Siyosat
Yaponiya O‘zbekistonga qariyb 37 mlrd iyena kredit ajratdi
Yaponiya hukumati O‘zbekistonda energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan ikki yirik loyihani moliyalashtirish uchun jami 36,757 milliard iyena miqdorida imtiyozli kredit ajratmoqda.
10-iyun kuni Toshkent shahrida Yaponiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Xirata Kenji hamda Bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov o‘rtasida tegishli almashinuv notalari imzolandi.
Mablag‘lar «Davlat binolarida energiya samaradorligini oshirish loyihasi» va «Sanoat sektorida energiya samaradorligini oshirish loyihasi»ni amalga oshirishga yo‘naltiriladi. Birinchi loyiha uchun 21,788 milliard iyena, ikkinchisi uchun esa 14,969 milliard iyena ajratilishi belgilangan.
Ma’lum qilinishicha, har ikki loyiha bo‘yicha kreditlar imtiyozli shartlarda ajratilmoqda. Asosiy qarz uchun yillik foiz stavkasi 2,4 foizni, konsalting xizmatlari uchun esa 0,8 foizni tashkil etadi.
Kreditlarni qaytarish muddati 25 yil etib belgilangan bo‘lib, uning 7 yili imtiyozli davr hisoblanadi. Shuningdek, xarid shartlari «bog‘lanmagan» shaklda amalga oshiriladi.