Iqtisodiyot
2025 yilda aholi daromadlarining oshishi tezlashdi. Asosiy omil – xorijdan yuborilgan pul o‘tkazmalari
O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra O‘zbekistonda aholi umumiy daromadlarining real o‘sishi 9,2 foizni, jon boshiga daromadlarning real o‘sishi esa 7,2 foizni tashkil etdi. Aholining umumiy daromadlarida xorijdan pul o‘tkazmalarining ulushi 21 foiz bo‘ldi va respublikaning barcha hududlarida bu ko‘rsatkich sezilarli darajada oshdi.
2025 yil yakunlariga ko‘ra O‘zbekiston aholisining umumiy daromadlari 1 kvadrillion 134 trillion so‘mga yetdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi hisobotida keltirib o‘tilgan.
O‘tgan yilda aholi daromadlarining nominal ko‘rinishdagi o‘sishi 18,9 foizni, real o‘sish sur’ati esa 9,2 foizni tashkil etdi. O‘tgan yilning mos davrida bu ko‘rsatkich mos ravishda 18,5 va 8,1 foiz bo‘lgandi.
Aholi jon boshiga umumiy daromadlar esa nominal qiymatda 16,6 foizga (2024 yilda – 16,1 foiz), real ko‘rinishda 7,2 foizga (5,9 foiz) ko‘paydi. Natijada 2025 yilda aholi jon boshiga o‘rtacha daromad 29,9 mln so‘mga (24,1 mln so‘m) yetgan.
Hududlar kesimida daromadlarning eng yuqori ko‘rsatkichi Toshkent shahri (73 mln 910 ming so‘m), Navoiy (44 mln 694 ming so‘m), Buxoro (35 mln 176 ming so‘m) va Xorazm (31 mln 136 ming so‘m) viloyatlarida qayd etilgan. Poytaxt va 3 ta viloyatda aholi jon boshiga umumiy daromadlar respublikadagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan baland bo‘lgan.
Bu boradagi eng quyi ko‘rsatkichlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi (20 mln 656 ming so‘m), Namangan (21 mln 304 ming so‘m) va Surxondaryo (22 mln 572 ming so‘m) viloyatlarida qayd etilgan. Poytaxt va Qoraqalpog‘istondagi daromadlar farqi 3,5 barobarni tashkil etyapti.
Aholi jon boshiga daromadlarning eng yuqori real o‘sishi Farg‘ona viloyati (14,8 foiz), Toshkent shahri (8,5 foiz) va Qashqadaryo viloyatida (8,5 foiz) kuzatilgan. Aksincha, Andijon (0,6 foiz), Qoraqalpog‘iston Respublikasi (3,8 foiz) va Toshkent viloyatida (4,4 foiz) aholining real daromadlari nisbatan kam miqdorda o‘sdi.
Aholining umumiy daromadlari tarkibi
Hisobot davrida aholi umumiy daromadlarining katta qismi mustaqil ravishda band bo‘lishdan olingan daromadlarni o‘z ichiga olgan mehnat faoliyatidan olingan – 34 foiz. Shuningdek, transfertlardan olingan daromadlar (29,6 foiz), yollanma ishchilarning daromadlari (26,4 foiz) ham salmoqli ulushni egallaydi.
Transfertlardan olingan daromadlarning ulushi Samarqand (38,5 foiz), Andijon (38,5 foiz), Xorazm (39,1 foiz) va Farg‘ona viloyatlarida (42,2 foiz) aholi umumiy daromadlariga nisbatan 38 foizdan yuqori ko‘rsatkichni tashkil etgan bo‘lsa, Navoiy viloyatida mazkur daromad turining ulushi eng past – 13,6 foiz bo‘lgan.
Xususan, aholining umumiy daromadlarida (boshqa joriy transfertlarni hisobga olgan holda) xorijdan pul o‘tkazmalarining ulushi 21 foizga yetgan.
Pul o‘tkazmalariga eng katta bog‘liqlik Farg‘ona (32,5 foiz), Xorazm (31,1 foiz) hamda Andijon viloyatlarida (30 foiz) kuzatilgan.
Hududlar kesimidagi umumiy daromadlarda respublika tashqarisidan kelib tushgan pul o‘tkazmalari ulushining o‘zgarishi
2025 yilda respublikaning barcha hududlarida xorijdan amalga oshirilgan pul o‘tkazmalari aholi umumiy daromadlarining ko‘payishida asosiy omillardan biri bo‘lgan.