Iqtisodiyot

Yevropa Ittifoqi Rossiyadan gaz importini to‘liq taqiqlashga qaror qildi

Published

on


Yevropa Ittifoqi 2027 yil 1 yanvardan suyultirilgan tabiiy gaz, 30 sentabrdan esa quvur orqali Rossiya gazini import qilishni to‘xtatish rejasini ma’qulladi. Bunga Vengriya va Slovakiya qarshi chiqyapti, Bolgariya betaraf qoldi. Qolgan davlatlar hujjatni qo‘llab-quvvatladi.

Rossiyadan Yevropa Ittifoqiga suyultirilgan tabiiy gaz yetkazib berishga to‘liq taqiq 2027 yil boshidan kuchga kiradi. Shuningdek, quvur orqali tabiiy gaz yetkazib berish ham 2027 yil 30 sentabrdan boshlab to‘xtatiladi. Bu bo‘yicha 26 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan Yevroittifoq mamlakatlarining uchrashuvida kelishib olindi.

«Mazkur reglament YeIning Rossiya energiya resurslariga qaramlikni tugatishga qaratilgan REPowerEU maqsadiga erishishda muhim bosqich hisoblanadi», — deyiladi hisobotda.

YeIga a’zo davlatlar gaz yetkazib berilishiga ruxsat berishdan oldin uning qayerda ishlab chiqarilganini tekshirishi shart bo‘ladi. Taqiqni buzganlik uchun jarimalar belgilangan:


jismoniy shaxslar uchun — kamida 2,5 mln yevro;
kompaniyalar uchun — kamida 40 mln yevro, yoki yillik umumiy aylanmaning kamida 3,5 foizi yoxud bitim bo‘yicha kutilayotgan aylanmaning kamida 300 foizi.

Shu bilan birga, agar YeIning bir yoki bir nechta davlatida favqulodda holat e’lon qilinsa va gaz ta’minoti xavfsizligiga jiddiy tahdid yuzaga kelsa, Yevrokomissiya Rossiya gazini import qilishga qo‘yilgan taqiqni to‘rt haftagacha to‘xtatib turishi mumkin bo‘ladi.

1 martga qadar a’zo davlatlar gaz importini diversifikatsiya qilish bo‘yicha rejalar tayyorlashi va Rossiyadan yetkazib berishni almashtirishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni aniqlashi kerak.

Rossiyadan neft import qilishni davom ettirayotgan YeI davlatlari ham yetkazib berishni diversifikatsiya qilish rejalarini ishlab chiqishi shart. YeI Kengashi bayonotiga ko‘ra, Yevrokomissiya Moskvadan neft importini bosqichma-bosqich to‘xtatish bo‘yicha reglamentni 2027 yil oxiriga qadar taqdim etishni rejalashtiryapti.

Ma’lumot uchun, 2022 yil oxiridan buyon Yevropa Ittifoqida Rossiya neftiga narx cheklovi amal qiladi. Belgilangan narxdan yuqori qiymatda yoqilg‘i import qilish taqiqlangan. 2022 yilda bir barrel uchun maksimal narx 60 dollar etib belgilangan, o‘tgan yilning sentabrida bu 47,6 dollarga, 1 fevraldan esa 44,1 dollarga tushiriladi.

Bunga javoban Moskva narx cheklovlariga rioya qiluvchi shartnomalar asosida neft va neft mahsulotlarini eksport qilishni taqiqladi. Bu cheklov 2026 yil 30 iyungacha amal qiladi.

Vengriya va Slovakiya Rossiyadan neft va gaz import qilishni davom ettiryapti. Ular Rossiya nefti va gazidan voz kechishni bekor qilish hamda sud jarayoni davomida reglament amalini to‘xtatib turish talabi bilan Yevropa sudiga murojaat qilishni rejalashtirgan. Har ikki davlat YeI Kengashi yig‘ilishida reglament qabul qilinishiga qarshi ovoz berdi. Bolgariya betaraf qoldi, qolgan davlatlar hujjatni qo‘llab-quvvatladi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version