Jamiyat
“Yostiq bilan bo‘g‘di” – Toshkentdagi mehmonxonada hamkasbiga shilqimlik qilgan bank xodimi 5 sutkaga qamaldi
Namangan viloyatining Chortoq tumanida Agrobankda mahalla bankiri lavozimida ishlovchi erkak musobaqada qatnashish uchun hamkasbi bilan Toshkent shahriga jo‘natilgan. U xizmat safari chog‘ida poytaxtdagi mehmonxonalardan birida hamkasbining xonasiga kirib, unga shilqimlik qilgan. “Jinsiy aloqa qilishni taklif etdi. Bu ishni qilgandan o‘lganim yaxshi, deb rad qildim. Unda o‘lasan, deya yostiq bilan bo‘g‘di”, degan ayol o‘z ko‘rsatmasida.
Toshkentda hamkasbiga shilqimlik qilgan bank xodimi ma’muriy qamoq jazosiga tortildi. Kun.uz sud qarori bilan tanishdi.
Sud hujjatiga ko‘ra, Namangan viloyati Chortoq tumanida mahalla bankiri vazifasida ishlovchi 25 yoshli U.O. hamkasbi M.I. bilan birgalikda musobaqada ishtirok etish uchun Toshkent shahriga yuborilgan. 2025 yil 18 dekabrdan 19 dekabrga o‘tar kechasi U.O. mehmonxonada ovqatlanib olish bahonasida hamkasbining xonasiga kirgan. So‘ngra unga shahvoniy shilqimlik qilgan.
Erkak sudda aybiga iqrorlik bildirgan va hamkasbi ovqat keltirib berishni so‘ragani uchun unga lavash olib, xonasiga kirganini aytgan.
“Uning xonasiga birga ovqatlanish uchun kirdim. Tortishib qoldik. Ovqat olib kelib berishimni so‘ragani sababli unga lavash keltirgandim. Keyin u bilan bo‘lib o‘tadigan musobaqaga tayyorgarlik ko‘rmoqchi bo‘ldik. Quchoqlash maqsadida unga qo‘l uzatdim, biroq u qarshilik ko‘rsatdi”, degan erkak sudda.
M.I. esa hamkasbi uni yostiq bilan bo‘g‘ganini aytgan.
“Mehmonxonada o‘z xonamda o‘tirganimda kirib, birga ovqatlanishni taklif qildi. Men rozi bo‘lmasam ham u xonamda ovqatlanib chiqib ketishini aytdi. Keyin oradan bir oz vaqt o‘tib, menga tegajog‘lik qildi va jinsiy aloqada bo‘lishni taklif etdi. Shunda men bu ishni qilganimdan o‘lganim yaxshi, dedim. Unda o‘lasan, deya meni yotqizib, yostiq bilan bo‘g‘di. Shunda men baqirib qarshilik ko‘rsatdim va xonadan chiqib ketmoqchi bo‘ldim. U xonadan chiqishimga qo‘ymadi”, degan ayol.
Shilqim erkak suddan yengillik berishni, ayol esa unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
JIB Chilonzor tuman sudining 2026 yil 18 fevraldagi qarori bilan U.O. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-1-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan (shahvoniy shilqimlik) huquqbuzarlikni sodir etgan deb topilgan. Unga 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.
Avvalroq Xorazmda tadbirkor undan ish so‘rab kelgan talaba qizga shilqimlik qilgandi.