Jamiyat
Yoqilg‘i xarajatiga 3 foizgacha komissiya minyapti. Farg‘onadan reportaj
1 apreldan benzin va dizel, metan va propanni naqd pulga sotish taqiqlandi. Kun.uz muxbiri Farg‘ona viloyatining ayrim tumanlaridagi shoxobchalarda yangi tartib qanday ishlayotganini o‘rgandi, haydovchilar fikriga qiziqdi.
Mashinangizga benzin yo gaz quyishga kirdingiz, yoningizda esa faqat naqd pul bor. Lekin tushkunlikka tushishga hali erta: har qanday cheklovda bo‘lgani kabi, amaliyotda noqulaylikni imkon qadar yengil o‘tish yo‘llari paydo bo‘lib ulgurgan. Quva va Farg‘ona shaharlari hamda Rishton tumanidagi qator shoxobchalarga kirib, bunga yana bir bor guvoh bo‘ldik.
“Naqdga quyaveramiz-u, foizi bor-da…”
Birinchi shoxobchada operatorga yuzlanib, yonimizda faqat naqd pul borligini aytdik va plastik kartasiz ham ishimizni bitirib berishlari yoki yo‘qligini so‘radik. Operator buni kassa xodimi hal qilishini aytdi. Kassaga borib, 50 ming so‘m uzatdik. Xodim naqd puldan foiz ushlab qolinishi va 47 500 so‘mlik propan quyib berishlarini aytdi.
Lekin hamma joyda ham bunday emas. Yana bir shoxobchada 50 ming so‘mlik propan quydik, kassa xodimi hech qanaqa komissiya ushlab qolmadi. Bu vaziyatda, taxminimizcha, u ikki yo‘ldan birini tanlagan: yo xarid cheki chiqarmagan, yoki boshqa bir jismoniy shaxsning kartasidan 50 ming so‘m yechib hisobni to‘g‘rilab qo‘ygan.
65 ming so‘mga qo‘shimcha 1 000 so‘m…
Keyin, boshqa bir shaharda naqd pulga AI-92 benzini quyishga muvaffaq bo‘ldik. 5 litr benzinning narxi 65 ming so‘m bo‘ldi. Lekin ularning talabi bilan kassaga qo‘shimcha 1 000 so‘m, jami 66 ming so‘m to‘lashga to‘g‘ri keldi.
Shunga o‘xshash komissiyani boshqa bir shoxobchada ham uchratdik. Operator 100 ming so‘mlik propanga naqd to‘lov qilganimiz sabab, 1 000 so‘m komissiya borligini aytdi.
“Otaxon pul qo‘yishni bilmayapti, yordam beringlar…”
Metan shoxobchalardan birida qo‘lida bir taxlam pul bilan boshini qashib turgan yoshi ulug‘ haydovchini uchratdik. U mashinasiga metan quyib olgan, to‘lash uchun qo‘lidagi naqd pulini bankomatga solishni bilmay o‘ylanib turardi. Shu payt kassa ichkarisidan mikrofonda “otaxon pul qo‘yishni bilmayapti, yordam beringlar…” degan ovoz eshitildi. Operatorlardan biri ishini tashlab yordamga kelib haydovchining pulini plastik kartasiga solib berdi.
Kassa xodimining aytishicha, naqd pul savdosining taqiqlanishi haydovchilarga ham, zapravka xodimlariga ham noqulayliklar tug‘diryapti.
“70-80 foiz mijozlar naqd pul bilan kelyapti. Kartasi borlar – 20-25 foiz. Endi, yangilik bo‘lgani uchun-da bu”, deydi u.
Kartani infokiosklar orqali to‘ldirayotgan haydovchilar ushlab qolinayotgan komissiyadan norozi. Biz suhbatlashgan ko‘plab aholi vakillari yangi tartibni bekor qilish kerak, deb hisoblashini bildirdi.