Sport

Yamal Messiga qarshi. JCh finali intrigalari

Published

on


Bugun tunda Ispaniya va Argentina keyingi to‘rt yillikning eng kuchli jamoasini aniqlaydi.

JCh-2026 finali

Ispaniya – Argentina

20 iyulga o‘tar kechasi, 00.00. New York/New Jersey Stadium (Nyu York)

Shunchaki eng kuchlilar

Bunday afishadagi final jahon chempionatiga ideal darajada mos keladi, chunki bu sayyoraning eng yaxshi ikki jamoasi o‘rtasidagi murosasiz to‘qnashuvdir.

 

Ispaniya – Yevropaning amaldagi chempioni, Argentina – amaldagi jahon chempioni va Amerika kubogi sohibi. Bundan tashqari, aynan shu ikki jamoa hozirda FIFA reytingida eng yuqori ikki o‘rinni egallab turibdi: janubiy amerikaliklar birinchi, yevropaliklar ikkinchi o‘rinda. Bu reyting yuritilishi boshlangan 1992 yildan buyon jahon chempionati finalida uning ikki yetakchisi o‘zaro o‘ynamoqda. Qo‘shimcha intriga – bunga qadar biror marta turnir arafasida reytingda birinchi o‘rinda bo‘lgan jamoa yakunda chempionlikni qo‘lga kiritmagan, shunday ekan, bu oqshom Argentina statistikaga ham qarshi borishiga to‘g‘ri keladi.

Bundan tashqari, tarixda birinchi bor jahon birinchiligining hal qiluvchi o‘yinida ikki qit’a chempionlari to‘qnashadi. Shu yil martida Ispaniya va Argentina Qatarda bitta o‘yindan iborat turnir – Finalissimada o‘zaro kuch sinashishi rejalashtirilgandi. Ammo AQSh va Isroil Eronga qarshi urush boshlagach, bu o‘yin bekor qilingandi. Endi bu ikki jamoa baribir yanada muhimroq sovrin uchun kuch sinashadigan bo‘ldi.

Leo va u cho‘miltirgan Lamin

Argentina finalga chiqishi bilan ijtimoiy tarmoqlarda 2007 yilgi fotosurat virusdek tarqaldi, unda  20 yoshli Lionel Messi tog‘orada Lamin Yamal ism-sharifli chaqaloqni cho‘miltirayotgani aks etgan – o‘shanda u hali yarim yosh ham emasdi. Bu 2008 yilgi xayriya taqvimi uchun olingan real kartinadir.

Tabiiyki, o‘shanda hech kim bu ikki shaxs 19 yil o‘tib jahon chempionati finalida bir-biriga qarshi o‘ynashini tasavvur qila olmasdi. Qolaversa, Yamal va Messi o‘ynayotgan jamoalarning yo‘li shu vaqtgacha kesishmagandi, shunday ekan, bu ularning ilk uchrashuvi bo‘ladi.

Bu dueldagi asosiy intriga fotosuratda ham emas. Leo uchun bu o‘yin katta ehtimol bilan, jahon chempionatlaridagi so‘nggi o‘yin bo‘lib qoladi. Argentinalik futbolchi – hozirgi asrning dastlabki choragida futbolning asosiy ramzlaridan biri. Lamin esa, aksincha, yangi davr yuzlaridan va «Barselona»da Messining vorisi. Pafosli qilib aytganda, buni ikki davr to‘qnashuvi deyish ham mumkin.

Yamalning yangi rekordi

13 iyul kuni Yamal 19 yoshga to‘ldi. U endi tarixdagi eng yosh jahon chempioni bo‘la olmaydi – bu titul 1958 yilgi mundialda 17 yoshda bo‘lgan Peleda qolmoqda. U jahon birinchiliklarida oltin medal qo‘lga kiritgan eng yosh yevropalik ham bo‘la olmaydi – italiyalik Juzeppe Bergomi 1982 yil 18 yoshida chempion bo‘lgandi.

Ammo Yamal yanada yuqoriroq darajadagi maqomga erishishi mumkin – jahon va Yevropa chempionatlarida g‘olib chiqqan eng yosh futbolchi. Ikki yil oldin ushbu vinger Ispaniya milliy jamoasi bilan 17 yoshga kirganini nishonlaganidan bir kun o‘tib qit’a chempionligini ham nishonlagandi, bugun tunda esa u yana bir katta sovrinni qo‘lga kiritishi mumkin. Bungacha hech kim 19 yoshida ham Yevropa va ham jahon chempionatlarida g‘olib bo‘la olmagan.

De la Fuente yoki Skaloni: ulardan biri tarixga kiradi

Ispaniya milliy jamoasi safida ikki yil oldin Yevro g‘olibi bo‘lgan 16 nafar futbolchi bor. Ammo asosiy intriga murabbiylar shtabida. Luis de la Fuente jamoani 2022 yilgi jahon chempionatidan keyin qabul qilib olib, avvaliga qit’a birinchiligida g‘olib bo‘ldi, endi navbat jahon birinchiligiga.

Agar jamoasi bu finalda ham g‘alaba qozonsa, unda de la Fuente Yevropa chempionati va jahon chempionatida g‘olib chiqqan uchinchi murabbiyga aylanadi. Bu borada birinchisi Helmut Shen bo‘lgandi, u bu natijaga GFR termasi bilan erishgan (Yevro-1972, JCh-1974), ikkinchisi esa – ispanlarning sobiq ustozi Visente del Boskedir (JCh-2010, Yevro-2012).

Argentina milliy jamoasi ustozi Lionel Skaloni ham tarixga kirish imkoniga ega. U allaqachon Amerika kubogida ikki bor g‘alaba qozondi, Finalissimada g‘olib chiqdi, eng asosiysi, jahon chempioni bo‘lishga ham ulgurgan. Hozircha o‘z jamoasi bilan ikki bor jahon chempioni bo‘lgan yagona murabbiy – 1934 va 1938 yillarda o‘z vatani jamoasini jahon chempioniga aylantirgan italiyalik Vittorio Potsso bo‘lib qolmoqda. Boshqa so‘z bilan aytganda, Skaloni qariyb bir asrdan buyon hech kim erisha olmayotgan natijaga erishishi mumkin.

17 nafar argentinalikda ikki karra jahon chempioni bo‘lish imkoni bor

Argentina milliy jamoasi tarkibi so‘nggi to‘rt yilda deyarli o‘zgarmadi. Qaydnomadagi 26 futbolchidan 17 nafari Qatardagi mundialda ham jahon chempioni bo‘lgandi. Yakshanba oqshomidagi o‘yinda ular ikki karra jahon chempioni bo‘lish va ikki karra JCh chempioni bo‘lgan futbolchilar ro‘yxatini jiddiy darajada kengaytirish imkoniga ega – hozirda bunday ro‘yxatda 20 kishi bor. Bular asosan brazillar va italyanlardir, ammo u yerda bitta argentinalik – 1978 va 1986 yilgi mundiallarda Argentina milliy jamoasi safida bo‘lgan Daniel Passarella ham bor.

Pele esa uch karra jahon chempioni bo‘lishga muvaffaq bo‘lgan yagona futbolchidir. Ammo agar bu tunda Argentina g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, uning rekordini ham keyingi mundiallarda qaysidir argentinalik takrorlashi mumkin bo‘ladi.

Rodri tarixga kirishi mumkin

Shu vaqtgacha faqat o‘n kishi «Oltin to‘p», jahon chempionati va Chempionlar ligasi/Yevropa chempionlari kubogini qo‘lga kiritgan:

Bobbi Charlton

Gerd Myuller

Frans Bekkenbauer

Paolo Rossi

Zinedin Zidan

Rivaldo

Ronaldinio

Kaka

Lionel Messi

Usmon Dembele

Ko‘rinib turibdiki, bu ro‘yxatda ispanlar yo‘q, shunday ekan, Rodri birinchisi bo‘lishi mumkin. 30 yoshli ushbu yarimhimoyachi 2023 yilda «Manchester Siti» bilan Chempionlar ligasi g‘olibi bo‘lgan, 2024 yilda «Oltin to‘p» uchun kurashda Vinisiusni ortda qoldirgan. Jahon chempionatida ham g‘olib chiqish uning nomini abadiylashtiradi.

Ispaniya rekordga qarab ketmoqda

Yarimfinalda Fransiya ustidan qozonilgan g‘alaba shuni anglatadiki, Ispaniya milliy jamoasi mag‘lubiyatsiz o‘yinlar seriyasini 37 o‘yinga yetkazgan. Luis de la Fuente shogirdlari oxirgi bor 2024 yil 22 mart kuni Kolumbiyaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida yutqazgandi (0:1). O‘tgan yil Millatlar ligasi finalida Portugaliyaga penaltilar seriyasida boy berilgan o‘yin bu o‘rinda mag‘lubiyat deb hisoblanmaydi, chunki o‘yinning asosiy vaqti durang hisob bilan tugagan.

37 o‘yin – 2018 yildan 2021 yilga qadar bo‘lgan oraliqda umuman yutqazmagan Italiya milliy jamoasi rekordini takrorlashdir. Agar jahon chempionati finalida Ispaniya g‘alaba qozonsa yoki o‘yinni penaltilar seriyasigacha olib borsa, unda «Qizil furiya» jahon rekordini yangilaydi.

Kim eng yaxshi to‘purar bo‘ladi?

Bu safargi mundialda to‘purarlar o‘rtasida fantastik poyga kuzatilib, bir vaqtning o‘zida bir necha yulduzlar birinchilik uchun kurash olib borishdi. Uchinchi o‘rin uchun Fransiya va Angliya o‘rtasida kechgan bahsdan (4:6) keyin to‘purarlar ro‘yxati (gol+pas tizimida) quyidagi ko‘rinishda:

Kilian Mbappe (Fransiya) – 10+4 

Lionel Messi (Argentina) – 8+4

Jud Bellinghem (Angliya) – 7+1

Erling Holand (Norvegiya) – 7+0

Usmon Dembele (Fransiya) – 6+2

Harri Keyn (Angliya) – 6+1

Mikel Oyyarsabal (Ispaniya) – 5+1

Gollar soni teng bo‘lib qolgan taqdirda «Oltin butsa» golli uzatmalar soni ko‘p bo‘lgan futbolchiga beriladi. Uchinchi o‘rin uchun kechgan bahsda Mbappe 2 gol urdi va bir golga uzatma berib, poygada yaqqol birinchi o‘ringa chiqib oldi. Hozirda faqat Messi va Oyyarsabalda unga yetib olish uchun nazariy imkoniyat mavjud.

Uni quvib o‘tish uchun Messi finalda yoki het-trik qayd etishi yoki 2 gol va 1 golli uzatma muallifi bo‘lishi talab etiladi. Ispaniyalik hujumchida esa amalda imkoniyat yo‘q: u finalda kamida beshta gol urishiga hech kim ishonmaydi.

Qolaversa, Messi JCh tarixidagi eng yaxshi to‘purar maqomini ham boy bergan: o‘tgan tundagi o‘yindan keyin Mbappe 22 gol bilan birinchi o‘ringa chiqib oldi, Messi undan bitta kam gol urgan.

«Oltin to‘p»ni kim oladi?

Yana bir muhim masala – «Oltin to‘p»ni kim qabul qilishi. Gap har ikki sovrin haqida ketmoqda – jahon chempionatining eng yaxshi futbolchisiga beriladigan va France Football tomonidan har yili topshiriladigan sovrinlar.

E’tiborli jihati, Messi 39 yoshida ham ushbu sovrinlar uchun real da’vogarlik qilmoqda. Yarimfinal o‘yinlaridan keyin argentinalik hujumchi ko‘p versiyalar bo‘yicha favoritga aylandi. Agar Argentina jahon chempioniga aylansa, uni turnirning eng yaxshi futbolchisi sifatida tan olmaslikning imkoni yo‘q. Agar Ispaniya g‘olib bo‘lsa, boshqa variantlar ham paydo bo‘ladi va ko‘p narsa final o‘yiniga bog‘liq.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version