Iqtisodiyot
2025-yilda O‘zbekistonda ko‘chmas mulk bozori qanday bo‘ldi?
2025-yilning IV choragida O‘zbekistonda ko‘chmas mulk bozorida o‘sish sur’atlari sezilarli tezlashdi. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu davrda oldi-sotdi bitimlari soni 89,7 mingtani tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 24,5 foizga oshgan.
2025-yil boshidan jami tranzaksiyalar hajmi 319,5 mingtaga yetgan bo‘lib, umumiy o‘sish 15,8 foizni tashkil etdi. Ayniqsa, Buxoro, Sirdaryo va Samarqand viloyatlarida yuqori o‘sish sur’atlari qayd etildi.
2025-yil davomida ajratilgan ipoteka kreditlari hajmi 29 foizga oshib, 21,2 trln so‘mni tashkil etdi. Ularning uy-joy oldi-sotdidagi ulushi 22 foizga yetgan.
Shu bilan birga, aholi real daromadlari IV chorakda 9,2 foizga o‘sgani bozorda talabni qo‘llab-quvvatlovchi asosiy omillardan biri bo‘ldi.
Qurilish sohasida ham faollik yuqori darajada saqlanib, foydalanishga topshirilgan uy-joylar umumiy maydoni 15,9 mln kvadrat metrga yetdi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 7,2 foizga ko‘p.
Uy-joy narxlari dollar hisobida o‘sishda davom etgan. Xususan, birlamchi bozorda 5,7 foiz, ikkilamchi bozorda esa 7,9 foizga qimmatlashgan.
Biroq so‘m hisobida narxlar nisbatan barqaror shakllangan. Bu holat sotuvchilarning narxni xorijiy valyutaga bog‘lab saqlashga intilayotgani bilan izohlanishi mumkin.
Ijara bozorida ham o‘sish kuzatilib, yil yakunida narxlar 8,3 foizga oshgan. Shu bilan birga, Toshkent shahrida yer uchastkalari narxi 9,4 foizga pasaygan.