Iqtisodiyot
2,8 mln so‘mdan 22,3 mln so‘mgacha. O‘zbekistonda sohalar kesimida oyliklar qancha?
2025 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistondagi o‘rtacha ish haqi 6 mln 376 ming so‘mni tashkil etdi. Eng katta oyliklar Toshkent shahri (10,7 mln so‘m) va Navoiyda (7,8 mln so‘m), eng kami esa Qashqadaryo (4,5 mln so‘m) va Surxondaryoda (4,5 mln so‘m). Sohalar bo‘yicha eng baland o‘rtacha ish haqi sug‘urta sohasida (22,3 mln so‘m), eng kami esa maktabgacha ta’limda (2,8 mln so‘m).
2025 yilda O‘zbekistonda o‘rtacha oylik ish haqi 6 mln 376 ming so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 18,9 foizga o‘sdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar berdi.
Hududlar kesimida o‘rtacha oylik ish haqining eng yuqori miqdori Toshkent shahri (10 mln 753 ming), Navoiy (7 mln 871 ming) va Toshkent viloyatida (5 mln 967 ming), eng kam miqdori esa Qashqadaryo (4 mln 476 ming), Surxondaryo (4 mln 481 ming) va Farg‘ona (4 mln 730 ming) viloyatlarida qayd etilgan.
Oylik maoshlarning eng yuqori o‘sishi Namangan (+22,8 foiz), Sirdaryo (+20,8 foiz) va Jizzax (+20,7 foiz) viloyatlarida kuzatilgan.
Hisobot davrida faqatgina ikkita ma’muriy hududda (Toshkent shahri va Navoiy viloyati) nominal ish haqi respublikadagi o‘rtacha darajadan yuqori bo‘lib, qolgan barcha hududlarda bu ko‘rsatkich respublika darajasidan turli miqdorda past shakllangan.
Poytaxt va hududlar o‘rtasidagi ish haqi farqi kattaligicha qolyapti. Xususan, eng yuqori (Toshkent) va eng past (Qashqadaryo) ish haqi o‘rtasidagi tafovut 2,4 barobar bo‘lgan.
2020-2024 yillarda eng ko‘p va eng kam o‘rtacha oylik to‘lanuvchi hududlardagi tafovutlar:
2020 yilda: (Toshkent/Qashqadaryo). Farq – 96 foiz;
2021 yilda: (Toshkent/Surxondaryo). Farq – 2,03 barobar;
2022 yilda: (Toshkent/Samarqand). Farq – 2,17 barobar;
2023 yilda: (Toshkent/Namangan). Farq – 2,25 barobar;
2024 yilda: (Toshkent/Qashqadaryo). Farq – 2,5 barobar.
Hisobot yakunlariga ko‘ra, sohalar kesimida o‘rtacha oylik ish haqi miqdori:
bank, sug‘urta, lizing va kredit vositachilik faoliyatida – 17 mln 597 ming so‘m;
axborot va aloqa sohasida – 15 mln 298 ming so‘m;
tashish va saqlash sohasida – 9 mln 659 ming so‘m;
sanoat sohasida – 7 mln 525 ming so‘m;
savdo sohasida – 6 mln 961 ming so‘m;
qurilish sohasida – 6 mln 548 ming so‘m;
san’at, ko‘ngil ochish va dam olish sohasida – 5 mln 448 ming so‘m;
yashash va ovqatlanish xizmatlari sohasida – 5 mln 90 ming so‘m;
ta’lim sohasida – 4 mln 372 ming so‘m;
sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohasida – 3 mln 909 ming so‘m.
O‘qituvchi va shifokorlar ish haqi respublika bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan (mos ravishda 31,5 foiz va 38,7 foizga) pastligicha qolyapti.
Sanoat sohasida o‘rtacha oylik ish haqi 7 mln 525 ming so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, uning tarkibi bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqi miqdori tog‘-kon sanoati va ochiq konlarni ishlash sohasida 9 mln 863 ming so‘m, elektr, gaz, bug‘ bilan ta’minlash va havoni konditsiyalash sohasida 9 mln 218 ming so‘m, ishlab chiqarish sanoati sohasida 7 mln 214 ming so‘m, suv bilan ta’minlash, kanalizatsiya tizimi, chiqindilarni yig‘ish va utilizatsiya qilish sohasida 4 mln 854 ming so‘m bo‘lgan.
Axborot va aloqa sohasida o‘rtacha oylik ish haqi 15 mln 298 ming so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, uning ayrim sohalari bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqi kompyuter dasturlashtirish, maslahat berish va boshqa yordamchi xizmatlar sohasida 19 mln 674 ming so‘mni, axborot xizmati ko‘rsatish sohasida 18 mln 886 ming so‘mni, aloqa sohasida 12 mln 184 ming so‘mni tashkil etgan.
Bank, sug‘urta, lizing, kredit va vositachilik sohasida o‘rtacha oylik ish haqi 17 mln 597 ming so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, uning tarkibi bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqi majburiy ijtimoiy sug‘urtalashdan tashqari, qayta sug‘urtalash va nafaqa jamg‘armalari sohasida 22 mln 296 ming so‘m, moliyaviy xizmatlar ko‘rsatish va sug‘urtalash bo‘yicha yordamchi faoliyat sohasida 19 mln 123 ming so‘m, sug‘urtalash va nafaqa ta’minotidan tashqari moliyaviy xizmatlar sohasida 17 mln 179 ming so‘m bo‘lgan.
Ta’lim sohasida o‘rtacha oylik ish haqi 4 mln 372 ming so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, uning tarkibi bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqi oliy ta’lim sohasida 10 mln 159 ming so‘mni, texnik va professional ta’lim sohasida 4 mln 422 ming so‘mni, umumiy o‘rta ta’lim sohasida 4 mln 278 ming so‘mni, maktabgacha ta’lim sohasida esa 2 mln 868 ming so‘mni tashkil etgan.
Iqtisodiyot
2026 yilda paxtani mashinada terish ulushi 70 foizga yetkaziladi
13 mart kuni imzolangan prezident qarori bilan shunday vazifa belgilandi. Qishloq xo‘jaligi texnika va agregatlarini xarid qilishni moliyalashtirish uchun 400 mln dollargacha tashqi qarz olinadi.
13 mart kuni “Agrar sektorni zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalari bilan ta’minlashning navbatdagi chora-tadbirlari to‘g‘risida” prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, qishloq xo‘jaligida mexanizatsiyalash darajasini oshirish, ayniqsa paxta terimini texnika vositalari orqali amalga oshirish ulushini kengaytirish asosiy vazifalardan biri sifatida belgilandi. Jumladan, 2026 yilda paxtani mashinalar yordamida terib olish ulushini 70 foizgacha yetkazish rejalashtirilmoqda.
Shu maqsadda 2026 yilda qishloq xo‘jaligi texnika va agregatlarini xarid qilishni moliyalashtirish uchun davlat kafolati ostida jalb qilinadigan xorijiy kredit liniyalari hisobidan tijorat banklari orqali 400 million AQSh dollarigacha mablag‘ yo‘naltirilishi ta’minlanadi.
Bundan tashqari, tijorat banklari barcha turdagi qishloq xo‘jaligi texnika va agregatlarini xarid qilish uchun milliy valutada 10 yil muddatga, 2 yillik imtiyozli davr bilan kreditlar ajratadi. Mazkur kreditlar Markaziy bankning asosiy stavkasiga qo‘shimcha 4 foiz bank marjasi asosida taqdim etiladi.
Qarorda paxta va g‘alla kombaynlarini imtiyozli kredit va lizing shartlari asosida xarid qilish tartibi ham belgilangan. Xususan, 2026 yildan boshlab ushbu texnikalar bo‘yicha kredit va lizing to‘lovlarini amalga oshirish muddati yil davomida ikki marta — 31 yanvar va 31 iyul sanalari etib belgilandi.
Iqtisodiyot
O‘zbekiston Afg‘oniston bilan imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitimni tasdiqladi
2025 yil 10 iyun kuni Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida imzolangan O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim ratifikatsiya qilindi. Ma’lumot uchun, o‘tgan yilda rasmiy Kobul va Toshkent o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi 47,5 foizga oshgan.
O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qilish bo‘yicha prezident qarori imzolandi.
Kelishuv 2025 yil 10 iyun kuni Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov va Afg‘oniston sanoat va savdo vaziri Nuriddin Aziziy o‘rtasida tuzilgandi.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Bojxona qo‘mitasi ushbu xalqaro shartnomani amalga oshirish uchun mas’ul etib belgilandi.
Tashqi ishlar vazirligiga xalqaro hujjat kuchga kirishi uchun zarur bo‘lgan davlat ichidagi tartib-taomillar O‘zbekiston tomonidan bajarilgani to‘g‘risida Afg‘oniston tomoniga tegishli bildirishnoma yuborish topshirildi.
Ma’lumot uchun, 2025 yilda O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi tashqi savdo aylanmasi hajmi 47,5 foizga oshib, 1 mlrd 678 mln dollarga yetdi.
Iqtisodiyot
O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida yangi bitim tasdiqlandi
O‘zbekiston prezidentining “Xalqaro shartnomani tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston hukumati bilan Turkiya hukumati o‘rtasida mintaqaviy rivojlanish sohasida hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan bitim rasman tasdiqlandi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur bitim 2024 yil 6 iyun kuni Turkiyaning Anqara shahrida imzolangan bo‘lib, u ikki davlat o‘rtasida mintaqaviy rivojlanish sohasida o‘zaro hamkorlikni kengaytirish, tajriba almashish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga xizmat qiladi.
Qarorga muvofiq, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi ushbu xalqaro shartnomani amalga oshirish uchun mas’ul vakolatli organ etib belgilandi. Vazirlik tegishli idoralar bilan hamkorlikda bitimda nazarda tutilgan vazifalarni hayotga tatbiq etishni ta’minlaydi.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi hamda tegishli vazirlik va idoralar rahbarlariga xalqaro shartnoma kuchga kirganidan keyin uning qoidalari bajarilishi ustidan belgilangan tartibda nazoratni ta’minlash vazifasi yuklatildi.
Mazkur bitim O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi iqtisodiy va mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash, yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda hududlarni barqaror rivojlantirishga xizmat qiladi.
Iqtisodiyot
Keyingi haftada ham dollar tushadi
Keyingi haftada ham dollar tushadi
Source link
Iqtisodiyot
Yaqin Sharqdagi urushning «soyadagi g‘olibi». Rossiya neftdan kuniga yuz millionlab dollar qo‘shimcha daromad olyapti
Sanksiyalar fonida Rossiyaning neft eksporti oxirgi 4 yillikdagi eng past darajaga tushib ketgandi. Yaqin Sharqda boshlangan urush fonida rasmiy Moskva daromadlari sezilarli darajada ko‘paya boshladi. Harbiy harakatlarning dastlabki 12 kunida mamlakat budjetiga kuniga 110–160 million dollar, jami 1,3–1,9 milliard dollar qo‘shimcha daromad kelib tushgan. Hozirda Rossiya nefti so‘nggi uch oydagi o‘rtacha narxiga nisbatan barreliga 20–30 dollar qimmatroq sotilyapti, sanksiyalari ham qisman yumshatilgan.
Rossiya neft savdosidan kuniga 150 mln dollargacha qo‘shimcha budjet daromadi olyapti. Bu esa Yaqin Sharqdagi urushdan eng katta foyda ko‘rayotgan aynan Moskva ekanini ko‘rsatadi, deya yozadi Financial Times.
Ho‘rmuz bo‘g‘ozining amalda yopilib qolishi natijasida Hindiston va Xitoyda Rossiya neftiga talab oshdi. Natijada Moskva neft eksportidan soliqlar orqali 1,3–1,9 milliard dollar atrofida qo‘shimcha daromad olgan deb hisoblanyapti. Shu bilan birga AQSh ayrim sanksiyalarni yumshatdi va Hindistonga Rossiya neftini sotib olmaslik bo‘yicha bosimni kamaytirdi. Bu esa ko‘plab tankerlarning Hind okeani tomon yo‘l olishiga sabab bo‘lyapti.
Financial Times’ning sanoat va tahlilchilar baholariga asoslangan ma’lumotlariga ko‘ra, mart oyining oxirigacha Rossiya hukumati 3,3–4,9 milliard dollar qo‘shimcha daromad olishi mumkin. Bu hisob-kitoblar rasmiy Moskvaning Urals markali neft narxi oy davomida o‘rtacha 70–80 dollar atrofida bo‘ladi degan prognozlarga asoslangan. Avvalgi ikki oyda esa bu ko‘rsatkich o‘rtacha 52 dollar atrofida edi.
Bu Kreml uchun vaziyat keskin o‘zgarishini anglatadi. Chunki Eron bilan urush boshlanishidan oldin Rossiya neft narxlarining pasayishi va Vashington bosimi tufayli Hindiston bilan savdosining katta qismini yo‘qotib, qiyinchiliklarga duch kelayotgandi.
Xalqaro energetika agentligi (IEA) payshanba kuni e’lon qilgan hisobotga ko‘ra, fevral oyida Rossiyaning neft va neft mahsulotlari eksporti 11,4 foizga kamayib, kuniga 6,6 million barrelga tushib ketgan. Bu ko‘rsatkich 2022 yilda Ukraina urushi boshlanganidan beri qayd etilgan eng past daraja hisoblanadi.
«Neft narxining qimmatlashishi Yaqin Sharqdagi mojaro qancha davom etishiga bog‘liq. Hozirgi yuqori narxlar Rossiyaga birinchi chorakda budjet ko‘rsatkichlarini bajarish va hatto biroz mablag‘ jamg‘arishni boshlashga yordam beradi», deydi Kiyev Iqtisodiyot maktabining energetika va iqlim tadqiqotlari bo‘limi rahbari Boris Dodonov.
Sanksiyalarni yumshatish haqidagi signallar
Yaqin Sharqdagi harbiy harakatlar Rossiyaga energetika bozorlarida o‘z ta’sirini kuchaytirish imkonini ham beryapti. Chunki Fors ko‘rfazi davlatlari hozircha o‘z mahsulotlarini eksport qila olmayapti. Moskva esa ushbu vaziyatdan foydalanishga harakat qilyapti. Vladimir Putin dushanba kuni energetika bozorlarida «yangi narx realligi» shakllanayotganini aytib, Yevropaga energiya eksportini qayta tiklash g‘oyasini ham ilgari surdi.
Bir necha soat o‘tib Kreml Putin bilan Tramp o‘rtasida «juda samarali suhbat» bo‘lib o‘tganini ma’lum qildi. Keyinroq Amerika prezidenti narxlarni pasaytirish maqsadida ayrim noma’lum davlatlarga nisbatan «sanksiyalarni olib tashlash imkoniyati» haqida ham gapirdi.
Mazkur vaziyat AQSh ittifoqchilarini xavotirga soldi. Yirik energetika kompaniyasi o‘tkazgan tadqiqotga ko‘ra, agar Yaqin Sharqdan yetkazib berishdagi uzilishlar davom etsa, Yevropa hukumatlari Rossiyaning suyultirilgan tabiiy gaziga qo‘yiladigan taqiqni kechiktirish bosimi ostida qolishi mumkin. Bu esa Moskva izolyatsiyasiga qaratilgan ko‘p yillik sa’y-harakatlarni bekor qilishi ehtimoli bor.
Kpler kompaniyasining suvdagi transport vositalari harakatini kuzatish bo‘limi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya neftining katta qismi dengizda tashilyapti va tankerlarning aksariyati Hind okeani orqali Hindiston portlari tomon harakatlanyapti. 11 fevral holatiga Hindistonning Rossiyadan neft importi kuniga 1,5 million barrelga yetgan. Bu o‘tgan oy boshiga nisbatan 50 foizga ko‘p.
«Agar hozirgi yuk tashish jadvali va bozor harakatlari davom etsa, bu oy Hindistonga Rossiya neftining kelishi kuniga qariyb 2 million barrelga yetishi mumkin», deydi Kpler tahlilchisi Sumit Ritolia.
Rossiyaning daromadi keskin oshdi
Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi uzilishlar global neft va gaz bozorlarida jiddiy beqarorlik keltirib chiqardi. Energiya va toza havo tadqiqot markazi tahlilchisi Vaibhav Raghunandanning ta’kidlashicha, oy davomida bozordan 60 million tonna neft va 7 million tonna suyultirilgan gaz chiqib ketishi xavfi bor.
Yaqin Sharqdan keladigan yo‘qotishlarni qoplash uchun Hindiston va Xitoy Rossiyadan importni keskin oshirdi. Xususan, urush boshlanganidan bir hafta o‘tib, bu ikki davlatning Rossiyadan amalga oshirgan importi fevraldagi o‘rtacha kunlik ko‘rsatkichiga nisbatan 22 foizga ko‘paygan.
«Agar inqiroz uzoq davom etsa, Hindiston va Xitoy Rossiya nefti uchun o‘zaro raqobat qila boshlaydi», deydi Berlin shahridagi Carnegie Russia Eurasia Center tadqiqotchisi Sergey Vakulenko.
Shu bilan birga, Kpler ma’lumotlariga ko‘ra, dengizdagi tankerlar ichida qolib ketgan Rossiya nefti hajmi Yaqin Sharqda urush boshlanganidan keyin 11 million barrelga kamayib, 125 million barrelgacha qisqargan.
Hozirda Rossiya nefti so‘nggi uch oydagi o‘rtacha narxiga nisbatan barreliga 20–30 dollar qimmatroq sotilmoqda. Vakulenko hisob-kitobiga ko‘ra, neftning o‘rtacha oylik narxi har barrel uchun 10 dollarga oshsa, Rossiya eksportchilari qo‘shimcha 2,8 milliard dollar daromad oladi. Shundan 1,63 milliard dollar davlatga soliq sifatida tushadi. Taxminiy hisob-kitoblarga ko‘ra, bu kuniga 54 million dollar qo‘shimcha budjet daromadi degani. Umuman olganda, urushning dastlabki 12 kunida Rossiya budjeti kuniga 110–160 million dollar, jami 1,3–1,9 milliard dollar qo‘shimcha daromad olgan bo‘lishi mumkin. Agar shu sur’atda davom etsa, bir oy davomida Rossiya davlat budjetiga 3,3–5 milliard dollar rejadan tashqari mablag‘ tushadi. Shunday bo‘lsa-da yil boshidagi energiya daromadlaridagi pasayishni qoplash uchun hozirgi bozor sharoiti yana bir necha oy davom etishi kerak bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, 2026 yilning dastlabki ikki oyida energetika daromadlari (asosan neft qazib olish solig‘i hisobiga) o‘tgan yilga nisbatan qariyb 50 foizga kamaydi. Natijada Rossiya budjet taqchilligi butun yil uchun rejalashtirilgan ko‘rsatkichning 90 foizidan oshib ketdi.
Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yildan beri ilk bor sanksiya bosimi Rossiya budjetiga jiddiy zarba bera boshlagandi va hukumat joriy yilgi xarajatlarni kamida 10 foizga qisqartirish imkoniyatini ko‘rib chiqqan. Ammo, ayni paytda Rossiya hukumatidagi amaldorlar vaziyatdan chiqib ketish mumkinligiga ishonyapti.
Tahlilchilarga ko‘ra, agar inqiroz uzoq davom etsa, Rossiya neft ishlab chiqarishni oshirish imkoniyatiga ham ega. Hozir mamlakat ishlab chiqarishni OPEC+ kvotasidan kuniga 300 ming barrel kam darajada ushlab turibdi.
«Bizning fikrimizcha, Rossiya qisqa muddat ichida ishlab chiqarishni kuniga kamida 400 ming barrelga oshirish imkoniyatiga ega, ammo bu hajmni bozorga chiqarish uchun bir necha oy vaqt kerak bo‘lishi mumkin», deydi Emerging Markets Oil and Gas Consulting Partners asoschisi Ronald Smit.
-
Jamiyat4 days agoNogironlar uchun onlayn platforma tenderida shubhali holatlar aniqlandi
-
Siyosat2 days agoPrezident Mirziyoyev fuqarolardan murojaatlar ko‘payib borayotgan bir paytda militsiya xodimlarining qo‘pol xatti-harakatlarini tanqid qildi
-
Jamiyat5 days agoRulda kamar taqmagan Sardor Mamadaliyev jarimaga tortildi
-
Dunyodan5 days ago
Ali Xomanaiyning o‘g‘li Eronning yangi oliy rahbari etib saylandi
-
Siyosat3 days agoIkki nafar O‘zbekiston fuqarosi firibgarlik va o‘g‘irlik hodisasidan so‘ng Bahrayn va AQShdan qaytib keldi
-
Turk dunyosi5 days agoEron urushi kuchayib borayotgan bir paytda Turkiya o’rtada qoldi
-
Dunyodan3 days ago
AQSh, Isroil va Eron o’rtasidagi urush qurbonlari soni 2000 nafarga yetdi.
-
Sport4 days agoAvstraliyadan boshpana so‘ragan eronlik futbolchilardan biri fikrini o‘zgartirdi
