Jamiyat
“Yong‘in payti oshxonada odam ko‘p edi” – Gulistondagi portlash joyidan reportaj
Guliston dehqon bozoridagi ovqatlanish shoxobchasida portlash bo‘lib, yirik yong‘in yuzaga keldi. Odamlar jarohatlangan, qurbonlar ham bor. “Portladi, yer larzaga keldi. Tepadan qora tutun chiqishni boshladi”, deydi Kun.uz bilan suhbatda bo‘lgan bozor ishchilaridan biri. Hodisa sabab salkam 30 kishi turli darajadagi kuyish bilan shifoxonaga yetkazilgan. Ularning 3 nafari vafot etgan.
{Yii::t(}
O’tkazib yuborish 6s
O’tkazib yuborish
2 dekabr kuni Sirdaryo viloyati Guliston shahrida joylashgan dehqon bozoridagi ovqatlanish shoxobchasida gaz balloni portlashi ortidan yirik yong‘in yuzaga keldi. Tarmoqlarda hodisa va undan keyingi holat aks etgan videolar tarqaldi. Odamlar kuyib, jarohatlangan, hatto vafot etganlar borligi aytildi. Kun.uz vaziyatni o‘rganish uchun Gulistonda bo‘lib, reportaj tayyorladi.
“Uz Bek Family” korxonasiga qarashli bu shoxobcha mahalliy aholi orasida “Bek” choyxonasi nomi bilan tanilgan bo‘lib, u dehqon bozorining ichkariroq qismida joylashgan. Choyxona to‘liq yonib ketgan, joyda oyna siniqlari, erib ketgan konditsionerni, bino ichida esa kuyganidan qorayib ketgan idish-tovoq, qozonlar va oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘rish mumkin.
Tahririyat muxbiri bilan suhbatda bo‘lgan bozor ishchilarining aytishicha, portlash bo‘lgan kunda qattiq gumburlash yuzaga kelgan, yer bir silkingan. Odamlar zilzila bo‘lyapti deb o‘ylagan. Keyin yong‘in va qiy-chuv boshlangan. Ayrim odamlarning ust-boshi to‘liq kuyib, yalang‘och bo‘lib qolgani, boshqalar turli mato va kiyimlar bilan ularni o‘rab, yong‘indan uzoqroqqa olib ketishga yordam qilgani aytildi.
Bozorning aynan shoxobcha joylashgan rastasidagi yo‘l yopilgan, uning atrofidagi boshqa sotuvchilarga javob berilgan. Vaqtincha ishlamay turishi ma’lum qilingan. Hozirda hududda huquq-tartibot xodimlari bo‘lib turishibdi.
Ta’kidlanishicha, baxtsiz hodisa ortidan chuqur jarohatlanganlar va hatto vafot etganlar ham bor. Kun.uz voqea tafsilotlarini o‘rganish uchun 2 nafar qurbonning janozasida ham bo‘ldi. Ulardan biri 32 yoshli oshpaz ayol va 38 yoshli “tabakachi” erkak bo‘lgan. Har ikki xodimning oilasi va farzandlari bor.
Tahririyat muxbirlari shundan keyin Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Sirdaryo viloyati filialida bo‘lib, bemorlarning holati bilan qiziqdi. “Bek” choyxonasida ofitsiant bo‘lib ishlovchi yigitga ko‘ra, portlash vaqtida oshxonada juda ko‘p odam bo‘lgan. Ovqat pishiradigan joydan olov chiqib, ko‘pchilikni bosim bilan joyidan itarib yuborgan.
Jarohatlangan ayrim bemorlar intervyu davomida kompensatsiya masalasini ko‘tarishdi. Ular buni kim, qanday tartibda qoplab berishi borasida savollarini yo‘llashdi.
Kattalar jarrohlik jonlantirish bo‘limi anesteziolog-reanimatologi Akbar Mixliyevning ma’lum qilishicha, portlash sabab 29 nafar fuqaro turli darajadagi kuyish va tan jarohatlari bilan shifoxonaga keltirilgan.
Shundan 10 nafari reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan, 4 nafarining ahvoli qoniqarli bo‘lgani bois ambulator yordam ko‘rsatilib, uyiga javob berilgan. Qolganlar boshqa bo‘limlarda davolanmoqda. 2 nafar bemor homiladorligi sabab davolanishni davom ettirish uchun perinatal markazga yuborilgan. O‘ta og‘ir qabul qilingan bemorlardan 3 nafari vafot etgan.
Qayd etilishicha, reanimatsiyadagi kasallarning asosiy qismida 100 foiz kuyish kuzatilgan. Boshqa bo‘limdagilarda esa 20-30-40 foiz darajadagi kuyishlar mavjud. Yordam uchun Toshkentdan tor doira mutaxassislari ham jalb qilingan.
Sirdaryo viloyati IIB holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 257-moddasi 2-qismi (Odam o‘lishi yoki boshqa og‘ir oqibatlarga olib kelgan mehnatni muhofaza qilish qoidalarining buzilishi) bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, 1 kishi protsessual tartibda qamoqqa olinganini xabar qilgan.
Yuqoridagi link orqali reportaj va undagi intervyular bilan batafsil tanishishingiz mumkin.