Jamiyat
«Yalla» nomli bolalar ansambli tashkil etiladi
«O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti Farruh Zokirov ijodini keng targ‘ib qilish hamda yosh avlodga munosib yetkazish to‘g‘risida»gi prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, Toshkent shahri Yashnobod tumanidagi 7-sonli bolalar musiqa va san’at maktabiga Farruh Zokirov nomi beriladi.
Maktabda:
– «Yalla» nomidagi bolalar ansambli faoliyati tashkil etiladi;
– Yoshlar ijodiy laboratoriyasi hamda «ustoz-shogird» an’analari asosida estrada yo‘nalishi bo‘yicha ijrochilik mahorat maktabi tashkil etiladi;
– Maktabning ustoz-ijodkorlari Davlat budjeti hisobidan har oyda mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 5 baravari miqdorida rag‘batlantiriladi;
Yoshlar ijodiy laboratoriyasi doirasida:
– 2026/2027 o‘quv yilidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan 3 nafardan bolalar musiqa va san’at maktabining iqtidorli o‘quvchilaridan iborat guruh shakllantirilib boriladi hamda ta’til davrida yozgi to‘garakka jalb etilib, estrada xonandaligi bo‘yicha maxsus bepul kurslarda o‘qitiladi;
– 2026/2027 o‘quv yiligacha zamonaviy ovoz yozish va tasvirga olish studiyasi tashkil etiladi hamda u sahna jihoz va liboslari bilan ta’minlanadi;
– Maktab va yozgi to‘garakka jalb qilingan o‘quvchilarning ijod namunalari televideniye va xalqaro onlayn platformalarda namoyish etib boriladi.