Iqtisodiyot

2026–2027 yillarda eng tez o‘sadigan iqtisodiyotlar ma’lum qilindi

Published

on


Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT) prognoziga ko‘ra, 2026–2027 yillarda ham Hindiston dunyodagi eng tez o‘sadigan yirik iqtisodiyot maqomini saqlab qoladi. Indoneziya ikkinchi, Xitoy esa uchinchi o‘rinni egallashi kutilmoqda.

IHTT ma’lumotlariga ko‘ra, jahon yalpi ichki mahsuloti (YaIM) 2026 yilda 2,8 foizga, 2027 yilda esa 3,1 foizga o‘sishi prognoz qilinmoqda. G20 davlatlari iqtisodiyoti esa har ikki yilda ham o‘rtacha 3 foizlik o‘sishni namoyon qilishi kutilmoqda.

Tashkilot prognoziga ko‘ra, Hindiston eng yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atini saqlab qoladi. Agar 2025 yilda mamlakat YaIM 7,6 foizga o‘sgan bo‘lsa, 2026 yilda bu ko‘rsatkich 6,3 foiz, 2027 yilda esa 6,4 foizni tashkil etishi kutilmoqda.

Indoneziya iqtisodiyoti ham barqaror o‘sishni davom ettiradi. 2025 yilda YaIM 5,1 foizga oshgan bo‘lsa, IHTT mamlakatning 2026–2027 yillarda ham o‘sish sur’ati bo‘yicha ikkinchi o‘rinni saqlab qolishini prognoz qilmoqda.

Xitoy iqtisodiyoti ham o‘sishda davom etadi, ammo sur’at biroz sekinlashishi mumkin. 2025 yilda YaIM 5 foizga o‘sgan bo‘lsa, 2026 yilda 4,5 foiz, 2027 yilda esa 4,3 foizlik o‘sish kutilmoqda.

IHTT tahlilchilariga ko‘ra, aksariyat mamlakatlarda 2026 yilda iqtisodiy o‘sish sur’ati biroz pasayadi. Bundan istisno sifatida Janubiy Koreya qayd etilgan. Mamlakat iqtisodiyoti 2025 yilda 1 foizga o‘sgan bo‘lsa, yarimo‘tkazgichlar (chiplar) sanoatidagi yuqori talab hisobiga 2026 yilda o‘sish 2,6 foizga yetishi mumkin.

Rossiya iqtisodiyoti ham o‘sishni davom ettiradi, biroq nisbatan past sur’atlarda. IHTT hisob-kitoblariga ko‘ra, mamlakat YaIM 2025 yilda taxminan 1 foizga oshgan. 2026 yilda o‘sish 0,5 foiz, 2027 yilda esa 0,8 foiz bo‘lishi kutilmoqda.

Mutaxassislar fikricha, kelgusi ikki yilda jahon iqtisodiyotida o‘sish saqlanib qoladi, biroq mamlakatlar o‘rtasidagi sur’atlar sezilarli darajada farq qilishi mumkin.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version