Sport
Yamal gol urdi va sajda qildi, Portugaliyada «Dallas seriali boshlandi»
Shimoliy Amerikada 23-jahon chempionati uchrashuvlari davom etmoqda. Hali 2-tur davom etmoqda va favoritlar haqida gapirishga erta, biroq o‘yin jihatdan kuchli jamoalar ajralishni boshladi. Ispaniya birinchi turdagi sensatsion durangdan keyin ikkinchi turda Saudiyani osongina yengdi. O‘yin taqdiri 14 daqiqa ichida hal bo‘ldi. Oldingi mundialni maktabda tomosha qilgan Yamal gol urishni boshladi.
Ispaniya yana dominantlik qildi
Men JChning asosiy favoriti Ispaniya deyishda davom etaman. Kabo-Verdega qarshi o‘yindan keyin ham bu fikrim o‘zgarmagandi. Axir ispanlar amaldagi Yevropa chempioni. Bunaqa statusdagi jamoa mundialning har qanaqasiga favoriti bo‘ladi. Zamonamizning Visente del Boskesi bo‘layotgan Luis de la Fuente bir necha yillardan buyon o‘z uslubidan – dominant futbol ko‘rsatishdan chekinmaydi. Yevroda bir guruh maktab bolalarini maydonga tushirgan murabbiy kimsan Fransiya bilan o‘yinda ham shunaqa o‘ynagan.
Benazir ispan futbolining to‘pni saqlab turish, tinimsiz kombinatsion o‘yin ko‘rsatishdek mardonavor an’analarini davom ettirayotgan murabbiy brend kouchlar qatoriga kirmas, lekin futbol nuqtai nazaridan u eng yaxshilardan.
Ispaniya Kabo-Verde bilan ham to‘liq dominantlik qilgan, lekin gol ura olmagandi. Saudiya bilan ham shunday o‘yin ko‘rsatdi, ispanlarda o‘yin o‘xshamasa, boshqa uslubga o‘tish degan tushunchaning o‘zi yo‘q. Ular istalgan raqibni o‘z uslubiga moslashtiradi kerak bo‘lsa.
Uslub o‘zgarmadi, lekin murabbiy barcha chiziqlarda o‘zgarishlar qildi. Hujumning ikki qanotini ham o‘zgartirdi: Oyarsabal o‘z o‘rnida qoldi, qanotlarda «vaziyatlar kushandasi» Ferran Torres va nega hujumda o‘ynaganini hech kim tushunmagan Gavi o‘rniga Yamal hamda agressiv Aleks Bayena tushdi. Yarimhimoyada ham Fabian Ruis o‘rnini Dani Olmo egalladi. Qanot himoyasida Liorenteni Pedro Porro almashtirdi.
O‘zgarishlar foyda berdi, hujumda samaraliroq o‘ynagan ispanlar 15 daqiqa ichida uchta gol urib tashlashdi. Yamal mundiallardagi ilk golini urdi, unga Oyarsabal assist berdi, keyin o‘zi ham ikkita gol urdi. Ikkinchi bo‘lim oldidan murabbiy Yamal va Oyarsabalni keyingi o‘yinga asrab, zaxiraga oldi. Axir Urugvayni yengib birinchi o‘rinni olmasa, keyingi bosqichda Argentina tushib qolishi hech gap emas.
Ikkinchi bo‘limda ispanlar bittagina gol urishdi. Kukurelyaning zarbasi raqibga tegib avtogolga aylandi. Shu o‘rinda «Real» prezidenti Florentino Peresga qoyil qolish kerak. Ispaniya mundialga «Real»dan birorta futbolchi olib ketmagandi, lekin ikkinchi turga kelib «Real» futbolchisining zarbasi gol bo‘lmoqda. Peres qo‘yarda qo‘ymay Kukurelyani musobaqa davomida sotib oldi va endi Ispaniyada «Real» futbolchisi bor! Peres, shubhasiz, zamonaviy futbolning dahosi, boshqacha bo‘lishi mumkin emas. Bu holatga sharhlovchi Hasan Turdialiyev ajoyib ta’rif berdi: Ispaniya «Real»dan futbolchi olmadi, lekin «Real» Ispaniyadan futbolchi oldi.
Guruhdagi narigi o‘yinda Vozinya boshchilik Kabo-Verde endi Urugvaydan ochko oldi. Bu gal afrikaliklar 90 daqiqa himoyada o‘ynamadi, o‘ziga xos quvlashmachoqda kimsan ikki karra jahon chempioni Urugvayga yengilmadi – 2:2. Oxirgi turda Saudiya va Kabo-Verde katta ehtimol pley-off yo‘llanmasi uchun kurash olib boradi.
«G» guruhi menimcha, eng zerikarli guruh bo‘lmoqda. «Duranglar guruhi»da Eron bu gal Belgiyaga yutqazmaslikni uddaladi. Beyronvand eng yaxshi futbolchi bo‘lgani kim ustunlik qilganini ko‘rsatib turibdi. Uchinchi tur oldidan ikki ochko yomon emas, lekin faqat durang o‘ynab ham guruhdan chiqish qiyin masala. Esingizda bo‘lsa, 2010 yil Yangi Zelandiya guruhdagi uch o‘yinning barchasida durang o‘ynab, turnirda yutqazmagan yagona jamaoga aylangan, lekin guruhda qolib ketgandi.
Aytgancha, Yangi Zelandiya bu gal ham «duranglar guruhi»da. Birinchi turda zerikarli o‘yin ko‘rsatgan Misr 2-turda Yangi Zelandiyani 3:1 hisobida yengdi. Muhammad Saloh bitta gol urib, bitta golli uzatma qayd etdi. Hozircha uning mundialdagi natijasi 1+2.
Olmoniyada kurd qahramon
Birinchi turda Kyurasao darvozasiga gol uraverib zerikkan Germaniya ikkinchi turda jiddiy qarshilikka uchradi. Amad Dialo boshchilik Kot-d’Ivuar nemislardan ochko olishiga sal qoldi. Birinchi bo‘limda «Barselona» sobiq futbolchisi Frank Kessiye Fil suyagi qirg‘og‘idan kelgan jamoasini oldinga olib chiqdi. Nemislar bir soat davomida afrikaliklar darvozasiga yo‘l topa olmadi.
60-daqiqada turkiyalik kurdlardan bo‘lgan «Shtutgart» hujumchisi Deniz Undav maydonga tushgach, barchasi o‘zgardi. 68-daqiqada Undav hisobni tenglashtirdi. Unga afg‘onistonlik muhojirlar farzandi bo‘lgan Nadim Amiri golli uzatma berdi. 90+4-daqiqada Undav g‘alaba golini urdi. Bu g‘alabadan keyin nemislar pley-off yo‘llanmasini naqd qildi.
Guruhdagi ikkinchi o‘yinda Kyurasao Ekvadordan ochko oldi. Bu o‘yinda Kyurasaoning 37 yoshli posboni Eloy Rom 15 ta seyv qilib, qahramon bo‘ldi. Bu bir o‘yinda qayd etilgan seyvlar soni bo‘yicha ham mundiallar rekordi bo‘ldi. 40 yoshli Vozinya barcha qari darvozabonlarni ilhomlantirib yuborgan ko‘rinadi. Nesterov o‘ynayotgan bo‘lsa, biz ham olib ketgan bo‘lardik.
Kechagi kunning oxirgi o‘yinida Yaponiya Tunis darvozasiga javobsiz 4 ta gol urdi. Qit’adoshlarimiz guruhdan chiqish masalasini deyarli hal qildi. Yaponlar bilan birinchi turda durang qayd etgan Niderlandiya sardori Virjil van Deyk yaponlarga to‘g‘ri baho berish kerakligini aytdi. Uning fikricha, osiyoliklar bilan durangdan keyin jamoani jiddiy tanqid qilish to‘g‘ri emas, chunki Yaponiya jahon darajasidagi jamoa.
Van Deyk boschilik niderlandiyaliklar ikkinchi turda Shvetsiyani 5:1 hisobida yengdi. Shvedlar birinchi turda Tunisni xuddi shunday hisobda yenggandi. Bu guruhda Tunisdan boshqacha barchada keyingi bosqichga chiqish imkoniyati saqlanib qoldi.
Vini hozircha eng zo‘r
Birinchi turda kutilmaganda Marokashni yenga olmagan Braziliya ikkinchi turda Haitini yirik hisobda mag‘lub etdi. Mag‘ribliklarga qarshi qiyin o‘yinda Vinisius Junior chiroyli gol urib, Braziliyaga ochko keltirgandi. Ikkinchi o‘yinda ham Vini Braziliyaning yangi yetakchisi ekanini isbotladi. Mateus Kunyaning ikki goliga assistentlik qildi, keyin o‘zi ham gol urdi. Vini hozircha mundialning eng yaxshi futbolchisi bo‘lib turibdi, chunki biror futbolchi ikki o‘yinda ham bunday yorqin futbol ko‘rsatmadi.
Vini eng yaxshi holatida bo‘lsa, Rafinyaning jarohat olgani ham, Neymar jahon chempionatiga olib kelingani ham sezilmaydi. Axir Braziliyani bu futbolchidan maksimal foydalanishni biladigan Karlo Anchelotti boshqarmoqda. Papa Karlo bor ekan, futbolchilar favqulodda xotirjam tortib qolishadi. Chunki maydonda ishlari o‘xshamasa, maydon chetidagi bobolari, albatta, nimadir qilishini bilishadi. Bunday sovuqqon murabbiy bilan Braziliya chinakam qo‘rqinchli tus olmoqda. Men Vini va jamoasidan bu mundialda ko‘p narsa kutyapman.
Portugaliyada mojaro
Portugaliya milliy jamoasida O‘zbekistonga qarshi o‘yin oldida oddiy bir feyk sabab «Dallas seriali boshlandi». Tarmoqda Joao Neveshning dugonasi ekani aytilgan qizning go‘yoki muxlis bilan yozishmasi virus kabi tarqaldi. Muxlis unga «Yigitingga ayt, to‘pni Ronalduga oshirsin!» degan, qiz esa «Ronaldungga ayt, faoliyatini yakunlasin!» degan go‘yoki qiz. Aslida bu yozishma umuman bo‘lmagan, shunchaki feyk, lekin ko‘pchilik bunga ishonib Nevesh va uning dugonasiga hujum qilishga kirishdi.
Bu feyk ekanidan bexabar Ronalduning xotini Jorjinya Rodriges «Vau, yangi avlod ajoyib», deb munosabat bildirdi. Ronalduning argentinalik xotini bu posti bilan «yong‘inga moy sepdi», endi ko‘pchilik bu aslida feyk ekani bilan qiziqib ham o‘tirmay, bechora Neveshga yopishib ketdi.
Xullas, «dushman lageri»da ana shunaqa gaplar. Portugallar xotinlarning dedi-dedisi bilan ovora bo‘lib turganda, biz ularni jimgina yutib olishimiz kerak…