Jamiyat
Yashnobodda Lacetti qarama-qarshi yo‘lakka chiqib ketib Nexia-3 bilan to‘qnashdi, yo‘lovchi vafot etdi
20 dekabr kuni soat 03:45 larda Toshkent shahri Yashnobod tumani Maxtumquli ko‘chasida Lacetti va Nexia-3 avtomashinalari ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Hodisa oqibatida Nexia-3 avtomashinasi yo‘lovchisi olgan tan jarohatlari sabab vafot etgan.
Toshkent shahar IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi axborot xizmati ma’lum qilishicha, 2004 yilda tug‘ilgan J.Y. Lacetti rusumli avtomashinasini boshqarib ketayotib, rul boshqaruvini yo‘qotgan va yo‘lning qarama-qarshi tomoniga o‘tib ketgan. Natijada u 1977 yilda tug‘ilgan S.A. boshqaruvidagi Nexia-3 rusumli avtomashina bilan to‘qnashgan.
Qayd etilishicha, YTH natijasida Nexia-3 avtomashinasida bo‘lgan yo‘lovchi olgan jarohatlari oqibatida vafot etgan. Shuningdek, Lacetti va Nexia-3 haydovchilariga shifokorlar tomonidan birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.
Mutasaddilar barcha yo‘l harakati qatnashchilarini qoidalarga qat’iy rioya qilish, tezlikni belgilangan me’yorlardan oshirmaslikka chaqirdi.