimning pulini qaytara olmadim. 2024 yil oktyabr oyi boshida ishlab pul topish va qarzimni uzish maqsadida Rossiyaning Mosvka shahriga ketdim. U yerda haydovchi bo‘lib ishladim. 2025 yil 20 yanvarda O‘zbekistonga qaytdim. Ishlab kelgan pulimdan ming dollarini tadbirkor tanishimga qaytardim”, degan sudlanuvchi o‘z ko‘rsatmasida.
Shundan so‘ng u Samarqand shahrida joylashgan dori mahsulotlari tarqatuvchi kompaniyada ish boshlagan. Ammo dorixonalarning biridan 24 mln so‘m qarz olib, yana 1Xbet’ga tikib yuborgan. Yutqazib qo‘ygan ushbu mablag‘ni ham qarindoshlaridan qarz ko‘tarib, uzgan.
Shu tariqa, J.Z.ning atrofdagilardan qarzi yana 90 mln so‘mga yaqinlashgan.
“Ushbu pullarni qanday qaytarishni o‘ylay boshladim, lekin biror yo‘lini topolmadim. Bir marta o‘z jonimga qasd qilishga ham qaror qildim, turmush o‘rtog‘im ko‘rib qoldi”, degan u ko‘rsatmasida.
Urushga borishga rozilik
J.Z. 2025 yil iyul oyida qarzlaridan qutulish maqsadida ijtimoiy tarmoqlar orqali Rossiyadan ish izlay boshlagan. Ish taklif qilingan har 4-5 e’londan biri Ukrainaga qarshi urushda qatnashish bilan bog‘liq edi. Buning uchun katta miqdorda pul va’da qilingandi. Qarzlardan o‘zini boshi berk ko‘chaga kirib qolganday his qilayotgan yigit uchun bu najot yo‘li bo‘lib ko‘ringandi.
“E’lonlardan birida keltirilgan profilga urushda ishtirok etsam qancha pul berilishini so‘rab, WhatsApp orqali xabar yozdim. Menga bir yil davomida umumiy 5 mln rubl berilishini ma’lum qildi. Shundan so‘ng ushbu profil egasi bilan muntazam ravishda gaplashib turdim. U Rossiya Qurolli kuchlariga kiruvchi muddatli xarbiy xizmatchilarni to‘plash bilan shug‘ullanuvchi shaxs ekan”, degan J.Z.
Sudlanuvchi ushbu shaxs bilan Rossiya armiyasiga yollanib, Ukrainaga qarshi urushda ishtirok etish uchun qanday hujjatlar kerakligi, nima olib borishi lozimligi, qancha pul berilishi, bu qilmishi uchun O‘zbekistonda jinoiy jazoga tortilsa Rossiya Qurolli kuchlari qanday yordam bera olishi to‘g‘risida suhbatlar olib borgan. Profil egasi esa uni Rossiyaga chaqirgan, urushda qatnashsa ushbu davlat fuqaroligini va’da qilgan. J.Z. ushbu taklifga rozilik bildirgan. Shu tariqa tomonlar kelishgan.
Kelishuvga ko‘ra, J.Z. o‘zi aviachipta olib, Moskva shahriga borishi lozim edi. Aeroportda uni kutib olish va’da qilingan. So‘ngra harbiy poligonda bir oylik tayyorgarlikdan o‘tib, Ukrainaga qarshi urushda qatnashishi kerak bo‘lgan.
Yashirib qo‘yilgan pasport
Sudda J.Z.ning onasi guvoh sifatida so‘roq qilingan. U o‘g‘li Rossiyaga ketib qolishining oldini olish uchun o‘zi IIBga ariza bilan murojaat qilganini aytgan.
“Kelinim o‘g‘lim Ukrainaga qarshi jangovor harakatlarda ishtirok etish niyatida telefoni orqali Rossiya Qurolli kuchlarida ishlovchi shaxslar bilan gaplashib, Rossiyaga ketish uchun bilet sotib olganini aytdi. Shundan so‘ng o‘g‘lim Rossiyaga ketolmasligi uchun uning xorijga chiqish pasportini yashirib qo‘ydim. O‘g‘lim pasportini topolmasdan Rossiyaga ketish aviachiptasi vaqtini 11 iyul kechdan 12 iyul soat 5:55 ga o‘zgartirdi. Ammo pasportini topolmasdan, o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan holda samolyotdan qolib ketdi. O‘g‘limning harakatlaridan shubhalanib, bu og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkinligini sezdim. Shu sababli Karmana tuman IIBga borib, o‘g‘lim Rossiyaga chiqib ketishining oldini olishda ulardan yordam so‘radim”, degan ona o‘z ko‘rsatmasida.
Jazo
JIB Karmana tuman sudining 2026 yil 4 martdagi hukmi bilan J.Z. Jinoyat kodeksining 25,154-moddasi (yollanishga suiqasd qilish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etishda aybli deb topilgan. Unga Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llagan holda 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan. Unga nazorat qiluvchi organning roziligisiz yashash joyini o‘zgartirmaslik, zarur vaqtdan tashqari qo‘shimcha internetdan foydalanmaslik, Navoiy viloyati hududini tark etmaslik kabi qo‘shimcha cheklovlar yuklatilgan.
-
Siyosat5 days agoOʻzbekiston ikkita toʻlaqonli islom bankini tashkil etadi, 2030-yilgacha 1 milliard dollar jalb etishni maqsad qilgan
-
Dunyodan4 days ago
Maskat va Toshkent oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri reyslar yoʻlga qoʻyiladi.
-
Dunyodan2 days agoOrmuz boʻgʻozi taqdirini hal qiluvchi yetti orol
-
Dunyodan2 days ago
Prezident Tramp Hormuz boʻgʻozini ochish haqidagi soʻrovni yana keyinga qoldirdi
-
Dunyodan3 days ago
Eron Hormuz boʻgʻozida baʼzi davlatlar bilan koridor ochadi
-
Sport3 days agoO‘zbekiston 4 ta gol urilgan o‘yinda Gabon ustidan irodali g‘alaba qozondi
-
Iqtisodiyot4 days ago2026 yilda dunyodagi 50 ta eng yirik iqtisodiyot
-
Siyosat3 days agoMarkaziy Osiyoda 2030 yilga borib elektr energiyasiga bo‘lgan talab 40 foizga oshadi, deya ogohlantiradi ETB hisobotida
