Iqtisodiyot
Yevroittifoq Rossiyaga qarshi 19-sanksiya paketini tasdiqladi
Yevropa Ittifoqi mamlakatlarining doimiy vakillari Ukrainaga qarshi urush uchun Rossiyaga nisbatan 19-sanksiya paketini yakdillik bilan qo‘llab-quvvatladi. Bu qaror Bryusselda bo‘lib o‘tadigan YeI yetakchilari sammiti arafasida qabul qilindi.
Foto: Sean Gallup / Getty Images
Yevropa Ittifoqi mamlakatlarining doimiy vakillari Ukrainaga nisbatan tajovuzkor urush uchun Rossiyaga qarshi 19-sanksiya paketini ma’qulladi. Bunday qaror chorshanba, 22 oktyabr kuni Bryusseldagi Yevropa kengashi yig‘ilishi oldidan qabul qilindi.
«Biz xursandmizki, YeIning barcha a’zo davlatlari hozirgina 19-sanksiya paketiga bo‘lgan e’tirozlarini olib tashlashga tayyor ekanini bildirdi. Shu munosabat bilan yozma tartibda ma’qullash jarayoni boshlandi. Agar e’tiroz kelib tushmasa, paket ertaga soat 8:00 gacha qabul qilinadi», — deya Daniya (YeIda raislik qilayotgan mamlakat) bayonotini Reuters agentligi keltiradi.
Moskvaga qarshi yangi cheklovlar yakdillik bilan ma’qullandi. Sanksiyalarga qarshilikni eng oxirgilardan bo‘lib Slovakiya qaytarib oldi. Ilgari Avstriya ham paketni to‘smasligini va’da qilgan edi.
Avvalroq Vengriya bosh vaziri Viktor Orban Yevropa kengashi majlisiga kechikishi ma’lum qilindi, u o‘z ovozini Slovakiya bosh vaziri Robert Fitsoga topshirdi.
Yevrokomissiya 19-sanksiya paketini sentabr o‘rtalarida taqdim etgan. Unga ko‘ra, 2027 yil 1 yanvardan Rossiyadan suyultirilgan tabiiy gaz (LNG) importi to‘liq taqiqlanadi. Bundan tashqari, «soyadagi flot» deb ataluvchi kemalar ro‘yxati kengaytiriladi. Shuningdek, sanksiyalarni chetlab o‘tib, jumladan kriptovalutalar yordamidagi operatsiyalar orqali RF energoresurslari savdosida ko‘maklashayotgan uchinchi mamlakatlardagi kompaniyalar ham cheklovlarga tushadi.
Kutilishicha, yangi cheklovlar «Rosneft» va «Gazprom neft» bilan har qanday bitimni taqiqlaydi, shuningdek, Rossiya neftiga qo‘yilgan narx chegarasini ham pasaytiradi.
19-paketni tayyorlash paytida rossiyaliklarga turistik Shengen vizalarini berishga cheklovlar ham muhokama qilingandi. Biroq yakunda vizaviy cheklovlar ro‘yxatga kiritilmadi.