Jamiyat
«Yashil makon» loyihasiga hissa qo‘shayotgan fuqarolar rag‘batlantiriladi
Ekologiya qo‘mitasi «Yashil makon» umummilliy loyihasini amalga oshirishda o‘z hissasini qo‘shayotgan shaxslarni rag‘batlantiradi.
Bunda kamida 100 ta daraxt ko‘chatlarini ekkan shaxsga yoki daraxt ekish uchun «Yashil xayriya jamg‘armasi» platformasiga kamida 10 mln so‘m hadya qilgan shaxsga «Ekofaol fuqaro» maqomini beriladi.
Shuningdek, kamida 1000 ta daraxt ko‘chatlari ekilishini tashkil qilgan yoki «Yashil xayriya jamg‘armasi» platformasiga kamida 100 mln so‘m hadya qilgan tadbirkorlarga «Ekohamkor» maqomi beriladi. Bunda tadbirkorlarga ushbu maqomdan o‘z faoliyatini reklama qilishda foydalanish huquqi beriladi.
Ekologiya qo‘mitasi tomonidan tasdiqlanmagan taqdirda ekofaoliyat va ekoaksiyalarni tashkil qilish holatlarini reklama qilish reklama qonunchiligini buzish deb hisoblanadi va qonunchilikda belgilangan javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Shuningdek, Ekologiya qo‘mitasiga quyidagi:
50 mingdan kam bo‘lmagan daraxt ko‘chatlari ekilishini ta’minlagan yoki «Yashil xayriya jamg‘armasi» platformasiga kamida 5 mlrd so‘m hadya qilgan shaxslarga metsenat maqomini berish;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida kamida 5 ta yashil bog‘ va yashil jamoat parkini o‘z hisobidan barpo qilgan shaxslarga «Kelajak bunyodkori» davlat mukofotini berish bo‘yicha taklif kiritish vakolatlari berilmoqda.