Iqtisodiyot

Yevropada gaz narxlari yana oshdi

Published

on


AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushi tez orada tugashiga bo‘lgan umidning so‘nib borayotgani Yevropada neft va gaz narxlarining keskin oshishiga olib kelmoqda. Yevropa fyucherslari so‘nggi uch yil ichidagi eng yuqori darajaga ko‘tarildi, ularning qiymati esa qariyb 19 foizga oshdi.

Foto: Christian Bruna / Getty Images

9 mart, dushanba kuni Reuters agentligi xabar berishicha, Yevropada gaz yetkazib berish bo‘yicha fyucherslar so‘nggi uch yildan ortiq vaqt ichidagi eng yuqori darajaga ko‘tarildi, narx esa qariyb 19 foizga oshib, bir megavatt-soat uchun 63 yevroga yetdi. Bu qariyb bir hafta avvalgi ko‘rsatkichdan yana 3 yevrodan ziyod yuqoridir. Agentlik Yevropada ushbu yonilg‘i turi narxining yanada oshishiga sabab sifatida AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushi tez orada tugashiga bo‘lgan umidning so‘nib borayotganini ko‘rsatmoqda.

Societe Generale Commodities Research tahlilchilari fikricha, Yaqin Sharqda davom etayotgan harbiy harakatlar narxlar dinamikasiga hal qiluvchi ta’sir ko‘rsatishda davom etadi. Qatar va Birlashgan Arab Amirliklari (BAA)dan suyultirilgan tabiiy gaz (STG) yetkazib berish Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi beqaror vaziyat tufayli qisqargan. Bundan tashqari, Isroil quvurlari orqali gaz hozirda cheklangan hajmda yetkazib berilmoqda, shu bois Misr va Iordaniyada STGga bo‘lgan talab ortmoqda.

Shunga qaramay, Bloomberg agentligi yozishicha, hozirgi narxlar avvalgi energetika inqirozlari davridagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan ancha past. Tarixiy eng yuqori cho‘qqi bir megavatt-soat uchun 300 yevrodan oshib ketgan edi. Hozirgi inqiroz hali 2022 yildagi holat bilan solishtirganda ham ancha kichik miqyosda qolmoqda. O‘shanda, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidan oldin ham, Yevropada gaz narxi bir megavatt-soat uchun 90 yevrogacha ko‘tarilgan edi.

Ta’minot zanjirlaridagi uzilishlarga qaramay, Yevropa Ittifoqi davlatlari yetarli neft va gaz zaxiralariga ega. Bu haqda 9 mart kuni Yevropa komissiyasi xabar qildi. Yevropa komissiyasi matbuot xizmati bayonotida shunday deyiladi: “Ta’minot xavfsizligi bizni yuqori energiya narxlarichalik tashvishlantirmayapti”.

Financial Times gazetasi yozishicha, G7 mamlakatlari moliya vazirlari favqulodda yig‘ilish o‘tkazib, Xalqaro energetika agentligi (XEA) muvofiqlashtiradigan strategik zaxiralardan neft va gazni jamoaviy tarzda chiqarish imkoniyatini muhokama qiladi.

XEAga a’zo davlatlar 1,2 milliard barreldan ortiq strategik neft zaxiralariga ega. Manbalardan birining aytishicha, ayrim amerikalik amaldorlar 300–400 million barrel, ya’ni zaxiralarning taxminan 25–30 foizini chiqarishni maqbul deb hisoblamoqda.

AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushi hamda Ho‘rmuz bo‘g‘ozining amalda to‘sib qo‘yilishi tufayli neft narxi 2022 yildan beri birinchi marta 100 AQSh dollaridan oshdi. Reuters agentligi xabar berishicha, 9 mart kuni London birjasida savdo boshida Yevropada etalon hisoblangan Brent nefti fyucherslari vaqtincha qariyb 26 foizga oshib, bir barrel (159 litr) uchun 116,6 dollargacha ko‘tarildi.

Nyu-York tovar birjasida Amerika neftining West Texas Intermediate (WTI) markasi bo‘yicha fyucherslar ham 26,51 foizga oshib, 115 dollarga yetdi.

7 mart kuni Isroil birinchi marta Eronning neft infratuzilmasiga havo zarbalari berdi — Tehron va uning atrofidagi beshta energetika obekti hujumga uchradi. Bunga javoban Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) Fors ko‘rfazi mamlakatlaridagi neft obektlariga hujum bilan tahdid qildi.

The Guardian gazetasi IIMK vakilining quyidagi so‘zlarini keltiradi: “Agar siz neftning bir barreli 200 dollardan yuqori bo‘lgan narxga chiday olsangiz, o‘yinni davom ettiring”.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version