Jamiyat
Yotoqxona uyidan kvartira “olib berish” va’dasi: tezkor tadbir natijasi
Asaka tumanida ko‘p qavatli “umumiy yotoqxona” uyidan xonadonni rasmiylashtirib berishni va’da qilgan MChJ rahbari 4800 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Andijon viloyati Asaka tumani bo‘limi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda “A.X.” MChJ rahbari M.X. qo‘lga olindi. Qayd etilishicha, u muqaddam sudlangan.
Ma’lum qilinishicha, M.X. fuqaro I.O‘.ning ishonchiga kirib, “Qadriyat” MFY hududida joylashgan ko‘p qavatli “umumiy yotoqxona” uyidagi xonadonlardan birini uning nomiga rasmiylashtirib berishini aytgan. U bu “xizmat” evaziga 4800 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.