Mahalliy
Xususiy maktablar, erkak o‘qituvchilar soni: O‘zbekiston umumta’limi raqamlarda
2025/2026-o‘quv yili boshiga kelib O‘zbekistonda jami 11 ming 118 ta umumiy o‘rta ta’lim muassasasi faoliyat yuritmoqda. Bu ko‘rsatkich o‘tgan o‘quv yiliga nisbatan 175 taga, ya’ni 1,6 foizga oshgan.
So‘nggi besh yillik dinamika maktablar soni izchil o‘sib borayotganini ko‘rsatadi:
2021/2022-yilda 10 ming 289 ta;
2022/2023-yilda 10 ming 522 ta;
2023/2024-yilda 10 ming 750 ta;
2024/2025-yilda 10 ming 943 ta.
Shu bilan birga, nodavlat ta’lim muassasalari soni jadal o‘smoqda. Agar 2021/2022-o‘quv yilida 135 ta xususiy maktab bo‘lgan bo‘lsa, 2025/2026-yilga kelib ular soni 551 taga yetgan. Faqat so‘nggi bir yildayoq 96 taga ko‘payib, 21,1 foizlik o‘sish qayd etilgan.
Hududlar kesimida
Eng ko‘p maktablar Samarqand (1 ming 350 ta), Qashqadaryo (1 ming 294 ta) va Farg‘ona (1 ming 119 ta) viloyatlariga to‘g‘ri keladi. Eng past ko‘rsatkichlar Sirdaryo (345 ta), Navoiy (387 ta) va Toshkent shahrida (503 ta) qayd etilgan.
Nodavlat maktablar bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahrida — 145 ta. Keyingi o‘rinlarda Farg‘ona (121 ta) va Samarqand (43 ta) viloyatlari turadi. Eng kam xususiy maktablar Surxondaryo va Navoiyda (5 tadan), shuningdek Qoraqalpog‘istonda (10 ta) qayd etilgan.
O‘qituvchilar
O‘qituvchilar soni 577 ming 700 nafarni tashkil etib, bir yilda 12 ming 800 nafarga (2,3 foiz) oshgan. Ulardan 418 ming 800 nafari ayollar (72,5 foiz), 158 ming 900 nafari erkaklar (27,5 foiz). E’tiborlisi, ayol o‘qituvchilar soni 17 ming 500 nafarga oshgan bo‘lsa, erkaklar soni 4 ming 700 nafarga kamaygan.
O‘qituvchilar eng ko‘p Samarqand va Qashqadaryoda (har biri 65 ming 100 nafar), shuningdek Farg‘onada (60 ming 600 nafar). Eng kam ko‘rsatkich Sirdaryo (14 ming 200 nafar), Navoiy (22 ming 300 nafar) va Jizzax (25 ming 700 nafar)da kuzatilgan. Toshkent shahrida ayol o‘qituvchilar ulushi 85,9 foiz bilan eng yuqori, Jizzaxda esa 58,8 foiz bilan eng past.
O‘quvchilar
2025/2026-o‘quv yili boshiga o‘quvchilar soni 6 mln 870 ming 500 nafarni tashkil etgan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 94 ming 200 nafarga, ya’ni 1,4 foizga ko‘p. Jami o‘quvchilarning 48,8 foizi qizlar, 51,2 foizi o‘g‘il bolalar.
Eng ko‘p o‘quvchilar Samarqandda — 814 ming 200 nafar, Farg‘onada — 733 ming 400 nafar, Qashqadaryoda — 688 ming 100 nafar. Eng past ko‘rsatkichlar Sirdaryo (165 ming 100 nafar), Navoiy (195 ming 700 nafar) va Jizzax (284 ming 600 nafar)da.
Birinchi sinfga qabul qilinganlar soni 725 ming 300 nafarga yetgan bo‘lib, bu 46 ming 400 nafarga (6,8 foiz) ko‘p. Shu bilan birga, 2025-yilda 9-sinf bitiruvchilari 506 ming 100 nafarni tashkil etib, 2,7 foizga kamaygan, 11-sinf bitiruvchilari esa 452 ming 500 nafarga yetib, 11,5 foizga oshgan.