Iqtisodiyot

96 ming so‘mlik harakat uchun 140 mlrd so‘m jarima

Published

on


Soliq maslahatchisi Nodirbek Xo‘jabekov Kun.uzʼga bergan intervyusida markirovkalash qoidalarini buzganlik uchun qo‘llanayotgan jarimalar tizimi amalda qanday ishlayotgani va so‘nggi o‘zgartirishlar ortidan biznes zimmasiga tushayotgan yuk haqida fikr bildirdi. Uning aytishicha, ayrim hollarda juda kichik qoidabuzarliklar uchun milliardlab so‘m jarimalar qo‘llangan. “96 ming so‘mlik mahsulot sabab 140 milliard so‘m jarima qo‘llangan. Biz bu holatlarni sudlarda isbotladik: bu markirovkalash emas, savdo qoidasini buzish deb qaraldi va yutib chiqdik”, – deydi mutaxassis. Shundan keyin 833-sonli qarorga o‘zgartirish kiritildi: endi donalab sotishda ham bu holat markirovkalash qoidasini buzish sifatida qaraladi. “Natijada firmalar bankrot holatiga olib kelinyapti”, – deydi soliq maslahatchisi.

Soliq maslahatchisi Nodirbek Xo‘jabekov Kun.uzʼga bergan intervyusida markirovkalash qoidalarini buzganlik uchun jarimalar nihoyatda og‘ir ekani haqida gapirdi.

“Jarimalar adolatlimi degan savolga men bitta pozitsiyada turib, “ha, adolatli” deb javob berardim — agar qoida to‘g‘ri qo‘llansa. Bu Soliq kodeksining 221 prim 1-moddasi bilan bog‘liq. Unga ko‘ra, markirovkalash qoidasini buzganlarga choraklik oborotning 2 foizi miqdorida jarima qo‘llanadi, agar yil davomida takrorlansa — 20 foiz.

Markirovkalash qoidasini buzish nima degani? Buni Vazirlar Mahkamasining 833-son qarori asosida tushunamiz. Shu qaror bilan tasdiqlangan yo‘riqnomada aniq yozilgan: ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilar tomonidan markirovka qilinmagan tovarni ishlab chiqarish yoki sotish — markirovkalash qoidasini buzish hisoblanadi. Ya’ni markirovkalanmagan tovar katta hajmda bozorga chiqib ketishining oldini olish. Masalan, ishlab chiqaruvchi markirovkasiz mahsulotni ko‘p miqdorda chiqarishi yoki import qiluvchi olib kirgan mahsulotining bir qismini yashirib sotishi mumkin. Shu holatlar uchun aylanmadan 2 yoki 20 foizlik jarima belgilangan. Bu ma’lum darajada adolatli edi.

Lekin amaliyotda boshqacha qo‘llandi. Oddiy chakana savdoda ham — masalan, dorixonada arzon sitramon yoki ichimlik sotilganda markirovka o‘tmay qolsa — shu korxonaning uch oylik oborotidan 2 foiz jarima qo‘llana boshladi”, – deydi u.

Mutaxassis yirik dorixonalar yuzlab filiallari bo‘lgan dorixonalar tarmog‘ini misol keltirib, qaysidir bitta filialida ming so‘mlik sitramon markirovkasiz sotilsa, butun tarmoqning oborotidan jarima hisoblanishiga urg‘u berdi.

“Vaholanki, 833-son qarorda aniq yozilgan: bu norma ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilarga nisbatan qo‘llanadi. Chakana va ulgurji savdoda esa bu holat savdo qoidasini buzish hisoblanadi.

Shunga qaramay, amaliyotda hattoki donalab sotishda ham markirovkalash qoidasi buzildi deb, 221 prim 1-modda bo‘yicha oborotdan jarima qo‘llangan.

Masalan, bitta qadoqdagi 10 dona Tsitramonni sotishda markirovka skanerdan o‘tmasa — butun korxona oborotidan jarima hisoblanadi. “Birnima-farm” kabi korxonalarda ham shunday holatlar bo‘lgan — oxirgi uch oylik oborotidan 2 foiz jarima qo‘llanadi”, – dedi Nodirbek Xo‘jabekov.

Eng keskin holatlardan biri — 96 ming so‘mlik mahsulot sabab 140 milliard so‘m jarima qo‘llangan. Bu korxonaning asosiy oboroti ishlab chiqarish (120 mlrd), qolgan qismi mehmonxona va umumiy ovqatlanish faoliyati edi. Aynan barda 96 ming so‘mlik mahsulot markirovkasiz sotilgani uchun butun oborotdan jarima hisoblangan.

“Bu amaliyot noto‘g‘ri qo‘llangan, chunki 833-son qarorga zid edi. Norma aslida faqat ishlab chiqaruvchi va import qiluvchilarga qo‘llanishi kerak edi. Biz bu holatlarni sudlarda isbotladik: bu markirovkalash emas, savdo qoidasini buzish deb qaraldi va yutib chiqildi.

Ammo keyinchalik 833-son qarorga o‘zgartirish kiritildi. Endi donalab sotishda ham bu holat markirovkalash qoidasini buzish sifatida qaraladi. Natijada bugun: agar dorixonada yoki supermarketda bitta mahsulot markirovkasi skanerdan o‘tmay qolsa ham, butun korxonaning uch oylik oborotidan 2 foiz jarima qo‘llash qonuniylashtirildi.

Bu o‘zgartirish 2026 yil 23 yanvardan kuchga kirgan. Natijada firmalar bankrotlik holatiga olib kelib qo‘yilmoqda”, – dedi mutaxassis.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version