Jamiyat
Yo‘lkirani avtobusga chiqish paytida to‘lash majburiy bo‘ladi
O‘zbekistonda shahar avtobuslari yo‘lkirasini avtobusga chiqayotgan paytda to‘lash qoidasi o‘rnatilmoqda. 1 sentabrdan boshlab, avtobusga chiqayotgan paytda yo‘l haqini to‘lamagan yo‘lovchilar chiptasiz yurgan deb hisoblanadi va bu jarimaga sabab bo‘lishi mumkin. Bu yangi qoida brutto-shartnoma asosidagi shahar avtobus yo‘nalishlariga taalluqli.
2026 yil 1 sentabrdan boshlab shahar avtobuslarida yo‘lkirani avtobusga chiqish paytida to‘lash majbur bo‘ladi.
Transport vazirligining xabar berishicha, bunday tartib 3 iyun kuni imzolangan hukumat qarorida ko‘zda tutilgan.
Yangi qoidaga ko‘ra, yo‘lovchi yo‘lkira haqini validatorlar bilan jihozlangan avtobusga chiqish vaqtida, quyidagi usullar orqali to‘lashi kerak:
transport kartasini validatorga tekkizgan holda uni validatsiya qilish;
bank kartasi, smartfon va boshqa kontaksiz elektron to‘lov turlaridan foydalanish (NFC, QR, Biometric, BLE, UWB va boshqa texnologiyalar yordamida to‘lash);
ijtimoiy/transport kartasini validatorga tekkizgan holda imtiyozli yoki bepul yurish huquqini tasdiqlash.
Yo‘lkira yuqorida sanab o‘tilgan usullar orqali avtobusga chiqish vaqtida to‘lanmagan (tasdiqlanmagan) taqdirda, yo‘lovchi avtobusda chiptasiz yurgan deb hisoblanadi.
Mazkur qoida 2026 yil 1 sentabrdan e’tiboran, brutto-shartnoma asosidagi shahar avtobuslarida amal qila boshlaydi.