Jamiyat
Yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar oromgohlarda bepul dam oladi
Barcha hududlardan 7-14 yoshli jami 1 295 nafar yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bola kasaba uyushmalari tizimidagi oromgohlarda 12 kun davomida dam oladi. Yo‘llanmalar va dam olish bilan bog‘liq barcha xarajatlar Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan to‘liq qoplab beriladi.
Yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning yozgi ta’til davrini mazmunli tashkil etish, ularning sog‘ligini mustahkamlash hamda ijtimoiylashuvini qo‘llab-quvvatlash maqsadida yangi ijtimoiy loyiha yo‘lga qo‘yildi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi va O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi hamkorligida yo‘lga qo‘yilgan loyiha doirasida barcha hududlardan 7-14 yoshli jami 1 295 nafar yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bola kasaba uyushmalari tizimidagi oromgohlarda 12 kun davomida dam oladi.
Loyiha ishtirokchilari uchun yo‘llanmalar va dam olish bilan bog‘liq barcha xarajatlar Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan to‘liq qoplab berilmoqda.
Loyihaning birinchi bosqichi doirasida 1062 nafar bola oromgohlarga yuborilib, sog‘lomlashtirish tadbirlari boshlandi.