Iqtisodiyot
Yangi tadbirkorlarga soliq hisobotini topshirish xizmati bepul bo‘ladi
O‘zbekistonda yangi tashkil etilgan tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ular uchun soliq va moliyaviy hisobotlarni yuborish xizmati dastlabki 6 oy davomida bepul yo‘lga qo‘yiladi. Yangi tartib 2026 yil 1 iyuldan amal qiladi.
Bu haqda prezidentning “Soliq organlari faoliyatini institutsional jihatdan takomillashtirish va soliq ma’muriyatchiligida zamonaviy yondashuvlarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan.
Farmonga ko‘ra, yangi tashkil etilgan tadbirkorlik sub’yektlariga ularning ixtiyoriga binoan dastlabki olti oy mobaynida soliq va moliyaviy hisobotlarni yuborish xizmati “Soliq-servis” aksiyadorlik jamiyati tomonidan bepul amalga oshiriladi.
Hujjatda soliq xizmatlari sifatini yaxshilash, soliq to‘lovchilarning soliq organlariga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash hamda 2030 yilga qadar Jahon bankining Business ready reytingida soliq yo‘nalishi bo‘yicha birinchi darajaga chiqish asosiy maqsadlardan biri sifatida belgilangan.
Shuningdek, 2026 yil 1 iyuldan tekshiruvdan oldingi tahlil jarayonida aniqlangan tafovutlar bo‘yicha aniqlashtirilgan soliq hisoboti yoki asoslovchi hujjatlarni taqdim etish majburiyati bekor qilinadi.
Bundan tashqari, soliq xavfi o‘rta darajada bo‘lgan soliq to‘lovchilarga aniqlangan xavflar haqida xabarnoma yuborish tizimi joriy etiladi. Agar tadbirkor aniqlangan kamchiliklarni bir oy ichida bartaraf etsa, unga nisbatan soliq tekshiruvi o‘tkazilmaydi.
2026 yil 1 avgustdan esa soliq organlarining mijozlarga yo‘naltirilganlik indeksi joriy qilinib, soliq to‘lovchilarga xizmatlar sifati va qulayligini baholash imkoniyati yaratiladi.