Jamiyat
Zarafshonda ko‘p qavatli uydagi xonadonda basseyn qurib olingani aniqlandi
Jamiyat | 10:18
4342
2 daqiqa o‘qiladi
Ko‘p qavatli uyning 1-qavatida yashaydigan uy egasi xonadoniga basseyn qurib olgani ma’lum bo‘ldi. U yerto‘laning bir qismini noqonuniy egallab, unga tushish uchun uyidan yo‘lak ham ochib olgan. Mulkdorga nisbatan 20 mln so‘mdan ortiq jarima qo‘llanib, unga xonadonni avvalgi holatiga qaytarish majburiyati yuklangan.
Inspeksiya e’lon qilgan videodan kadr
Navoiyda ko‘p qavatli uyning birinchi qavatida o‘zboshimchalik bilan basseyn qurib olish holati aniqlandi. Bu haqda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi nazorati inspeksiyasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, inspeksiya xodimlari tomonidan ko‘p qavatli uylarning texnik holatini o‘rganish maqsadida Zarafshon shahrida nazorat tadbiri o‘tkazilgan. O‘rganishda shaharning 12-kichik hududida joylashgan ko‘p qavatli uyda mulkdor 1-qavatdagi xonadonida o‘zboshimchalik bilan basseyn qurib olgani aniqlangan. Shuningdek, xonadon egasi yerto‘laning bir qismini noqonuniy egallab olib, unga tushish uchun uyidan maxsus yo‘lak ham ochib olgan.
“Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bunday o‘zboshimchalik bilan amalga oshirilgan qurilish ishlari ko‘p qavatli uyning konstruktiv mustahkamligiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, texnik holati zaiflashishiga olib kelishi hamda aholi xavfsizligiga bevosita tahdid yuzaga keltirishi mumkin”, deyiladi xabarda.
Holat yuzasidan huquqbuzarga BHMning 50 baravari miqdorida jarima qo‘llangan va xonadonni avvalgi holatiga qaytarish bo‘yicha majburiy ko‘rsatma berilgan.