Iqtisodiyot
Yaylovlarni tiklash uchun 63 mln dollarlik loyiha yo‘lga qo‘yiladi
2026 yil 1 iyulga qadar yaylov yerlarini tiklash bo‘yicha Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida umumiy qiymati 63 mln dollar (60 mln dollar kredit, 3 mln dollar grant)lik loyiha start oladi. Loyiha yaylovlar holatini yaxshilash, infratuzilmani tiklash va chorva ozuqa bazasini kuchaytirishga qaratilgan.
PQ-322-sonli qarorga muvofiq, Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi va O‘rmon va yashil hududlarni ko‘paytirish, cho‘llanishga qarshi kurashish agentligi bilan hamkorlikda 2026 yil 1 iyulga qadar yaylovlarni tiklash bo‘yicha loyihani boshlaydi.
Quyidagi vazifalar amalga oshiriladi:
jamoat yaylovlari tashkil etish — aholining uy sharoitida boqiladigan chorva mollarini oziqlantirish imkoniyatini kengaytirish;
yaylovlarni to‘liq xatlovdan o‘tkazish — mavjud yerlar holati va inventarizatsiyasi;
infratuzilmani tiklash — suv quduqlari qazish, o‘simlik turlarini ko‘paytirish, dronlar orqali urug‘ sepish va yaylovlardan samarali foydalanish choralari;
boshqaruvni kuchaytirish — Qoraqalpog‘iston va viloyatlar huzurida yaylov yerlarini boshqarish va infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha alohida direksiyalar tashkil etish;
doimiy monitoring — «O‘zdaverloyiha» huzurida Ma’lumotlar bazasini boshqarish markazi va «Raqamli qishloq xo‘jaligi» platformasida yagona axborot tizimini yo‘lga qo‘yish.
Qaror doirasida yaylovlar degradatsiyasining oldini olish, serhosil cho‘l-yaylov o‘simliklari urug‘chiligini yo‘lga qo‘yish hamda xorijiy tajriba (jumladan, Xitoy va Mo‘g‘uliston)ni amaliyotga joriy etish rejalashtirilgan.