Iqtisodiyot
Yangi Toshkent aeroporti qurilishi 2030 yilga borib xorijlik sayyohlar sonini 25 millionga yetkazish imkonini yaratadi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan zamonaviy transport tarmog‘ini yaratish va bu orqali turizm infratuzilmasini rivojlantirish, shuningdek, turizm xizmatlari sifatini yaxshilashga qaratilayotgan e’tibor natijasida 2030 yilga borib xorijiy sayyohlar soni — 25 millionga, ichki sayyohlar soni esa 50 million nafarga yetishi mumkin.
Xususan, yangi xalqaro aeroportlar qurilib, ularning soni 18 tagacha yetkazildi. Hududlarda 7 ta xalqaro aeroport zamon talablariga muvofiq ta’mirlanmoqda. Shuningdek, yurtimizga tashrif buyurayotgan sayyohlar soni yildan-yilga oshib borayotgani sababli, sohadagi yetakchi xorijiy ekspertlar va jamoatchilik vakillarini inobatga olgan holda Toshkent viloyatida yangi xalqaro aeroport ham barpo qilinmoqda.
Hozirda Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Qatar, Koreya, Xitoy, Hindiston, Malayziya, Turkiya, Rossiya, Polsha kabi davlatlarning 51 ta aviakompaniyasi O‘zbekistonga doimiy qatnovlarni amalga oshirmoqda. AQShdan 22 ta zamonaviy «Boeing» samolyotining xarid qilinishi esa O‘zbekistonni Janubi-Sharqiy Osiyo, Yevropa, AQSh va boshqa mintaqalar bilan bog‘lab, sayyohlar hamda ishbilarmonlar uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda.
Shu bilan birga, mamlakat ichida temiryo‘l va avtomobil infratuzilmasi ham modernizatsiya qilinmoqda. Turistik yo‘nalishlarni bog‘lovchi yangi qulay elektro-poyezdlar va tez-yurar poyezdlar, elektrobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yilmoqda, avtobus parki hamda yo‘lbo‘yi infratuzilmasi mamlakatimizning chekka hududlarini ham qamrab olgan turistik marshrutlar bo‘ylab rivojlantirilmoqda.
Shu paytgacha 2030 yilda xorijlik sayyohlar oqimini 15 MILLIONga yetkazish rejalashtirilgan bo‘lsada, Toshkent viloyatida yangi aeroport qurilayotgani, Samarqand, Buxoro, Andijon va Urganchda yangi aeroportlarning ishga tushirilishi ko‘zlangan maqsadni deyarli ikki baravarga oshirish, ya’ni 2030 yilga borib xorijlik sayyohlar sonini 25 MILLIONga yetkazish imkonini beradi. Ayni damda yurtimizga har oy 1 MILLIONdan ortiq turist kelmoqda, ko‘zlangan maqsadga erishish uchun esa har oy keladigan turistlar oqimini 2 MILLIONdan oshirishimiz lozim.
Olib borilayotgan islohotlar zamonaviy, qulay va xavfsiz transport tizimini yaratib, O‘zbekistonni mahalliy va xorijlik sayyohlar uchun yanada qulay va sevimli maskanga aylantirishi shubhasiz.