Iqtisodiyot

Yangi Bank’ning litsenziyasi bekor qilindi

Published

on


Markaziy bankka ko‘ra, Yangi Bank ustav kapitali miqdorini belgilangan minimum darajaga yetkazmagan, shuningdek, qonunchilikdagi ayrim talablarni bajarmagan. Bankning 32 526 ta omonatchisidan 31 153 tasiga davlat tomonidan kafolatlangan omonat mablag‘lari to‘liq qaytariladi, 373 ta haqdor esa omonatining 200 mln so‘mdan ortiq qismini qonunchilikda belgilangan tartibda qaytarib olishi mumkin.

O‘zbekiston Markaziy banki Boshqaruvining 15 yanvardagi qarori bilan, “Yangi Bank” AJ faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyasi chaqirib olindi.

“Mazkur qaror bank faoliyatida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilgan choralar yetarli darajada samara bermagani, jumladan, ustav kapitali miqdorini qonunchilikda belgilangan eng kam talablar darajasiga yetkazilmaganligi, shuningdek, banklar va bank faoliyati to‘g‘risidagi qonunchilikda nazarda tutilgan ayrim talablar bajarilmaganligi sababli qabul qilindi”, – deyiladi MB axborotida.

MB qarori bilan, bank faoliyatini belgilangan tartibda tugatish belgilandi va tugatish komissiyasi tayinlandi.

Omonatchilar – 32 mingdan ortiq

“Banklardagi omonatlarni himoya qilish kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, jismoniy va yuridik shaxslarning banklardagi omonatlari davlat tomonidan qonunchilikda belgilangan miqdorda kafolatlanadi. Kafolat doirasidagi kompensatsiya miqdori 2025 yilda 200 mln so‘mgacha pasaytirilgan.

Markaziy bankka ko‘ra, Yangi Bank omonatchilarining kafolatlangan omonatlari bo‘yicha kompensatsiya qonunchilikda belgilangan tartibda va miqdorlarda Omonatlarni kafolatlash agentligi tomonidan to‘lanadi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, jami mavjud 32 526 nafar omonatchining 32 153 tasiga kafolatlangan omonat summalari to‘liq qaytarib beriladi (omonatlar to‘lab berilishi bo‘yicha hisob-kitoblar Omonatlarni kafolatlash agentligi tomonidan e’lon qilinadi), 373 nafar fuqaro bo‘yicha esa kafolatlangan omonat mablag‘laridan qolgan qismi tugatish komissiyasining qaroriga ko‘ra qonunchilikda belgilangan tartibda qaytariladi.

“Ushbu masala Markaziy bankning doimiy e’tiborida bo‘lib, jarayon bosqichma-bosqich kuzatib boriladi va jamoatchilikka muntazam ravishda axborot berib boriladi”, – deyiladi MB axborotida.

Omonat mablag‘lari bo‘yicha kompensatsiya to‘lanishi bo‘yicha batafsil ma’lumotni Omonatlarni kafolatlash agentligining +998-55-550-05-00 raqamli ishonch telefoni orqali olish mumkin.

Yangi Bank haqida

“Yangi Bank” AJ bank litsenziyasini 2023 yil may oyida olgan. Ta’sischisi – “Yangi Group” MChJ, 2020 yil iyunda ro‘yxatga olingan. Bu kompaniyaga 2019 yil noyabr oyida Singapurda ochilgan “Yangi Holding Pte. Ltd.” egalik qiladi.

2026 yil 15 yanvar holatiga, bankning ustav fondi – 200 mlrd so‘m. Qonunchilikka ko‘ra, tijorat banklarining ustav kapitali 2025 yilning 1 yanvaridan e’tiboran 500 mlrd so‘mdan kam bo‘lmasligi talab etiladi.

Yangi Bank va Yangi Group’ning rahbari sifatida Smirnov Timofey Valentinovich ko‘rsatilgan.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version