Jamiyat

Yuk tashuvchi avtomobillar importi uchun bojxona boji va utilizatsiya yig‘imi bekor qilinadi

Published

on


O‘zbekistonda xalqaro yuk tashuvlari bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi choralar joriy etiladi. Prezidentning joriy yil 7 iyuldagi 251-son qaroriga muvofiq, 2027 yil 31 dekabrga qadar ayrim turdagi yuk tashuvchi transport vositalari importida bojxona imtiyozlari beriladi.

Hujjatga ko‘ra, ishlab chiqarilganiga 5 yildan oshmagan, «Yevro-5» va undan yuqori ekologik standartlarga javob beradigan yuk avtomobillari hamda og‘irligi 15 tonnadan ortiq yoki yukxonasi hajmi kamida 76 kub metr bo‘lgan yarim tirkamalar (samosvallar bundan mustasno) import qilinganda ularga bojxona bojining va utilizatsiya yig‘imining nol stavkasi qo‘llaniladi.

Shu bilan birga, mazkur imtiyozlardan foydalanib olib kirilgan transport vositalari bojxona rasmiylashtiruvidan keyingi uch yil ichida eksport qilinsa yoki qayta jihozlanib tovar kodi o‘zgarsa (yoqilg‘i turini o‘zgartirish holatlari bundan mustasno), berilgan imtiyozlar bekor qilinadi va tegishli to‘lovlar undiriladi.

Qarorga muvofiq, Jahon savdo tashkiloti bilan ishlash bo‘yicha idoralararo komissiyaga o‘n kun ichida mazkur transport vositalarini import qilishda ularni majburiy sertifikatlashdan vaqtincha ozod qilish bo‘yicha qaror qabul qilish vazifasi yuklatildi.

Hujjatning asosiy maqsadi respublika yuk avtomobillari parkni yangilash, mahalliy tashuvchilarning xalqaro bozordagi raqobatbardoshligini oshirish, eksport-import operatsiyalarida transport xarajatlarini kamaytirish hamda yuklarni tashqi bozorlarga yetkazib berish muddatini qisqartirishdan iborat.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version