Jamiyat
Zangiotada soliqchi, Buvaydada muhandis pora bilan ushlandi
Toshkent viloyatining Zangiota tumani va Farg‘ona viloyatining Buvayda tumanida pora olish bilan bog‘liq ikki korrupsiyaviy holat fosh etildi. Davlat xavfsizlik xizmati hamda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda soliq inspektori va elektr ta’minoti korxonasi muhandisi ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Davlat xavfsizlik xizmati ma’lum qilishicha, Zangiota tumanida xalq orasida Chinni bozor nomi bilan tanilgan «Xo‘jalik mollari va hunarmandlar savdo kompleksi»da faoliyat yurituvchi yakka tartibdagi tadbirkorning do‘konida soliq tekshiruvi o‘tkazilgan.
Tekshiruv davomida tadbirkor savdo tushumlarini mobil ilovalar orqali shaxsiy bank kartasiga qabul qilib, ularni tadbirkorlik hisob raqamiga kirim qilmagani aniqlangan. Shu holatdan foydalangan Zangiota tumani Soliq inspeksiyasining bosh inspektori tadbirkorga 160 million so‘m jarima qo‘llanishini aytib, uni bartaraf etish evaziga 1000 AQSh dollari talab qilgan.
DXX va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda soliqchining topshirig‘iga ko‘ra tadbirkordan pulni olgan vositachi ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shunga o‘xshash holat Farg‘ona viloyatining Buvayda tumanida ham qayd etildi. DXX, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda tuman Elektr ta’minoti korxonasi muhandisi tadbirkordan 1000 AQSh dollari olgan vaqtida ushlangan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, muhandis quyosh panellari o‘rnatish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorga o‘z hududidagi xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarni mijoz sifatida yo‘naltirish, panellarni o‘rnatish uchun zarur hujjatlarni rasmiylashtirish va texnik shart olib berish evaziga jami 5 ming AQSh dollari talab qilgan.
Hozirda har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari davom etmoqda.