Jamiyat
Yangihayotdagi bog‘chada tarbiyachi bolalarni hojatxonaga qamagani aytilmoqda
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahri Yangihayot tumanidagi 566-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida tarbiyachi 3 nafar bolani hojatxonaga qamab qo‘ygani haqida xabarlar tarqaldi. Tarbiyachilarning aytishicha, 3 nafar bola hojatxonaga qamab qo‘yilgan, ularning bittasi qo‘li bog‘lab qo‘yilgan. Holat huquqni muhofaza qiluvchi organlar va Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan o‘rganilmoqda.
Voqea haqida qamab qo‘yilgan bolalardan birining onasi Instagram’da video e’lon qilgan. Unda bola qo‘rqib yig‘lab chiqqani aytiladi. Shuningdek, ota-onalar Telegram guruhida boshqa ota-onalar ham farzandlarining gaplariga tayanib, shunga o‘xshash holat bo‘lganini bildirgan.
Videoda Samira ismli tarbiyalanuvchi quyidagilarni aytgan:
“Uchalamizni — meni, Laylo va Temurni hojatxonaga qamab qo‘ydi. Temurning qo‘lini ham bog‘lab qo‘ydi. Baqirdik ham, yig‘ladik ham, ochmadi. “Sichqonlarga olib boraman”, dedi”.
Ota-onalardan biri esa o‘g‘li ham shunga o‘xshash gaplarni aytganini bildirgan:
“Mening o‘g‘lim ham shu haqida gapirdi. Yangi enaga kelib, bolalarni podvalga qamab qo‘yishini, meni ham olib borib qamab qo‘yishini aytdi”.
Temur ismli bolaning onasi so‘zlariga ko‘ra, bolalar tarbiyachiga quloq solmagani uchun jazolangan bo‘lishi mumkin:
“Qamab qo‘ydi, yig‘ladim”, deydi. Nega qamab qo‘yadi, nima haqqi bor desam, quloq solmadik, deb javob berdi”.
Ota-onalar guruhida yuborilgan bir nechta ovozli xabarlarda ham boshqa bolalar shu kabi holat bo‘lganini aytgani qayd etilgan. Yana bir tarbiyalanuvchi esa bolalar hojatxonaga ruxsatsiz kirgani uchun jazolanganini bildirgan.
Samiraning onasi farzandi hodisadan keyin ham qo‘rquvdan yig‘layotganini ta’kidlagan:
“13 aprel kuni soat 00:25 da ham bola qo‘rquvdan yig‘lab chiqdi. Endi bolaning psixikasiga kim javob beradi?”
Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirib, mazkur vaziyat huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda tuzilgan ishchi guruh tomonidan o‘rganilayotganini ma’lum qildi. Qo‘shimcha axborot berilishi kutilmoqda.
O‘zbekiston bog‘chalarida bolalar huquqlari buzilishiga oid bunday holat birinchisi emas. Bir necha kun oldin Navoiyda bolalarni urib qo‘pol munosabatda bo‘lgan tarbiyachi qamoqqa olindi.
Avvalroq Toshkent viloyatida bolani uxlamagani uxlab urib haqoratlagan tarbiyachi ishdan bo‘shatilgandi.
Joriy yil boshida esa Chirchiq shahridagi 30-sonli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotida imkoniyati cheklangan bolalarga nisbatan noo‘rin munosabatda bo‘lingani aks etgan videolavha tarqalgandi.