Jamiyat
Zomin va Baxmalda sel kuzatildi, 3 ta avtomobil oqib ketdi
Jizzax viloyatining Zomin va Baxmal tumanlarida kuchli yog‘ingarchilik oqibatida sel oqimlari yuzaga kelib, sel yo‘lida qoldirilgan uchta yengil avtomobil oqim bilan oqib ketdi. Hodisa oqibatida jabrlanganlar yo‘q.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 18 iyun kuni Zomin va Baxmal tumanlarining ayrim tog‘ va tog‘oldi hududlarida kuzatilgan kuchli yomg‘irlar natijasida sel oqimlari hosil bo‘lgan.
Qayd etilishicha, sel oqimi tabiiy sel yo‘li orqali harakatlangan. Biroq sel yo‘liga noto‘g‘ri qoldirib ketilgan 3 ta yengil transport vositasi oqim ta’sirida oqib ketgan.
Mas’ullarning bildirishicha, hodisa oqibatida fuqarolar orasida tan jarohati olganlar qayd etilmagan.