Iqtisodiyot
Yarim yillik tanaffusdan so‘ng O‘zbekiston oltin eksportini qayta tikladi
2025 yil sentabr oyidan keyin eksportni amalda to‘xtatgan O‘zbekiston 2026 yilning dastlabki 4 oyida 1,5 milliard dollarlik oltin eksport qildi.
Foto: AFP / SEBASTIAN DERUNGS
Yarim yillik tanaffusdan so‘ng O‘zbekiston oltin eksportini qayta tikladi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlaridan oydinlashmoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, yilning dastlabki to‘rt oyida O‘zbekiston 1,5 milliard dollarlik nomonetar oltin eksport qilgan. Asosiy qismi aprel oyida sotilgan.
Yiliga 130 tonnaga yaqin oltin qazib oladigan O‘zbekiston 2025 yil sentabr oyidan keyin eksportni amalda to‘xtatgan, Markaziy Bank esa qimmatbaho metallning dunyodagi eng yirik xaridorlaridan biriga aylangan edi.
Oltin O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun asosiy bufer hamda eksport va budjet tushumlarining muhim manbai bo‘lib qolmoqda.
O‘zbekistondan oltin eksportini to‘xtatishning asosiy sabablari sifatida oltinning rekord darajadagi yuqori narxi, oltin-valuta zaxiralarini to‘plash va zaxiralarni strategik boshqarish ko‘rsatilgan.
To‘xtatib turish foydali strategiya edi – O‘zbekiston undan zarar ko‘rmadi. Eksport qayta tiklanganidan so‘ng, 1,5 milliard dollar daromad oldi.