Jamiyat
Yozgi issiqda avtobuslarda konditsionerlar ishi tekshirilmoqda
Toshkent shahrida yozgi mavsumda yo‘lovchilarga qulay va sifatli xizmat ko‘rsatish maqsadida jamoat transportida nazorat tadbirlari kuchaytirildi. Xususan, avtobus va elektrobuslarda konditsionerlardan to‘g‘ri foydalanilishi hamda salonlarda belgilangan harorat rejimiga rioya etilishi tekshirilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, bugungi kunda poytaxtdagi 169 ta avtobus yo‘nalishi aholiga xizmat ko‘rsatmoqda. Yo‘lovchilar uchun xavfsiz, qulay va sifatli tashuv xizmatlarini ta’minlash transport sohasi oldidagi ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi.
Shu munosabat bilan Toshkent shahri avtobus yo‘nalishlarida brutto-shartnoma talablariga muvofiq sifat mezonlarining tashuvchilar tomonidan bajarilishi ustidan nazorat kuchaytirildi.
Belgilangan talablarga ko‘ra, tashqi havo harorati +28 darajadan yuqori bo‘lgan hollarda avtobus va elektrobuslardagi konditsionerlar ishlatilishi, salon ichidagi harorat esa +26 darajada saqlanishi lozim.
Transport vazirining tegishli ko‘rsatmasi asosida Toshkent shahar transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi hamda «Toshshahartransxizmat» AJ mas’ullari ishtirokidagi ishchi guruh avtobus yo‘nalishlarida monitoring olib bormoqda.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, bunday nazorat tadbirlari jamoat transportida xizmat sifati va yo‘lovchilar uchun qulaylik darajasini oshirishga xizmat qiladi.