Sport
Avstraliyadan boshpana so‘ragan eronlik futbolchilardan biri fikrini o‘zgartirdi
U Eron elchixonasi bilan aloqaga chiqqan va qayerdaligini fosh qilib qo‘ygan.
Osiyo kubogida ishtirok etish uchun kelgan Eron ayollar jamoasining yana ikki vakili (bir futbolchi va shtabning yana bir xodimi) Avstraliyadan boshpana so‘radi. Natijada vataniga qaytmaslikka qaror qilgan eronliklar soni yetti nafarga yetdi.
Ular o‘yindan oldin milliy madhiyani kuylashdan bosh tortishgandi va vatanida ularni «sotqinlar» deb e’lon qilishdi.
Ammo keyin ulardan biri Eronga qaytishga qaror qilgan boshqa futbolchilar bilan muloqotdan keyin o‘z qarorini o‘zgartirgan.
Avstraliya ichki ishlar vaziri Toni Byorkning ma’lum qilishicha, u Eron elchixonasi bilan aloqaga chiqqan va turgan joyini ma’lum qilib qo‘ygan. Natijada qolganlarni boshqa xavfsiz joyga ko‘chirishga to‘g‘ri kelgan. «Men darhol futbolchilarni boshqa joyga ko‘chirishni buyurdim va bu darhol amalga oshirildi», – deydi Byork.
Vazir Avstraliya hukumati bu uning «o‘z qarori bo‘lganiga ishonch hosil qilgani»ni qo‘shimcha qilgan. «Avstraliyada odamlar fikrini o‘zgartirish huquqiga ega, odamlar erkin harakatlanish huquqiga ega. Biz uning yakuniy qarorini hurmat qilamiz», – degan u.
Byork Sidney aeroportida 10 mart kuni kechqurun uyga uchishdan oldin har bir futbolchi alohida xonaga olib kirilgani va boshpana so‘rash haqida o‘ylab ko‘rish taklif qilinganini ham aytgan. Ularni shoshiltirishmagan, tazyiq o‘tkazishmagan. Byorkning so‘zlariga ko‘ra, ba’zilar bu masalani muhokama qilish uchun Erondagi oila a’zolariga qo‘ng‘iroq qilishgan, ammo ular orasida Avstraliyada qolishga qaror qilganlar bo‘lmagan.