Jamiyat
Mubashshir Ahmadga nisbatan ochilgan jinoyat ishi sudga oshirildi
Advokatning so‘zlariga ko‘ra, unga nisbatan Jinoyat kodeksining 3 ta moddasi bo‘yicha ayblov qo‘yilgan. Xususan, Isroilning G‘azodagi urushi bo‘yicha Mubashshir Ahmad yozgan materiallarda «milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atish» alomati bor deb topilgan.
Mubashshir Ahmad taxallusi bilan faoliyat olib boruvchi taniqli diniy ulamo Alisher Tursunov ishi bo‘yicha advokat Ruslan Sodiqov ma’lumot berdi.
Joriy yil 10 may kuni Turkiyadan keltirilgan Alisher Tursunov 75 kundan buyon qamoqda saqlanmoqda. Advokatning ma’lum qilishicha, dastlabki tergovni DXX Tergov boshqarmasi o‘tkazgan.
«Endilikda, jinoyat ishi tamomlanib, sudga oshirilganligi bois, ustozning advokati sifatida ishga oid ba’zi tafsilotlar, shaxsan o‘zlarining holatlari va munosabatlari haqida qisqacha ma’lumot berishni lozim ko‘rdim», deb yozdi Ruslan Sodiqov 24 iyul kuni Facebook’da.
Uning aytishicha, jinoyat ishi 2023 yil 11 avgust kuni Shayxontohur tuman ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi tergov bo‘limi tergovchisi tomonidan Jinoyat kodeksining 244-3-moddasi bilan qo‘zg‘atilgan. Bu moddada «diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish» uchun javobgarlik belgilangan. Bu qilmish jinoyat sifatida e’tirof etilishi uchun oldin ayni shu harakat uchun ma’muriy jazo qo‘llangan bo‘lishi kerak.
«Ustoz Mubashshir Ahmad domla Azon TV kanalida olib borgan diniy, ma’rifiy faoliyati davomida 2023 yilda Diniy qo‘mita xulosasini olmasdan diniy mazmundagi materialni ushbu kanal orqali tarqatgani uchun ma’muriy jazoga tortilgan. 2023 yilda bu holat takroriy sodir qilingan deb topilib, jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan», deya yozdi advokat.
Ma’lum bo‘lishicha, 2025 yil 11 may kuni Alisher Tursunov ushlanganidan so‘ng, unga nisbatan Jinoyat kodeksi 244-1-moddasi 3-qismi «g» bandi bilan qo‘shimcha ayblov e’lon qilingan. Bu ayblov – jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni OAV yoki internetda tarqatishni nazarda tutadi. Ayblovga Alisher Tursunov o‘z telegram kanaliga joylashtirgan videodagi suhbat asos bo‘lgan.
«Ustoz ushlanishida va shu vaqt o‘zlariga nisbatan o‘tkazilgan tergov harakatlari jarayonida o‘zlari tomonidan yollangan himoyachilar xizmatidan foydalanishni talab qilgan, lekin talab bajarilmagani sababli, tergov harakatlariga oid hujjatlarni imzolashdan bosh tortgan. Himoyachilar tergovchiga ayni shu kuni bir necha marotaba aloqaga chiqqan va hatto qisqa xabarlar jo‘natgan, lekin tergovchi e’tiborsiz qoldirib, ustozga nisbatan ayblovni to‘ldirish va so‘roq qilish, qamoqqa olish haqidagi iltimosnoma kiritish harakatlarini davlat hisobidan ta’minlanadigan advokat xizmati yordamida davom ettirgan», deydi Ruslan Sodiqov.
Ruslan Sodiqov
2025 yil 14 may kuni jinoyat ishining dastlabki tergovi Davlat xavfsizlik xizmati Tergov boshqarmasiga o‘tkazilgan. Shu vaqt oralig‘ida advokat mijozi bilan ko‘rishishda muammolarga duch kelgan. Keyinroq, Alisher Tursunov suhbat davomida o‘ziga nisbatan «yaxshi munosabatda bo‘lishgani, hech qanday ruhiy yoki jismoniy tazyiq o‘tkazilmagani»ni bildirgan.
Shuningdek, tergov davomida «Azon Global» xalqaro media-kanali tekshirilib, uning faoliyatida O‘zbekiston Respublikasiga qarshi jinoyatlar, tinchlik va xavfsizlikka qarshi og‘ir jinoyatlar sodir etilmagani aniqlangan. Lekin, Isroilning G‘azoda sodir etayotgan jinoyatlariga oid fikrlarda «milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atish» alomati aniqlanib, ayblov JKning 156-moddasi 2-qismi bilan to‘ldirilgan.
Advokatning yozishicha, diniy ulamo ayblovlarga nisbatan munosabat bildirib, «Turkiyada faoliyat ko‘rsatgani sababli, O‘zbekiston Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasidan xulosa olish zaruriyati yo‘q deb o‘ylagani, chunki hududiylik jihatidan media faoliyati xorijda bo‘lgani, aslo qonunga bepisand nazarda bo‘lmagani»ni ta’kidlagan.
Advokat Ruslan Sodiqov sudda jinoyatning ushbu belgilariga oid xulosalar bo‘yicha ekspertlarga ko‘plab savollari borligini, JPKda belgilangan tortishuvchanlik va haqiqatni aniqlash prinsiplari ustuvorligi ta’minlanishi uchun qonuniy imkoniyatlardan to‘liq foydalanishini bildirdi. Ish qachon va qaysi sudda ko‘rib chiqilishi haqida ma’lumot berilmagan.
Eslatib o‘tamiz, 51 yoshli Alisher Tursunov joriy 8 may kuni Turkiyada ushlanib, 10 may kuni O‘zbekistonga deportatsiya qilingan edi.
Ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentida faol bo‘lgan diniy ulamo – O‘zbekistonda bir necha yil faoliyat yuritgan Azon.uz va Azon TV kabi ma’rifiy loyihalar hamda bir nechta diniy kitoblar muallifi hisoblanadi.
Mubashshir Ahmad bir necha yildan buyon Turkiyada istiqomat qilayotgan edi. U 2023 yil oxirida Turkiya politsiyasi tomonidan o‘zi yashab turgan uyidan jamoat xavfsizligiga tahdid gumoni bilan olib ketilgan, 55 kun deportatsiya markazida ushlab turilib, ayblovlar isbotini topmagani sabab 2024 yil fevralida qo‘yib yuborilgan edi.
Jamiyat
Yaponlar o‘z uyida qanday qilib mukammal ozodalikni saqlaydi?
Bu mamlakatda uyni tozalash og‘ir mehnat hisoblanmaydi.
Yaponiyada biz tushunadigan ma’nodagi «uyni katta tozalash» tushunchasi deyarli noma’lum, ammo uylar hech qanday qiyinchiliksiz ozoda bo‘lib qoladi.
Buning siri qimmat vositalar yoki murakkab texnikalarda emas, balki odamlarning kundalik hayotiga kirib borgan oddiy odatlarda.
Ta’kidlanishicha, yaponlar an’anaviy tozalash ishlariga soatlab vaqt sarflash o‘rniga har kuni 5-10 daqiqa tozalash qoidasiga amal qiladi.
Kichik, ammo muntazam harakatlar, masalan, narsalarni tartibga keltirish, foydalanilgandan so‘ng darhol yuzalarni artish yoki xonalarni har kuni shamollatish uyni iflos bo‘lishiga imkon bermaydi.
Shuningdek, bu mamlakatda ta’lim muhim rol o‘ynaydi, maktablarda bolalar ozodalikka o‘rgatiladi, gigiyena odatga aylanadi. Shuning uchun uyni parvarish qilish og‘ir mehnat sifatida emas, balki bo‘shashtiruvchi va samarali faoliyat sifatida qabul qilinadi.
Yaponiyadagi uylarda tartib va gigiyenani saqlaydigan to‘rtta asosiy odat:
– Ko‘chada kiyiladigan poyabzal uyga kirmaydi;
– Kundalik «soudzi» – har bir buyumning o‘z o‘rni bor, keraksiz narsalar tashlab yuboriladi;
– Darhol tozalash – yuzalar artiladi va idishlar ishlatilgan zahoti darhol yuviladi;
– Tez-tez shamollatish – toza havo changning cho‘kishiga yo‘l qo‘ymaydi.
Natijada, minimal, ammo doimiy sa’y-harakatlar bilan saqlanadigan ozoda, keng va yoqimli makon paydo bo‘ladi.
Jamiyat
O‘zbekistonda taksichilarni aldashning yangi firibgarlik usuli fosh etildi
Qarshi shahrida huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan taksi haydovchilarini aldash bilan shug‘ullangan firibgarlar fosh etildi. Ular o‘zlarini yo‘lovchi sifatida ko‘rsatib, turli bahonalar orqali haydovchilardan pul va bank ma’lumotlarini qo‘lga kiritgan.
Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, jinoyatchilar maxsus mobil ilovalar orqali taksi buyurtma qilgan. Manzilga yetib kelgan haydovchilardan esa “naqd pul yo‘qligi”ni bahona qilib, mablag‘ni karta orqali o‘tkazishni so‘ragan. Shu orqali ular haydovchilarning bank kartasi ma’lumotlari hamda SMS orqali keladigan tasdiq kodlarini qo‘lga kiritgan.
Operativ tadbirlar davomida mazkur jinoyatlarga aloqador bo‘lgan Farg‘ona shahrida yashovchi 22 yoshli shaxs aniqlanib, u qilgan jinoyatlarini tan olgan. Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda mashhur kompaniyalar nomidan tarqatilayotgan soxta aksiyalar ham aniqlangani xabar qilingan edi. Bunday holatlarda fuqarolarga kvartira, vaucher yoki bepul internet trafigi va’da qilinib, aslida ularning shaxsiy va bank ma’lumotlarini qo‘lga kiritish maqsad qilingan.
Jamiyat
Afg‘onistondan kartoshka ko‘rinishida olib o‘tilayotgan 72 kg gashish fosh qilindi
Termiz tumanida yashovchi fuqaro boshqaruvidagi yuk mashina chegarada ko‘rikdan o‘tkazilgan. Uning yukxonasidagi kartoshkalar orasidan kartoshka ko‘rinishida yasalgan 72 kg gashish topilgan. Ushbu narkotik modda Rossiyaga olib ketilayotgan bo‘lgan.
Surxondaryoda Afg‘onistondan Rossiyaga olib ketilayotgan katta miqdordagi narkotik modda fosh etildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Termiz tumanida yashovchi 25 yoshli haydovchi boshqaruvidagi MAN yuk mashinasi Afg‘onistondan “Termiz-avtomobil yo‘li” xalqaro o‘tkazish punktiga kirib kelgan vaqtda DXX Chegara qo‘shinlari va Bojxona idoralari xodimlari hamkorligida ko‘rikdan o‘tkazilgan. Jarayonda mashina yukxonasida kartoshka mahsulotlari borligi ma’lum bo‘lgan.
Qishloq xo‘jaligi mahsuloti sinchkovlik bilan tekshirilganda ularning orasiga kartoshka ko‘rinishida yasalgan 222 dona bo‘lakdan iborat 72 kg 300 gr gashish yashirilganligi aniqlangan. Narkotik modda protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, katta miqdordagi ushbu narkotik modda Rossiyaga olib ketilayotgan bo‘lgan.
Hozirda holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Avvalroq Samarqandda 38 kilogrammga yaqin narkotik modda aniqlangandi.
Jamiyat
Ayrim ko‘chalarda avtoulovlar harakatiga vaqtincha o‘zgarish kiritiladi
Elektr ta’minotini yaxshilash hamda iste’molchilarga sifatli elektr xizmatlarini ko‘rsatish maqsadida 2026 yil 24 martdan 31 martga qadar Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Mingbuloq va Shukur Burhonov ko‘chalarida yerosti kabel tarmoqlarini tortish ishlari olib boriladi.
Shu munosabat bilan mazkur hududda avtoulovlar harakatiga vaqtincha o‘zgarishlar kiritiladi. Xususan, Mingbuloq ko‘chasining Hamroyeva ko‘chasidan kirish qismida harakat vaqtincha cheklanadi. Avtoulovlar yo‘lning ikkinchi bo‘lagidan qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanadi. Shuningdek, Do‘rmon yo‘li ko‘chasidan Mingbuloq ko‘chasiga harakatlanish imkoniyati saqlab qolinadi.
Bundan tashqari, Mingbuloq ko‘chasidan Shukur Burhonov ko‘chasiga harakatlanish ham vaqtincha cheklanadi.
Mas’ullar haydovchilardan belgilangan tartib va tezlik me’yorlariga qat’iy amal qilgan holda harakatlanishni so‘ramoqda. Yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan noqulayliklar uchun uzr so‘raldi.
Jamiyat
Shahrisabz tumanida qor ko‘chkisi kuzatildi
Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumani hududida joylashgan Hisor tog‘ tizmasida yirik qor ko‘chkisi qayd etildi. Hodisa 2026 yil 23 mart kuni taxminan soat 16:25 larda sodir bo‘lgan.
Ma’lum qilinishicha, qor ko‘chkisi dengiz sathidan 3000 metr balandlikda boshlanib, umumiy hajmi taxminan 700 ming kub metrni tashkil etgan. Ko‘chki aholi yashash hududidan taxminan 5 kilometr uzoqlikda yuz bergan.
Hodisa oqibatida hech qanday qurbonlar yoki jarohatlanganlar qayd etilmagan. Shuningdek, infratuzilma va aholi turar joylariga zarar yetmagan.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, bahor mavsumida tog‘li hududlarda qor ko‘chkilari xavfi saqlanib qoladi. Shu munosabat bilan fuqarolarga ehtiyotkorlik choralariga rioya qilish tavsiya etilmoqda.
-
Siyosat4 days ago
O‘zbekiston va Turkmaniston yetakchilari bir-birlarini tabrikladilar
-
Dunyodan5 days ago
Isroil Livan janubida quruqlikdan operatsiya boshladi
-
Jamiyat4 days agoChilonzorda Al-Xorazmiy ko‘chasining bir qismi yopiladi
-
Jamiyat4 days agoCoca-Cola O‘zbekistonda Ramazon oyida bir qator xayriya tashabbuslarini amalga oshirdi
-
Jamiyat4 days agoToshkentda bayram kunlari jamoat transporti uchun maxsus jadval joriy etildi
-
Mahalliy5 days agoRo‘zadan keyin 90 foiz odamlar yo‘l qo‘yadigan xato
-
Jamiyat3 days agoImom Buxoriy masjid-majmuasida ilk hayit namozi o‘qildi (foto)
-
Iqtisodiyot5 days ago
Xizmatlar bozorining qariyb 40 foizi Toshkentda — statistika
