Jamiyat

Yoqilg‘i narxi oshdi, ammo bu asossiz tariflar uchun bahona emas

Published

on


Raqobat qo‘mitasi yoqilg‘i-energetika resurslari narxlarining oshishi monopol va tabiiy monopol korxonalar tomonidan mahsulot va xizmatlar narxlarini iqtisodiy asoslanmagan tarzda ko‘tarish uchun sabab bo‘la olmasligini ma’lum qildi.

Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, 2026 yil 1 iyundan boshlab yoqilg‘i-energetika resurslari narxlari 10 foizga oshirilgani ayrim mahsulot va xizmatlar tannarxiga muayyan darajada ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Biroq bu holat monopol mahsulotlar va xizmatlar narxlarini asossiz ravishda oshirish uchun asos bo‘lmaydi.

Qayd etilishicha, Raqobat qo‘mitasi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan ustun mavqega ega korxonalar faoliyati, jumladan ular qo‘llayotgan narxlar doimiy ravishda monitoring qilib borilmoqda.

Shuningdek, qo‘mita tomonidan monopol va tabiiy monopol mahsulotlar tannarxida yoqilg‘i-energetika resurslarining ulushi hamda ular narxining oshishi mahsulot qiymatiga qay darajada ta’sir qilishi oldindan tahlil qilingan. Ilgari mahsulot va xizmatlar narxlarini haqiqiy xarajatlarga nisbatan yuqori shakllantirgan ayrim korxonalarga nisbatan tegishli ta’sir choralari ham qo‘llangan.

Raqobat qo‘mitasi monopol va tabiiy monopol korxonalarni narx belgilashda amaldagi qonunchilik talablariga qat’iy rioya qilishga chaqirib, har qanday asossiz narx oshirish holatlariga nisbatan qonuniy choralar ko‘rilishini ta’kidladi.

Ma’lum qilinishicha, monopol mahsulotlar va xizmatlar narxlari iqtisodiy jihatdan asoslantirilmasdan oshirilgani aniqlansa, qonunchilikda belgilangan moliyaviy jarimalar va boshqa ta’sir choralari qo‘llanishi mumkin.

Qo‘mita bozorda sog‘lom raqobat muhitini ta’minlash va iste’molchilar manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha nazorat tadbirlari izchil davom ettirilishini bildirdi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version