Iqtisodiyot

205 tonna unni birja savdolarisiz sotgan korxonaga chora ko‘rildi

Published

on


Raqobat qo‘mitasining Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida «DENOV OLTIN DON» MChJ tomonidan yuqori likvidli mahsulotlarni sotish bo‘yicha belgilangan talablarga rioya qilinmagani aniqlandi.

Ma’lum bo‘lishicha, korxona 2025-yil oktyabridan 2026-yil 31-martga qadar Jamg‘arma hisobidan birja savdolari orqali xarid qilingan 273 tonna bug‘doyni qayta ishlagan. Belgilangan me’yorlarga ko‘ra, ushbu hajmdan 205 tonna un mahsuloti ishlab chiqarilishi lozim bo‘lgan.

Biroq mazkur un mahsulotlari birja savdolariga chiqarilmasdan, to‘g‘ridan to‘g‘ri eksport shartnomalari asosida sotilgan. Savdo operatsiyalarining umumiy qiymati 634 million so‘mdan oshgan.

O‘zbekistonning «Raqobat to‘g‘risida»gi Qonunining 29-moddasiga muvofiq, birja savdolarini o‘tkazish tartibini buzish yoki raqobatni cheklashi mumkin bo‘lgan harakatlar taqiqlanadi.

Shuningdek, yuqori likvidli va monopol turdagi mahsulotlarni faqat birja savdolari orqali sotish talab etiladi. Bunday mahsulotlarni birjadan tashqari holda to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar asosida realizatsiya qilish qonunchilikka zid hisoblanadi.

Raqobat qo‘mitasi ta’kidlashicha, mazkur talablar bozorda shaffoflikni ta’minlash, narxlarning sun’iy oshirilishiga yo‘l qo‘ymaslik va barcha ishtirokchilar uchun teng raqobat muhitini shakllantirishga qaratilgan.

Aniqlangan holatlar yuzasidan hududiy boshqarmaning Maxsus komissiyasi tomonidan «DENOV OLTIN DON» MChJga nisbatan ish qo‘zg‘atildi.

Tekshiruv yakuniga ko‘ra, korxona tomonidan «Raqobat to‘g‘risida»gi Qonunning 29-moddasi hamda Vazirlar Mahkamasining 170-son qarori bilan tasdiqlangan tartib talablari buzilgani e’tirof etildi va belgilangan tartibda tegishli ta’sir chorasi qo‘llanildi.

Shu bilan birga, qonunbuzilish oqibatlarini bartaraf etish hamda kelgusida bunday holatlarning takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha korxonaga bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version