Iqtisodiyot
YeTTB O‘zbekiston iqtisodiyoti 2026 yilda 6,5 foizga o‘sishini prognoz qildi
Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki O‘zbekiston iqtisodiyoti 2026 yilda 6,5 foizga, 2027 yilda esa 6 foizga o‘sishini prognoz qildi. Rossiya iqtisodiyotida ehtimoliy sekinlashuv va Yaqin Sharqdagi mojaro ta’sirida inflatsiya bosimining kuchayishi asosiy xavflar sifatida ko‘rilmoqda.
Markaziy Osiyo va Mo‘g‘ulistonda 2026 yil boshida yuqori iqtisodiy faollik saqlanib qoldi, ammo asta-sekin mo‘tadillashish belgilari ko‘rinmoqda, deyiladi Yevropa Tiklanish va taraqqiyot bankining mintaqaga oid yangi hisobotida.
Qayd etilishicha, mintaqada kuchli ichki iste’mol va investitsiyalar o‘sishni qo‘llab-quvvatlashda davom etmoqda. Xizmatlar sohasi qurilish va ishlab chiqarish bilan birga asosiy omillar bo‘lib turibdi.
“Yaqin Sharqdagi mojarolarning cho‘zilishi tufayli salbiy ta’sirlar kuchaydi, bu esa mintaqaning eng yirik savdo va iqtisodiy hamkorlari – Rossiya va Xitoyda energiya narxlarining o‘zgaruvchanligi, ta’minot zanjiridagi uzilishlar va o‘sishning sekinlashishiga olib keldi.
Umuman olganda, o‘sish istiqbollari mustahkam bo‘lib qolmoqda, ammo istiqbollar tobora ko‘proq ichki islohotlar sur’atiga va tashqi zarbalarga chidamlilikni kuchaytirishga qaratilgan sa’y-harakatlarga bog‘liq bo‘lib bormoqda”, – deyiladi hisobotda.
O‘zbekiston
Rasmiy raqamlarga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘sish sur’ati 2026 yilning birinchi choragida yanada tezlashgan. Real YaIM o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 8,7 foizga oshgan.
YeTTB bu o‘sishni birinchi navbatda ichki iste’mol bilan bog‘lagan. Pul o‘tkazmalarining ko‘payishi va ish haqlarining o‘sishi xizmatlar sohasini rag‘batlantirgan. Shuningdek, sanoat ishlab chiqarishi 8 foizga, qurilish sohasi esa 15,5 foizga o‘sgan.
Bank O‘zbekiston iqtisodiyoti 2026 yilda 6,5 foizga, 2027 yilda esa 6 foizga o‘sishini prognoz qilmoqda. Xususiylashtirish jarayonlari kutilgandan tezroq kechsa, o‘sish sur’atlari yuqoriroq bo‘lishi mumkin. Asosiy xavflar sifatida Rossiya iqtisodiyotida ehtimoliy sekinlashuv va Yaqin Sharqdagi mojaro ta’sirida inflatsiya bosimining kuchayishi ko‘rsatilgan.
Qozog‘iston
YeTTB Qozog‘iston iqtisodiyoti 2026 yilda 4,7 foizga, 2027 yilda esa 4,5 foizga o‘sishini kutmoqda.
Yilning birinchi choragida qurilish, transport va sanoat tarmoqlari o‘sishni saqlab qolgan. Biroq Kaspiy quvur konsorsiumi infratuzilmasidagi uzilishlar va Tengiz konidagi hodisa tufayli qazib chiqarish sanoati 11,4 foizga qisqargan.
Bank mamlakat iqtisodiyoti uchun neft narxlarining o‘zgaruvchanligi, neft eksport yo‘llaridagi ehtimoliy uzilishlar hamda Rossiya va Xitoy iqtisodiyotlaridagi sekinlashuvni asosiy xavflar sifatida baholagan.
Qirg‘iziston
Qirg‘iziston mintaqadagi eng yuqori iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichini saqlab qoladi. YeTTB mamlakat iqtisodiyoti 2026 yilda 8,7 foizga, 2027 yilda esa 7 foizga o‘sishini prognoz qilmoqda.
Yil boshida iqtisodiy faollik sanoat, qurilish va savdo hisobidan yuqori bo‘lgan. Asosiy kapitalga investitsiyalar 25,5 foizga oshgan.
Shu bilan birga, Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi sanksion rejim doirasida Qirg‘izistonga kiritgan ikkilamchi sanksiyalari mamlakat iqtisodiyotiga bosim o‘tkazishi mumkin. Aprel oyi oxirida tasdiqlangan 20-sanksiyalar paketi bilan, Yevroittifoqdan Qirg‘izistonga ikki tomonlama maqsadda foydalanish mumkin bo‘lgan tovarlar eksporti taqiqlandi; shuningdek, moliya va logistika sohalari bo‘yicha nazorat kuchaytirildi.
Bundan tashqari, yuqori energiya narxlari va Rossiyada iqtisodiy qiyinchiliklarning kuchayishi ehtimoli Qirg‘iziston uchun qo‘shimcha risklarni yaratadi.
Tojikiston
Tojikiston iqtisodiyoti birinchi chorakda taxminan 8 foizga o‘sgan. Bunga savdo, transport, aloqa, sanoat va elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmining oshishi hissa qo‘shgan.
YeTTB mamlakat iqtisodiyoti 2026 yilda 7,9 foizga, 2027 yilda esa 7 foizga o‘sishini kutmoqda.
Bank Tojikistonning asosiy zaif tomoni sifatida Rossiya iqtisodiyotiga yuqori darajada bog‘liqligini qayd etgan. Rossiyadagi iqtisodiy sekinlashuv mehnat migrantlari yuborgan pul o‘tkazmalari hajmiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Turkmaniston
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Turkmaniston iqtisodiyoti birinchi chorakda 6,3 foizga o‘sgan. Neft-gaz sohasida rejalashtirilgan ko‘rsatkichlar oshirib bajarilgan, qurilish sohasini esa davlat investitsiyalari qo‘llab-quvvatlagan.
YeTTB mamlakat iqtisodiyoti 2026 va 2027 yillarda ham 6,3 foizdan o‘sishini prognoz qilmoqda.
Bankning qayd etishicha, Turkmaniston gaz eksportining katta qismi Xitoy bozoriga to‘g‘ri keladi va bu mamlakatni Xitoydagi talab o‘zgarishlariga nisbatan sezgir qiladi.
Avvalroq Fitch O‘zbekistonning reytingi bo‘yicha prognozni “barqaror”dan “ijobiy”ga oshirgan edi.