Jamiyat

Yer maydoni va kadastr hujjatlari uchun pora talab qilganlar qo‘lga olindi

Published

on


DXX hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hududiy bo‘linmalari tomonidan Toshkent, Qashqadaryo va Buxoro viloyatlarida yer maydoni ajratish va kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib berish bahonasida yirik miqdorda pora talab qilgan bir necha shaxsning noqonuniy faoliyati fosh etildi.

Toshkent viloyatidagi holat

Ohangaron tumanidagi unitar korxona yuristi, muqaddam sudlangan shaxs xaridorga Nurafshon shahrida parrandachilik bilan shug‘ullanuvchi xususiy korxonaga ajratilgan 90 sotix bo‘sh yer maydonini 250 ming AQSh dollariga “sotishini” taklif qilgan.

U, shuningdek, kadastr idoralaridagi tanishlari orqali mazkur yer maydonida kottejlar qurilishiga ruxsat olib berishini va’da qilib, o‘z “xizmati” uchun 30 ming AQSh dollari talab qilgan.

Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda u avans sifatida 40 ming AQSh dollari olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Qashqadaryo viloyatidagi holat

Tuman gaz ta’minoti bo‘limi xodimi o‘zining mansabdor tanishlari orqali Ko‘kdala tumanida davlat zaxirasida bo‘lgan 1 gektar yer maydonini xaridorga 500 million so‘mga “sotish”ga kelishgan.

U belgilangan summadan oldindan 20 ming AQSh dollari olgan paytida tezkor tadbir davomida qo‘lga olindi.

Buxoro shahridagi holat

Muqaddam sudlangan, hozirda maklerlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi shaxs Buxoro shahrida yashovchi fuqarodan uning foydalanuvida bo‘lgan, umumiy maydoni 1 250 kvadrat metr bo‘lgan ko‘chmas mulk obekti toifasini o‘zgartirib, tegishli kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish evaziga 14 ming AQSh dollari talab qilgan.

Davlat xavfsizlik xizmatining Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda u so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtda ushlandi.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Shuningdek, mazkur jinoyat ishlariga aloqador bo‘lishi mumkin bo‘lgan boshqa shaxslarni aniqlash bo‘yicha ham surishtiruv ishlari davom etmoqda.

 



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version